Jahon | 07:41 / 19.10.2022
11811
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh zaxirasida saqlab turgan 15 million barrel neftni sotadi

AQSh Energetika vazirligi dekabr oyida strategik neft zaxirasidan 15 million barrel neftni bozorga yetkazib beradi, deb xabar qildi Oq uy.

Foto: Reuters

AQSh Energetika vazirligi dekabr oyida bozorga chiqariladigan mamlakatning strategik neft zaxirasidan (SPR) 15 million barrelini sotish to‘g‘risida bildirishnoma e’lon qiladi. Bu haqda 18 oktyabr, seshanba kuni Oq uy matbuot xizmati xabar berdi. AFP agentligining xabar berishicha, AQSh prezidenti Jo Bayden 19 oktyabr kuni tegishli bayonot bilan chiqadi.

«Sotish prezident tomonidan bahorda e’lon qilingan, xom neft bozorlarini barqarorlashtirish va yonilg‘i quyish shoxobchalari narxlarini pasaytirishga yordam bergan tarixiy 180 million barrellik zaxiralarni qisqartirishni yakunlaydi», deb xabar berdi Oq uy.

Amerika rahbari, shuningdek, Energetika vazirligini Rossiyaning jahon bozorlarini buzish harakatlari yoki boshqa omillar tufayli zarurat yuzaga keladigan bo‘lsa, joriy qishda SPR hajmidan qo‘shimcha sotuvlarga tayyor turishga chaqiradi.

Hozirgi neft savdosi OPEK+ mamlakatlari tomonidan e’lon qilingan so‘nggi ishlab chiqarishni qisqartirishga javob bo‘ladi.

Rossiyani o‘z ichiga olgan OPEK+ tashkilotining neft eksport qiluvchi davlatlari, yuqori energiya narxlari tufayli yuzaga kelgan xavotirlarga qaramay, hech bo‘lmaganda narxlarni barqarorlashtirish uchun neft qazib olishni kamaytirishga qaror qildi. Noyabr oyidan boshlab OPEK+ a’zosi bo‘lgan 23 mamlakat ishlab chiqarishni kuniga ikki million barrelga qisqartiradi, deb xabar qildi tashkilotning Venadagi bosh qarorgohi 5 oktyabrda.

Bu uzoq vaqt davomida neft qazib olishning eng katta qisqarishidir. Global retsessiya tahdidi fonida neft narxi iyun oyidan beri 30 foizga tushib, bir barrel uchun 120 dollardan 90 dollarga pasaydi. Jo Bayden ma’muriyati OPEK+'ga neft qazib olishni qisqartirishdan voz kechish uchun bosim o‘tkazmoqda, ammo bu hech qanday natija bermadi. Bayden neft eksport qiluvchi mamlakatlarning qaroridan hafsalasi pir bo‘lganini bildirib, buni «uzoqni ko‘ra bilmaslik» deb atadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid