Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Ukraina xalqiga o‘z hududlari okkupatsiya qilinishiga hech qachon rozi bo‘lmaslikni maslahat berdi. Shushadagi mediaforumda ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon undan Ukrainaga hamda Putinga qanday maslahatlar berishi haqida so‘ragan.

«Ukrain xalqi ham, Ukraina hukumati ham mening maslahatimga muhtoj emas, deb o‘ylayman. Ammo men yana bir bor takrorlamoqchiman: hech qachon okkupatsiyaga rozi bo‘lmang. Va Ukraina ham shunday qilmoqda. U okkupatsiyaga rozi emas.

Yil davomida murakkab pallalar bo‘ldi, ma’lum doiralarning okkupatsiyani mustahkamlashga qaratilgan bosimiga guvoh bo‘ldik, bu haqda eshitdik. Ammo Ukraina xalqi ham, uning rahbarlari ham bunga rozi bo‘lmadi», – degan Aliyev.

Shundan keyin u savolning ikkinchi qismiga o‘tgan.

«Qarshi tomonga maslahat berishga kelsak, mendan so‘rashsa, albatta, maslahat beraman. Ammo hozir, o‘ylaymanki, sizning savolingiz doirasida bunday maslahat berish unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Lekin vaziyatni va harbiy harakatlarni davom ettirish istiqbollari bo‘yicha munosabatimga kelsak, menimcha, u siznikidan unchalik farq qilmaydi. O‘ylaymanki, allaqachon bu urush to‘xtatilishi kerakligini tushunish kerak edi... Bu Ozarbayjonning pozitsiyasi, mening pozitsiyam, sof insoniy pozitsiyam. Okkupatsiya qilingan va okkupatsiyadan ozod bo‘lgan mamlakatni boshqargan va boshqarayotgan odamning pozitsiyasi. Menimcha, bunday tajriba tarixda juda kam uchraydi, chunki bu tajribada ham okkupatsiya, ham qo‘pol qilib aytganda, Qorabog‘ni berishga rozi bo‘lishga majburlashga urinish bor.

...lekin bu maqsadga erishilmadi, chunki xalq irodasini sindirib bo‘lmaydi. Mustaqillikka, o‘zligini saqlab qolishga intilayotgan xalqni yengib bo‘lmaydi, qul qilib bo‘lmaydi, majburlab bo‘lmaydi. Bugungi kunda ham harbiy harakatlarni davom ettirish tarafdori bo‘lganlar bu tushunchani anglab yetishi kerak», – degan Aliyev.

U Ozarboyjon doim Ukrainaning hududiy yaxlitligini, uning suverenitetini, chegaralarining daxlsizligini qo‘llab-quvvatlagani, bu pozitsiya hozir ham o‘zgarmagani va bundan keyin ham o‘zgarmasligini ta’kidlagan.

«Prezident Zelenskiyning pozitsiyasi menga ma’lum, aprel oyidagi tashrif vaqtida biz u bilan bu mavzuda batafsil suhbatlashdik. Uning pozitsiyasi – harbiy harakatlarni to‘qnashuv chizig‘ida darhol to‘xtatish. Bu taklif qay darajada dolzarb ekanini bilmayman, lekin har holda u pozitsiyasini o‘zgartirganini aytmagan.