O‘zbekiston | 10:03 / 20.10.2022
19840
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi dahshatli YTH sodir bo‘lgan hudud: tungi chiroqlar hamon muammosiz yonmayapti

13 oktyabr kuni Samarqand shahrida «Lasetti» yo‘lni ajratib turuvchi temir to‘siqqa urilib, uning ichida bo‘lgan besh kishi vafot etgandi. Temir to‘siq qurilishi nima sababdan to‘xtab qolgani yoki tungi yoritkichlar ishlamayotgani turli savollarni yuzaga keltirdi.

Kun.uz muxbiri M-37A Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi aylanma avtomobil yo‘lini qurayotgan pudratchi tashkilot bo‘lmish «Bog‘ishamol yo‘llardan muntazam foydalanish» unitar korxonasi mas’ullaridan holat bo‘yicha izoh oldi.

 

Biz bilan suhbatda korxona direktor o‘rinbosari Jasur Xolmurodov Samarqand viloyati hokimligining 2021 yil 1 apreldagi yig‘ilish bayoni bilan M-37A yo‘lining 33-41 kilometr qismini ta’mirlash bo‘yicha shartnoma qilinganini bildirdi. Ushbu hudud ham Shanhay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti o‘tkazilishi munosabati bilan tanlangan obekt hisoblanib, tender o‘tkazilmagan. Bayonnomaga asosan pudratchiga berilgan.

«Bog‘ishamol yo‘llardan muntazam foydalanish» unitar korxonasi faoliyati asosan yo‘l qurilishiga ixtisoslashgani uchun temir to‘siqlarni qurishda subpudratchi sifatida «BEKTEMIR METALL KONSTRUKSIYALARI» MChJ bilan shartnoma qilgan. Temir to‘siqlar bo‘yicha boshqa raqobatchi korxona bo‘lmagani sababli to‘g‘ridan to‘g‘ri shu korxonaga murojaat qilingan.

 

Xolmurodovning aytishicha, «BEKTEMIR METALL KONSTRUKSIYALARI» MChJda uchta maxsus texnika bo‘lib, ularning ikkitasi buzilgan va to‘siqlarni o‘rnatish bir muddatga to‘xtab qolgan. Yo‘lning boshlanish va tugallanish qismidan to‘siqlar o‘rnatib kelingan va o‘rtada qariyb 700-800 metr masofa ochiq qolgan. Xuddi mana shu hududda esa dahshatli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

To‘siqlarni o‘rnatish 17 oktyabrdan yana davom ettirilgan.

Pudratchi korxona mas’uli tungi yoritkichlarning vaqti-vaqti bilan o‘chib-yonayotganiga ham izoh berdi. Hozircha mazkur yoritkichlar ham ularning ixtiyorida bo‘lib, hali to‘liq qabul qilib olinmagan. Yoritkichlarning elektr energiyasi «Bog‘ishamol yo‘llardan muntazam foydalanish» UK tomonidan to‘lanmoqda. Yoritkichlar sinov muddatida bo‘lgani uchun tez-tez uzilishlar bo‘lyapti, deya tushuntirish berdi u. 

Xolmurodov bu hudud qurilish maydoni ekani, yo‘l joriy yilning 31 dekabriga qadar to‘liq topshirilishini inobatga olib, 40-50 tezlikda harakatlanish uchun yo‘l belgilari qo‘yilganini aytmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, avariya sodir bo‘lgan kunda ham bu belgilar mavjud bo‘lgan.

Mavzuga oid