O‘zbekiston | 23:14 / 02.11.2022
13891
7 daqiqa o‘qiladi

Sekin odimlayotgan elektron tijorat: bunga nimalar sabab?

Elektron tijorat bozori butun dunyo bo‘ylab shiddat bilan o‘sib bormoqda. O‘zbekistonda esa oxirgi yillarda ancha qulay to‘lov tizimlari paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, qator omillar sabab tadbirkorlar mahsulotini internetda sotishga, xaridorlar esa internet orqali sotib olishga shoshilmayapti.

Foto: Andrey Popov

Mahsulot sotib olishdagi qulayligi va vaqtni tejashiga qaramay, o‘zbekistonliklar elektron savdoga u qadar ham tez o‘rganib ketmayapti. Hatto koronavirus pandemiyasi ham sohaga kutilgan darajada katta stimul bera olmadi. Fikrimizcha, buni birlamchi uch omil bilan izohlash mumkin.

Birinchidan, elektron buyurtmalar yoki elektron shartnomalarda kelishilgan mahsulot va xizmatlarni manzilga yetkazib berishda transport-logistika tizimida kamchiliklar bor.

Ikkinchidan, hududlar kesimida internet sifati keskin farq qiladi. Viloyatlarda poytaxtga nisbatan, tumanlarda esa viloyat markaziga nisbatan internet sifati sezilarli darajada yomon.

Uchinchidan, pochta tizimi keng ommalashmagan va virtual firibgarliklar ko‘payib boryapti.

Elektron savdo hajmini qanday qilib oshirish mumkin?

Mavjud segmentlarni tub o‘zgartirmagan holda yaxshilash. Masalan, amalda butun boshli transport-logistika tizimini qisqa muddatda respublika miqyosida qayta qurib chiqishning imkoniyati mavjud emas. Shunday ekan, hududlardagi mahalliy aholidan kelib chiqqan holda hududiy savdo do‘konlarini “so‘nggi yetkazib berish nuqtasi”ga aylantirish mumkin. (Shveytsariyaning “buy local” tajribasi, Avstriyaning “regional web shops” tajribasi). Shuningdek, markazlashgan yagona ma’lumotlar bazasining (server) mavjud emasligi kiberjinoyatchilar uchun ham yagona hujum nishoni mavjud bo‘lmasligini ta’minlaydi.

Mavjud tizimni saqlab qolgan holda, uning xususiyatini qisman o‘zgartirish. Xususan, bank kartalarida aholi yosh toifasi yoxud inklyuzivligi nuqtayi nazaridan kelib chiqqan to‘lov tizimlarini taqdim etish. Bu orqali virtual firibgarlik mo‘ljaliga aylanishi mumkin bo‘lgan eng zaif qatlamlar, katta yoshli qariyalar va nogironligi bor shaxslar uchun soddaroq xizmatlar taklif etish imkoni vujudga keladi.

Onlayn elektron tijorat bozorini shakllantirishda qaysi omillar muhim ahamiyat kasb etadi?

M-Faktor loyihasining navbatdagi ko‘rsatuvi mehmoni bo‘lgan iWengo elektron tijorat biznes-maktabi asoschisi Yuliana Gordonning ta’kidlashicha, marketpleyslarning (onlayn elektron tijorat bozori) rivojlanishi marketing, logistika operatsiyalari, mahsulot assortimenti, xaridorlar bilan ishlash, internet narxi, ijtimoiy tarmoqlardagi aholi ulushi va bozordagi mahsulotlarning elektron savdoga ixtisoslashgani kabi bir qancha omillarga bog‘liq.

“Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 27 mln internet foydalanuvchisi bor. Hozirda mamlakatda elektron savdo asosan Telegram-kanallar orqali amalga oshiriladi. Ammo hech kim internet orqali savdo qiladiganlarning statistikasini hisoblab chiqmagan.

Shu o‘rinda, aniq aytishim mumkinki, keyingi 5 yil ichida O‘zbekistonda mahsulotlarni elektron xarid qiluvchi iste’molchilar ulushi minimum 3-4 barobarga oshadi. Shuningdek, umumiy internet foydalanuvchilari ulushi ham ko‘payadi. Yevromonitoring natijalariga ko‘ra esa, O‘zbekistondagi kunlik internet savdo hajmining o‘sishi keyingi 5-7 yil ichida 12 barobargacha bo‘lishi mumkin.

Elektron savdoning o‘sishi mamlakatdagi “texnologik” odamlar miqdoriga juda ham bog‘liq. Onlayn tarzda stakan yoki kompyuter sotib olish uchun ham, xaridor birinchi navbatda internet orqali xarid qilishni bilishi kerak”, – deydi rossiyalik mutaxassis.

Gordonning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda elektron savdoning o‘sishi uchun mamlakatning har bir qismida savdo qilayotgan tadbirkor o‘z mahsulotini onlayn sotishni o‘rganishi kerak. Marketpleyslar miqdorining ko‘payishi ham onlayn xaridlarning ko‘lami oshishiga yordam beradi.

“Onlayn do‘konlarda sotilayotgan mahsulot to‘liq tanishtirilishi kerak. Sotilayotgan tovarning faqat rasmi qo‘yilgan bo‘ladi, sotib olinganda esa u umuman boshqacha bo‘lishi mumkin. Bu xaridorlar oshishiga xizmat qilmaydi.

Masalan, men internet orqali tovar sotib olishni xohlamayman, chunki plastik kartamning xavfsizligi ta’minlanmagan. Ya’ni to‘lov qilish xavfsizligi ta’minlanmagan. Tovar yetkazib berilmasa, pulni qaytarib olishda muammolar mavjud. Bu omillar internet orqali savdo qilishning keskin oshishiga xalaqit bermoqda. Elektron savdoning rivojlanishi yangi ish o‘rinlarining paydo bo‘lishiga ham zamin yaratadi. Kichkina oilaviy bizneslar ham 4-5ta yangi ish o‘rnini tashkil qilishi mumkin. Kimdir tovarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi, yana kimdir xaridorlar bilan muloqot qiladi, yana kimdir esa buyurtma olingan mahsulotni yetkazib berishga tayyorlaydi. Biznes qanchalik rivojlansa, yangi ish o‘rinlari miqdori ham oshib boraveradi. Shuningdek, logistika sohasi rivojlanadi”, deydi u.

Mutaxassisning tushuntirishicha, onlayn savdo ko‘lamini oshirish uchun O‘zbekistonda infrastruktura, omborxonalar, mahsulot yetkazib berish uchun avtomobillar, buyurtmalarni qabul qilish punktlarini tashkil etish lozim. Infrastrukturani rivojlantirish juda muhim jihat bo‘lib, buning uchun millionlab dollarlik investitsiyalar kerak bo‘ladi.

“Ikkinchi muhim omil – texnologiya. Mahalliy operatorlar bilan aloqani ta’minlash, sohani rivojlantirish uchun juda ham sifatli internet kerak. Mamlakatning qaysi qismida odam yashasa, ular onlayn savdolarda ishtirok eta olishlari lozim. Masalan, fermer 1 tonna gilos yetishtirdi, u onlayn platformaga kirib, o‘z mahsulotini ulgurji sota olishi kerak. U bu ishni dalaning o‘zidan turib qila olishi darkor. Ammo dalada internet yo‘q. Muammoni yechish uchun uzoq muddatli va katta hajmdagi investitsiyalar kerak. Hukumat aloqa sifatini yaxshilash uchun yordam berishi lozim.

Yana bitta katta muammo – logistika. Maksimum har 5 kmda buyurtmalarni qabul qiladigan punktlar bo‘lishi kerak. Shundagina biz internet orqali savdoning rivojlanishi haqida gapirishimiz mumkin.

Bundan tashqari – marketing ham juda muhim omil. Xaridorlarga kerak bo‘ladigan tovarlar assortimentini ko‘rsatib bera olish kerak”, – deydi Yuliana Gordon.

Credit Suisse xulosalari

Credit Suisse mutaxassislariga ko‘ra, biror mamlakatda elektron tijorat (internet-do‘konlar) rivojlanishi 13 ta faktorga bog‘liq:

1. Mamlakatning tezkor simli internet bilan ta’minlanganlik darajasi;

2. Mamlakat aholisining smartfon va planshetlarga egalik qilish darajasi;

3. Xarajatlarda onlayn va bank kartalari orqali to‘lovlar hajmi yuqoriligi;

4. Amazon yoki boshqa biror xalqaro kompaniyaning mamlakatda faoliyat yuritishi;

5. Mustaqil startaplar madaniyati rivojlanganligi;

6. Shahar transport infrastrukturasi rivojlanganligi;

7. Bir nechta bir milliondan ortiq aholiga ega megapolislar borligi;

8. Besh milliondan ortiq aholiga ega megapolis borligi;

9. Aholi boshiga yalpi ichki mahsulot yuqoriligi;

10. Aholining avtomobilga egalik darajasi;

11. O‘rta va yuqori daromad oladigan oilalar ko‘pligi;

12. Supermarketlarning qanchalik tarqalganligi;

13. Noqulay mavsumiy iqlim.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid