Jamiyat | 22:49 / 21.10.2022
11692
2 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiy sudlar tomonidan tadbirkorlarning 3,2 trln mablag‘i undirib berildi – Oliy sud

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yilning uchta choragida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarini huquqiy himoya qilishga oid 38 776 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqilgan hamda ular foydasiga 3,2 trln so‘m miqdorida mablag‘ undirib berilgan.

Oliy sud axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2022 yilning 9 oyi davomida iqtisodiy sudlar tomonidan birinchi instansiyada 173 640 ta ish ko‘rib chiqilgan. Da’vogarlar foydasiga 12,8 trln so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan.

O‘tgan davrda eng ko‘p iqtisodiy ishlar Toshkent shahar, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Farg‘ona va Namangan viloyatlari iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib, hal etilgan.

Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish, korxonalarning bankrotligiga oid ishlar hamda mahsulot yetkazib berish, kredit, kontraktatsiya, kommunal xizmat ko‘rsatish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar tashkil etgan.

Apellyatsiya tartibida 4 842 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqilgan. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 804 ta qaror bekor qilinib, 442 ta sud qarori o‘zgartirilgan.

Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan kassatsiya tartibida 1 052 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqilgan. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 322 ta qaror bekor qilinib, 48 ta sud qarori o‘zgartirilgan.

Shuningdek, kassatsiya instansiyasida 39 ta iqtisodiy ish takroran ko‘rib chiqilgan. 33 ta qaror bekor qilinib, 3 ta qaror o‘zgartirilgan.

Qayd etilishicha, iqtisodiy sudlar tomonidan hal etilgan ishlarning 3 259 tasi video-konferens-aloqa rejimida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, natijada taraflarning 2,3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lari tejab qolingan.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid