Chelsi – Manchester Yunayted 1:1
Gollar: 1:0 – 87, penalti Jorjino, 1:1 – 90+4 Kazemiro.
Chelsi – Arrisabalaga, Aspilikueta, Tiago Silva, Kukurelya (Kovachich, 36), Chaloba, Chiluell, Jorjino, Loftus-Chik (Chukvuemeka, 79), Maunt, Obameyang (Pulishich, 74), Sterling (Broya, 79).
Manchester Yunayted – De Xea, Diogu Dalot, Varan (Lindelef, 60), Martines, Shou, Eriksen (Maktomini, 80), Kazemiro, Brunu Fernandesh, Reshford (Elanga, 81), Sancho (Fred, 52), Antoni.
Ogohlantirishlar: Antoni (32), Fred (86), Shou (90), Jorjino (90), Martines (90).

«Manchester Yunayted» shusiz ham doim diqqat markazida turadi, so‘nggi kunlarda esa klub gazetalarning bosh muqovalarini egalladi. To‘g‘ri, qiziqish avj olishi «Tottenhem» ustidan qozonilgan g‘alaba tufayli emas, Krishtianu Ronaldu atrofidagi yangi mojaro tufayli bo‘ldi. Portugaliyalik yulduz londonliklarga qarshi o‘yinning qo‘shimcha daqiqalari boshlanganida «Old Trafford»ni tark etdi va aynan shu so‘nggi kunlardagi asosiy muhokama mavzusiga aylandi.

Erik ten Hag Ronaldu haqidagi savollarga javob berishdan charchadi. Angliyada, ma’lumki, o‘yindan keyin murabbiylar bir necha nashrlar uchun eksklyuziv intervyu berishi majburiy, shu tufayli niderlandiyalik mutaxassis bitta fikrni turlicha so‘zlarda ifodalab javob qaytarishiga to‘g‘ri keldi.

Tabiiyki, «Chelsi» bilan o‘yin oldidan ham bu mavzu «qaynoq»ligicha qoldi. Qolaversa, bu vaqtga kelib tafsilotlar ma’lum bo‘lib ulgurgandi: unga ko‘ra, Ronaldu so‘nggi daqiqalarda zaxiradan maydonga tushishdan bosh tortgan, natijada asosiy tarkib mashg‘ulotlaridan chetlatilgan. Shu tufayli Krishtianu «Chelsi» bilan o‘yin qaydnomasiga ham kiritilmadi. Shu bilan birga, tosmonlar yarashish tarafdori ekanini ko‘rsatishdi. Ten Hag bu yulduzdan voz kechmoqchi emasligi va mavsum oxiriga qadar undan foydalanmoqchi ekanini aytdi, Ronaldu esa (yoki uning SMM-menejyeri) ijtimoiy tarmoqda jamoa bilan tushgan suratini joyladi va shunday izoh qoldirdi: «Olg‘a, «Manchester Yunayted».

Potterning transformatsiyasi

Krishtianuga «MYu»siz oson bo‘ldi deyish qiyin. Ammo translatsiya rejissyorlariga oson bo‘lgani aniq: odatda ular har daqiqada zaxirada o‘tirgan Ronalduni ko‘rsatishardi, bu safar esa barcha e’tibor maydonga qaratildi. Lekin o‘yini tomoshabop bo‘ldi deb  bo‘lmasdi — bu ko‘p jihatdan murabbiylar tufayli.