Angliya: Holandning rekordi

«Fulhem» – «Manchester Siti» 4:5
Gollar: Holand, 17 (0:1). Reynders, 37 (0:2). Foden, 44 (0:3). Smit-Rou, 45+2 (1:3). Foden, 48 (1:4). Berge, 54 – avtogol (1:5). Ivobi, 57 (2:5). Chukvueze, 72 (3:5). Chukvueze, 78 (4:5)
«Fulhem»: Leno, Bassi, Andersen, Sessenon, Tete (Kastan, 46), Berge, Lukich (Chukvueze, 46), Smit-Rou (King, 74), Ivobi, Uilson (Kevin, 82), Ximenes (Kusi-Asare, 73)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli, Mateus Nunes, Gonsales (Stouns, 64), Bernardu Silva, Reynders (Sherki, 82), Doku (Savio, 64), Foden (Ake, 90+7), Holand
Ogohlantirish: Sherki, 90

Angliya chempionatida ancha vaqtgacha muxlislar yodidan chiqmaydigan noyob o‘yin bo‘lib o‘tdi. Avvaliga «Fulhem» va «Manchester Siti» uchrashuvi Erling Holandning rekordi bilan yodda qoladigandek tasavvur uyg‘ongandi.

O‘zi uchun noodatiy tarzda qatorasiga uch o‘yinda gol urolmagan Holand o‘yin debyutidayoq noxush seriyasiga barham berishi mumkin edi, ammo u Fodenning uzatmasidan keyin darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, darvoza ustunini poyladi. Faqat bo‘lim o‘rtalariga yaqinlashgandagina u o‘z maqsadiga erishdi – Dokuning qanotdan uzatmasidan keyin Erling darvozani o‘qqa tutdi.

Bu norvegiyalik hujumchining APLdagi 100-goli bo‘ldi va u bu natijaga barchadan tezroq erishdi. Unga buncha gol uchun 111 uchrashuv yetarli bo‘ldi. Bundan oldingi rekord 100 gol uchun 124 o‘yin sarflagan Alan Shirerga tegishli bo‘lgandi.

Holand birinchi bo‘limda Reynders va Fodenning gollariga assistentlik ham qildi, o‘yinning 54-daqiqasiga kelib esa hisob 1:5 ko‘rinishini oldi.

Shundan keyin Xosep Gvardiola shogirdlari xotirjamlikka berilishdi, mezbonlar esa yana uchta javob golini urishdi. Zaxiradan o‘yinga tushirilgan Samu Chukveze dubl qayd etib, 78-daqiqada hisobni 4:5 ko‘rinishiga keltirdi. Natijada o‘yinning qolgan qismi «shaharliklar» uchun o‘ta asabiy tus oldi.

«Fulhem»ning uchinchi goli uch yarim daqiqa davomida VAR orqali tekshirilgani tufayli hakam ikkinchi bo‘limga sakkiz daqiqa qo‘shib berdi. Va aynan 90+8-daqiqada o‘yin taqdiri hal bo‘ldi. Mezbonlar vingeri Kevin chap qanotdan jarima maydoniga kirib borib, bir necha metr masofadan zarba yo‘lladi, Donnarumma to‘pni o‘tkazib yubordi, ammo Gvardiol to‘pni chiziq oldidan qaytarib yubordi va jamoasi g‘alabasini saqlab qoldi.