Jahon | 13:36 / 21.10.2022
10344
4 daqiqa o‘qiladi

ISW: Rossiyaning Belarusdan Ukrainaga hujum qilishi xavfi past

Urushni o‘rganish instituti Belarusdan Ukraina shimoliga hujum qilish xavfi unchalik katta emas, deb hisoblayapti. Rossiya tomoni Baxmut hududidagi olg‘a siljish haqidagi ma’lumotlarni soxtalashtirishda davom etayotgan bo‘lishi mumkin, deya ta’kidlaydi ISW.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, brigada generali Aleksey Gromovning 20 oktyabr, payshanba kuni bergan ogohlantirishiga qaramay, Rossiyaning Belarusdan Ukraina shimoliga hujum qilish xavfi pastligicha qolmoqda. Bu haqda Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) so‘nggi hisobotida aytiladi. Gromovning ta’kidlashicha, bunday tahdid ehtimoli ortib bormoqda va rus qo‘shinlari G‘arb hamkor mamlakatlardan ta’minot liniyalarini buzish uchun Ukraina shimoli-g‘arbiy qismiga hujum qilishi mumkin. 

Rossiya kuchlari g‘arbdan quruqlikda hujum qilish orqali Ukraina ta’minot liniyalari oqimiga hatto aralashish imkoniga ega emasligini hisobga olsak, yaqin oylarda voqealarning bunday rivojlanish ehtimoli yo‘q, deydi amerikalik tahlilchilar. 

Sharqdan g‘arbga eng yaqin Ukraina temiryo‘l liniyasi Belarus chegarasidan 30 km uzoqlikda joylashgan. Shu bilan birga, Ukraina va Belarus shimolidagi Pripyat botqoqlari Volin va Rovne oblastlarida xalqaro chegara orqali urushni o‘ta qiyinlashtiradi, deb hisoblaydi ekspertlar. 

Bundan tashqari, Ukraina avtomobil va temiryo‘l tarmoqlari orqali Polsha, Ruminiya, Slovakiya va Vengriya bilan yetarli darajada o‘zaro aloqa yo‘llariga ega. Shu munosabat bilan, Rossiyaning Belarusdan takroran bostirib kirishi Ukraina logistika liniyalariga jiddiy putur yetkaza olmaydi. Hozirda RF Qurolli kuchlari sezilarli darajada zaiflashgan, deya ta’kidlaydi ISW. 

Shu bilan birga, 20 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Ukraina shimolidagi qo‘shinlarni to‘sib qo‘yish hamda ularning janubiy va sharqiy hududlarda faol harbiy amaliyotlar zonasiga joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Belarus chegarada kuchni to‘plashi mumkinligini tasdiqladi, deydi tahlilchilar. 

Boshqa yo‘nalishlardagi dinamikani sharhlar ekan, Urushni o‘rganish instituti xodimlari, xususan, Rossiya, aftidan, Kaxovka GESga «soxta bayroq» bilan amalga oshiriladigan hujumga tayyorgarlik ko‘rishda davom etayotganini ta’kidladi. 

Mutaxassislarning yozishicha, Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina hujumini kutib Dniproning g‘arbiy qirg‘og‘idan harbiylar va okkupatsion kuchlarni olib chiqish uchun shart-sharoit yaratmoqda. 

Oq uy 20 oktyabr kuni Eron harbiylari Ukraina fuqarolik infratuzilmalariga uchuvchisiz uchoqlardan hujumlar uyushtirishda yordam berish uchun Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrimda ekanini tasdiqladi. Tehron yangi xalqaro sanksiyalarga qaramay, Rossiya kuchlariga harbiy yordam ko‘rsatmoqda, sababi Moskva yordamida AQSh boshchiligidagi dunyo tartibini yo‘q qilmoqchi, deydi Urushni o‘rganish instituti. 

ISW ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tomoni Ukraina shimoli-sharqida va janubida davom etayotgan yo‘qotishlar fonida kamida bitta sektorda muvaffaqiyatga erishish uchun Baxmut mintaqasidagi oldinga siljish haqidagi ma’lumotlarni soxtalashtirishda davom etayotgan bo‘lishi mumkin. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Rossiya hukumati va Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy-ma’muriy muvaffaqiyatsizliklar uchun bir-birini ayblashda davom etmoqda. 

Avvalroq Yevroparlament Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoni Ukrainadagi urushda sherik, deb hisoblagan edi. Yevropa deputatlari Lukashenko rejimiga qarshi yangi qattiq sanksiyalar paketini tayyorlashga chaqirishdi va agar Belarus hukumati Ukrainaga bostirib kirishni boshlasa, uni darhol kuchga kiritishga tayyor. Ushbu chora-tadbirlar Lukashenkoning Belarusga ittifoq qo‘shinlarining mintaqaviy guruhini joylashtirish va Belarus Qurolli kuchlarining jangovar tayyorgarligini tekshirish to‘g‘risidagi so‘nggi bayonotlari fonida e’lon qilindi. 

Mavzuga oid