Jahon | 12:34 / 29.10.2022
13641
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina: Rossiyaning jangovar yo‘qotishlari 70 ming kishidan oshdi

Ukrainaga harbiy hujum boshlanganidan beri Rossiya allaqachon janglarda 70 mingdan ortiq harbiy xizmatchilarini yo‘qotdi, deya ma’lum qildi Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi. 

Foto: AFP

Uning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevraldan beri Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarining umumiy jangovar yo‘qotishlari taxminan 70 250 kishini tashkil qildi.

Bundan tashqari, Rossiya 2659 ta tank, 5401 ta zirhli jangovar mashinalar 1708 ta artilleriya tizimlari va 380 ta yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlaridan mahrum bo‘lgan.

Ukraina e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyaliklar 195 ta havo hujumidan mudofaa tizimlari, 273 ta samolyot, 252 ta vertolyot, 1406 ta operatsion-taktik darajadagi uchuvchisiz uchoqlar, 352 ta qanotli raketalar, 16 kemalar va qayiqlar, 4107 ta avtomobil uskunalari va yuk mashinalari hamda 152 ta maxsus texnikani yo‘qotdi.

Bundan oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy harbiy xarajatlarni 386,9 milliard grivnaga (10,5 milliard yevro) oshirishni nazarda tutuvchi mamlakatning 2022 yilgi budjetiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi.

Hujjatga ko‘ra, qo‘shimcha mablag‘larning asosiy qismi Mudofaa vazirligiga yo‘naltiriladi – 365,2 milliard grivna (9,9 milliard yevro). 

«Davlat budjetining umumiy jamg‘armasi bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash maqsadida davlat ichki qarzlari ko‘paytirildi va shunga mos ravishda 2022 yil 31 dekabr holatiga davlat qarzining maksimal miqdori oshirildi», — deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, bunday qonunning amalga oshirilishi «milliy xavfsizlik va mudofaa sohasidagi dolzarb vazifalarni hamda Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi qurolli tajovuzini qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga, davlatning harbiy xizmatchilarga o‘z vaqtida va to‘liq moddiy yordam to‘lash majburiyatlarini bajarishga imkon beradi.

Mavzuga oid