17:05 / 27.10.2022
13247

Rossiya g‘arbning tijorat sun’iy yo‘ldoshlarini urib tushirish bilan tahdid qildi

AQSh va boshqa g‘arb davlatlarining Ukrainaga urushda yordam berish uchun foydalanilgan tijorat sun’iy yo‘ldoshlari «kvazi-fuqarolik infratuzilmasi» va «qonuniy nishon»dir, dedi Rossiya vakili BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishida.

Foto: AP

Rossiya, agar ular Ukrainaga urushda yordam berish uchun foydalanilsa, AQSh va boshqa g‘arb davlatlarining tijorat yo‘ldoshlariga zarba berishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu sun’iy yo‘ldoshlar «kvazi-fuqarolik infratuzilmasi» bo‘lib, shuning uchun «javob zarbasi uchun qonuniy nishonga aylanishi mumkin», dedi Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Yadro qurollarini tarqatmaslik va nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Konstantin Voronsov BMT Bosh Assambleyasining qurolsizlanish bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida. Bu haqda 26 oktyabr, chorshanba kuni chop etilgan BMT press-relizida ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, Voronsov Qo‘shma Shtatlar boshchiligidagi g‘arb davlatlarini go‘yoki «kosmosdan o‘zlarining hukmronligini ta’minlash uchun harbiy maqsadlarda foydalanish, tinchlik va xavfsizlikka salbiy ta’sir ko‘rsatish» va kosmosni mojaro zonasi sifatida ko‘rishda aybladi. 

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va Ukraina fuqarolik nishonlariga hujumlar boshlanganidan so‘ng, urush zonasida ishlaydigan yagona aloqa tizimi Starlink bo‘lib, u ko‘plab sun’iy yo‘ldoshlar yordamida signal berayotgandi. Ukrainaga Starlink sun’iy yo‘ldoshlarini yetkazib beruvchi SpaceX asoschisi Ilon Mask Rossiya armiyasi bu tizimni ham yo‘q qilishga urinayotganini ta’kidladi.

Defence News jurnaliga ko‘ra, Ukraina harbiylariga yordam berish uchun boshqa tijorat kompaniyalari, jumladan Maxar, Planet va BlackSky sun’iy yo‘ldoshlaridan ham foydalanilmoqda. NATOning tahlil markazi - Atlantika kengashi avgust oyida Rossiya o‘chirib qo‘yish va kiberhujumlar yordamida ularning ishiga aralashayotganiga ishora qildi. 

Mavzuga oid
Top