17:30 / 02.11.2022
27754

Xitoy asosiy tahdid, Rossiya dolzarb muammo: AQSh uchta strategik hujjatni e’lon qildi

Foto: Getty Images

AQSh Mudofaa vazirligi bir vaqtning o‘zida uchta strategik hujjatning ochiq versiyalarini e’lon qildi – Milliy mudofaa strategiyasi, Yadro siyosati sharhi va Raketaga qarshi mudofaa tizimi sharhi. Hujjatlarning maxfiy qismi e’lon qilinmagan.

-------

Xitoyning o‘sib borayotgan harbiy va iqtisodiy qudrati Milliy mudofaa strategiyasida AQSh xavfsizligiga asosiy tahdid sifatida e’tirof etilgan. Bu «AQSh milliy xavfsizligi uchun eng muhim va tizimli muammo» deb nomlanadi.

Pentagon veb-saytida Strategiyaning asosiy tezislari qisqacha mazmuni bayon etildi. Unga ko‘ra, «Hind-Tinch okeani mintaqasi va xalqaro tizimni o‘z manfaatlari va avtoritar maqsadlariga muvofiq qayta shakllantirishga bo‘lgan agressiv istagi» Xitoy tomonidan bo‘ladigan asosiy tahdid sifatida baholangan.

«Xitoy AQShning Hind-Tinch okeani mintaqasidagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha ittifoqdoshlari va hamkorlik munosabatlariga putur yetkazishga intilmoqda. Shuningdek, o‘sib borayotgan iqtisodiy imkoniyatlaridan, shu jumladan, armiyasining oshib borayotgan qudratidan o‘z qo‘shnilariga bosim o‘tkazish va ularning manfaatiga tahdid qilishda foydalanmoqda», deyiladi matnda. Tahdid birinchi navbatda Tayvanga tegishli.

AQSh Mudofaa vazirligining asosiy strategik vazifalari quyidagilardan iboratligi ko‘rsatilgan:

  • Xitoyning ko‘p sohali tahdidlari o‘sib borayotgan sharoitda Qo‘shma Shtatlar hududlarini himoya qilish;
  • AQSh, ittifoqchilar va sheriklarga strategik hujum qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • Tajovuzni tiyishga tayyor turish, agar zarurat tug‘ilsa, birinchi navbatda Xitoy bilan Hind-Tinch okeani mintaqasida, ikkinchi navbatda Rossiya bilan Yevropa mintaqasida qarama-qarshilik qilish.
  • Barqaror ittifoqdosh kuchlarni va mudofaa ekotizimini yaratish.

Dolzarb tahdid

Rossiya Strategiyada dolzarb tahdidlardan biri sifatida ko‘rsatilgan va asosiy dalil – Ukrainada boshlangan urush.

«Xitoy mavzusiga qo‘shimcha ravishda, Strategiya Rossiya tomonidan bo‘layotgan tahdidlarga e’tibor qaratadi. Ayniqsa, Ukrainaga bostirib kirganini hisobga olgan holda. Shuningdek, Shimoliy Koreya, Eron va ekstremistik tashkilotlar tahdidi ham e’tibor ostida. Bundan tashqari, pandemiya va iqlim o‘zgarishlari masalasini ham o‘z ichiga oladi», deyiladi Pentagon bayonotida.

«Rossiya hukumati chegaralarni o‘zgartirish va imperiya ta’sir doirasini tiklash uchun kuch ishlatishga intilmoqda... Garchi Rossiya yetakchilarining NATOni parchalashga qaratilgan siyosiy va harbiy harakatlari teskari natija bergan bo‘lsa-da, bu maqsad saqlanib qolmoqda. Rossiya muhim sohalarda jiddiy va muntazam xavf-xatarlar manbayi bo‘lib turibdi», deya ta’kidlanadi hujjatda.

Yadroviy tiyib turish va taktik yadro quroli

Yadro siyosati sharhida Rossiya va Xitoy yadro arsenali, ularni tiyib turish masalasi asosiy muammo sifatida tan olingan.

«2030-yillarga borib, Qo‘shma Shtatlar tarixda birinchi marta ikkita strategik raqib va ehtimoliy dushman bilan to‘qnash keladi. Bu [xalqaro strategik] barqarorlikka yangi bosimlarni keltirib chiqaradi va tiyib turish, xavfsizlik kafolatlari, qurollarni nazorat qolish va xavflarni kamaytirish bo‘yicha yangi yechimlarni talab qiladi», deyiladi Yadro siyosati sharhida.

Umuman olganda, yadro strategiyasi avvalgi shunga o‘xshash hujjatlarga nisbatan tub o‘zgarishlarga uchramagan, deyiladi Breakingdefense sharhida.

Qo‘shma Shtatlar yadroviy triadani (quruqlik, dengiz va havodagi yadro kuchlari) o‘ziga va ittifoqchilariga qarshi yadro quroli qo‘llangan taqdirda hamon asosiy himoya vositasi deb hisoblaydi. Bu haqda AQSh Mudofaa vazirligining yuqori lavozimli amaldori Pentagonda o‘tkazilgan brifingda xabar berdi.

Shu bilan birga, sharh matnida strategik bo‘lmagan yadro qurollari ham alohida tilga olinadi. Ular Strategik hujum qurollari to‘g‘risidagi shartnoma (SHQSh) bilan nazorat qilinmaydi.

«20 yildan ortiq vaqt davomida Rossiya keng miqyosli modernizatsiya dasturini amalga oshirdi. Jumladan, eskirgan strategik yadro tizimlarini almashtirdi, hamda NATO va qo‘shni davlatlar uchun xavf tug‘diruvchi yadro tizimlarini doimiy ravishda kengaytirib, takomillashtirib bormoqda. Bunga strategik tashuvchi vositalarga o‘rnatilgan 1550 ta jangovar kallak kiradi (ular SHQSh bilan nazorat qilinadi), shuningdek, hech qanday shartnoma bilan nazorat qilinmaydigan yadroviy kuchlar ham kiradi», deyiladi sharhda.

Foto: Getty Images

«Masalan, Rossiya hech qanday shartnoma bilan cheklanmagan, 2 mingga yaqin nostrategik yadro kallaklari arsenaliga ega. Shuningdek, Rossiya AQSh hududi va hamkorlariga xavf soluvchi, hech qanday shartnoma bilan cheklanmagan bir qancha yangi yadro tizimlarini ishlab chiqmoqda», deyiladi hujjatda.

Shu bilan birga, hujjatga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning o‘zi ham yadro arsenalini modernizatsiya qilmoqda.

Hujjat butun yadroviy triadani, shuningdek, aloqa, boshqaruv va nazorat tizimini modernizatsiya qilishni nazarda tutadi. Modernizatsiya dasturiga Columbia sinfiga kiruvchi strategik yadro suvosti kemalarini ishlab chiqish, Minuteman III qit’alararo ballistik raketalarni almashtirish, yangi uzoq masofali va havodan uchiriladigan qanotli raketani yaratish, Yevropadagi F-35 qiruvchi samolyotlarini yadroviy quroldan foydalanishga moslashtirish ham kiritilgan.

Pentagon 2023-moliya yili uchun taxminan 30 milliard dollar mablag‘ so‘ragan.

«Shohidlar» va «Xanjarlar»

Raketaga qarshi mudofaa sharhida asosiy e’tibor Shimoliy Koreya va Eron ballistik raketalari tahdidiga qaratilgan. Biroq, yaqinda paydo bo‘lgan ba’zi yangi tahdidlarni ham o‘z ichiga oladi. Ular orasida uchuvchisiz tizimlardan (dronlar) foydalanish holatlari bor. Yaqin vaqtgacha strategik hujjatlarda dronlar milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rilmagan edi.

Xususan, unda «hozirda mavjud va yangidan ishlab chiqilayotgan ballistik, qanotli va gipertovushli raketalar, shuningdek, havo va raketaga qarshi mudofaaning an’anaviy usullarini murakkablashtiradigan kichik dronlar» haqida so‘z boradi.

Strategik hujjatda bunday tizimlar nomi keltirilmagan, biroq Ukrainadagi urush paytida Rossiya tomonidan Eronda ishlab chiqarilgan «Shohid» sinfiga kiruvchi dronlar muvaffaqiyatli foydalanilmoqda (ularning nomi «Geran» deb o‘zgartirilgan). Ukraina havo mudofaasi ushbu yangi tahdidga qarshi turish uchun haqiqatan ham katta sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

Bundan tashqari, sharhda Rossiya tomonidan Ukrainada qo‘llangan gipertovushli raketalar ham eslatib o‘tiladi.

Sharhda dronlar haqida ham eslatib o‘tilgan, ammo nomlari tilga olinmagan. So‘nggi vaqtlarda Ukrainada Rossiya Erondan olingan Shahed rusumli dronlarni faol ravishda qo‘llamoqda. Foto: Getty Images

Bundan tashqari, hujjatda aytilishicha, «Rossiya Ukrainada minglab qanotli, ballistik va gipertovushli raketalardan foydalangan. Ular havodan, quruqlikdan va dengizdan uchirilgan».

«Harbiy harakatlar davomida qurollar zaxirasi ishlatilishi Rossiyaning zamonaviy vositalari arsenali kamayib ketishi bilan xavf soladi. Keng miqyosdagi iqtisodiy sanksiyalar va eksport ustidan nazorat o‘rnatilishi esa kelajakda bunday tizimlar ishlab chiqarilishiga samarali to‘sqinlik qilishi mumkin», deyiladi hujjatda.

Top