Sovuq urush yillarida ham kosmik razvedka kuchli vosita bo‘lgan — ammo uning imkoniyatlari cheklangan edi. Yuqori aniqlikdagi tasvirlar kam-kamdan paydo bo‘lar, qo‘mondonlik esa ko‘pincha tahlil vaqtiga kelib bir necha kun oldin olingan fotosuratlar bilan ishlashga majbur bo‘lardi. Bunday kechikish, ayniqsa tez o‘zgarayotgan vaziyat sharoitida, jiddiy “zaif nuqtalar”ni yuzaga keltirardi.

Bugun kosmik kuzatuv yarim asr avvalgi darajaga nisbatan ancha ilgarilab ketdi. Zamonaviy sun’iy yo‘ldosh arxitekturalari bir xil hududlar ustida tez-tez uchib o‘tish yoki deyarli uzluksiz qamrovni ta’minlashni ko‘zlab loyihalanadi, bu esa tahlilchilarga bir nuqtani soatiga bir necha marta kuzatish imkonini beradi.

Bu transformatsiya sensor texnologiyalarining jadal rivojlanishi, past Yer orbitasiga uchirishlar narxining arzonlashishi va zamonaviy orbital guruhlar hosil qiladigan ulkan tasvirlar oqimini qayta ishlay oladigan sun’iy intellekt tizimlarining joriy etilishi hisobiga ro‘y berdi. Quyida harbiylarga deyarli real vaqt rejimida ma’lumot yetkazib beradigan eng samarali sun’iy yo‘ldosh tizimlaridan ayrimlari keltirilgan.

1. KH-11/CRYSTAL

AQShning optik razvedkasida asosiy ustunlikni hali ham KH-11/CRYSTAL seriyasi saqlab turibdi, uni ko‘pincha “Yerga qaratilgan «Habbl» teleskopi” deb atashadi. Ochiq manbalar baholariga ko‘ra, apparat diametri 2,4 metr bo‘lgan oyna bilan jihozlangan. Taxmin qilinishicha, uning imkoniyati Yer yuzasida texnika, artilleriya tizimlari va obektlar konfiguratsiyasini farqlashga yetarli, ammo haqiqiy xarakteristikalar maxfiy saqlanadi.

Avvalgi razvedka sun’iy yo‘ldoshlaridan farqli ravishda, KH-11 raqamli elektro-optik suratga olishni ma’lumotlarni retranslatsiya qiluvchi sun’iy yo‘ldoshlar bilan uyg‘unlashtirib ishlaydi. Bu tasvirlarni deyarli real vaqtda uzatish imkonini beradi va ma’lumot yig‘ishdan tortib operativ qaror qabul qilishgacha bo‘lgan yo‘lni keskin qisqartiradi.

2. Starshield

SpaceX kompaniyasining Starshield dasturi Starlink’ning tijoriy modelini milliy xavfsizlik vazifalariga moslaydi, unda Yerni kuzatish, himoyalangan aloqa va maxsus foydali yuklarni joylashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.

AQSh Milliy harbiy-kosmik razvedka boshqarmasi (NRO) bilan katta shartnoma yuzlab sun’iy yo‘ldoshlarni tarqoq orbital guruh shaklida suratga olish imkoniyatlari bilan joylashtirishni ko‘zda tutadi. Sun’iy yo‘ldoshlar orasidagi lazerli aloqa kanallari va kuchaytirilgan shifrlashdan foydalanish sezgir ma’lumotlarni doimiy ravishda yerusti stansiyalariga tayanmagan holda uzatishga imkon beradi.