O‘zbekiston | 12:44 / 24.10.2022
2854
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat ulushi 50 foiz bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari binolaridan foydalanish tartibi o‘zgaradi

Vazirlar Mahkamasining “Davlat tashkilotlari, muassasalari va korxonalari hamda ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari ma’muriy binolaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qaror loyihasi bilan shaharlar, tuman markazlari hamda Toshkent shaharida joylashgan vazirlik va idoralar hamda ular tashkilot va korxonalariga tegishli ma’muriy binolar ro‘yxati, ma’muriy binolarga xodimlarni joylashtirish me’yorlari tasdiqlanadi.

Qaror loyihasiga muvofiq quyidagilar belgilanmoqda:

  • vazirlik va idoralar tashkilot (korxona) faoliyati va xodimlar ish sharoitlariga ta’sir qilmagan holda ma’muriy binolar yerto‘lasi, birinchi qavati, yuqori qavati va tom qismi to‘liq bo‘shatilishini;
  • xo‘jalik jamiyatlari 28 ta shahar, barcha tuman markazlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ma’muriy binolarini xatlovdan o‘tkazib, yerto‘lasi, birinchi qavati, yuqori qavati va tom qismlarini belgilangan tartibda umumiy ovqatlanish, savdo va servis obektlarini tashkil etish uchun ijaraga berilishini vakolatli boshqaruv organlari yig‘ilishida ko‘rib chiqilishini tashkillashtirish;
  • ma’muriy binolarni qurish hamda xodimlar faoliyatiga ta’sir qilmagan holda joylashish tartibini belgilash bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish;
  • xorijiy davlatlar tajribasi va zamon talablariga mos keladigan OPEN SPACE tartibi asosida shaharsozlik normalari va qoidalari hamda qurilish me’yorlari va qoidalari doirasida binolarni qurish talablarini tasdiqlash loyihasini ishlab chiqish;
  • tasdiqlangan me’yorlardan kelib chiqilgan holda davlat muassasalari va korxonalarini joylashtirish bo‘yicha mustaqil qarorlar qabul qilish. Bunda, Moliya vazirligiga qabul qilgan qarori davlat muassasalari va korxonalari tomonidan bajarilmagan taqdirda ular ma’muriy binolari saqlash xarajatlarini moliyalashtirish ishlarini to‘xtatish haqida taqdimnoma kiritish;
  • davlat organlari, muassasalari va korxonalari ma’muriy binolariga boshqa davlat organlari va tashkilotlari ishchi xonalari, kabinetlari maydonlari hisob ko‘rsatkichlari va zaruriyatlaridan kelib chiqib, ularni ijara haqi “nol” stavkasida joylashtirish;
  • davlat muassasalari va korxonalari ma’muriy binolariga boshqa davlat tashkilotlarini xizmat xonalari, umumiy foydalanish maydonlari hisob ko‘rsatkichlari va zaruriyatidan kelib chiqib, tekin foydalanishga joylashtirish;
  • xo‘jalik jamiyatlariga ma’muriy binolaridan samarali foydalanish haqida ijrosi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish huquqini taqdim etish.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid