O‘zbekiston | 11:43 / 19.10.2022
3790
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi o‘tkaziladi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Istanbul shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) tashqi ishlar vazirlari navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etdi.

Foto: Qozog‘iston prezidentining matbuot xizmati

Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro kun tartibi hamda tashkilot doirasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi. 2022 yil 11 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan TDT sammitida imzolash uchun taqdim etiladigan hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi.

Kuchayib borayotgan xavf-xatar va tahdidlarni yengish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida strategik masalalar yuzasidan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligiga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri tomonidan TDT Samarqand sammitiga tayyorgarlik jarayoni haqida ma’lumot berildi. Bo‘lajak tadbir ushbu tuzilma 2021 yilda Turkiy kengashdan Turkiy davlatlar tashkilotiga o‘zgartirilgandan keyin bo‘lib o‘tadigan birinchi sammit hisoblanadi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha TDTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari navbatdagi yig‘ilishini 2022 yil 10 noyabr kuni Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid