Jahon | 07:13 / 03.11.2022
10990
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyaning yadro qurolidan foydalanish tahdididan xavotirda

Vashingtonning qayd etishicha, so‘nggi bir oy ichida AQSh xavotirlari kuchaygan. Avvalroq Dmitriy Medvedev Kiyev Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarini qaytarishga uringan taqdirda Rossiya Federatsiyasi yadro qurolidan foydalanishi mumkinligini aytgandi.

Foto: Picture Alliance

AQSh ma’muriyatida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda yadro qurolidan foydalanish ehtimolidan xavotir ortib bormoqda. 2 noyabr, chorshanba kuni AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jim Kirbi so‘nggi bir oy ichida AQShning bu boradagi xavotiri kuchayganini aytdi. «Biz voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib boryapmiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi «yadro urushining oldini olish to‘g‘risida» bayonot e’lon qildi, unda «Rossiya hech qanday g‘olib bo‘lishi mumkin bo‘lmagan yadro urushiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi postulatga qat’iy va izchil ravishda amal qilmoqda» deb ta’kidlanadi.

«Rossiyaning ushbu sohadagi doktrinal ko‘rsatmalari juda aniq ifodalangan, ular sof mudofaaviy xususiyatga ega va keng talqin qilishga imkon bermaydi. Rossiya gipotetik jihatdan yadro qurolidan foydalanish bilan javobga faqat ommaviy qirg‘in quroli yordamida amalga oshirilgan tajovuzga javoban ruxsat beradi», - tushuntiriladi hujjatda.

Ayni paytda, Moskva qachon «Rossiyaning mavjudligi xavf ostida» deb hisoblashi mumkinligi haqidagi savol noaniqligicha qolmoqda. Putin so‘nggi oylarda Rossiya Ukrainada yadro qurolini qo‘llash rejasi yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan, biroq Rossiya «hududiy yaxlitlikni himoya qilish» uchun «barcha vositalardan» foydalanishi mumkinligini aytgan.

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev bir kun avval o‘zining Telegram-kanalida Kiyev urush paytida Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni Ukraina nazorati ostiga qaytarishga harakat qilsa, Rossiya yadro qurolidan foydalanishi mumkinligini yozgan edi. Uning ta’kidlashicha, bosib olingan hududlarni «Rossiya Federatsiyasidan tortib olishga» urinish Rossiyaning mavjudligi va uning qulashiga tahdid soladi, shuning uchun bu Rossiya siyosatining tegishli bandini qo‘llash uchun bevosita sabab bo‘ladi. 

Shu bilan birga, The New York Times gazetasining xabar berishicha, Rossiyaning yuqori martabali harbiy amaldorlari Ukrainada qachon va qanday taktik yadro qurolidan foydalanish mumkinligini muhokama qilishgan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin muhokamada ishtirok etmagan. Nashr, shuningdek, Rossiya tomonidan yadro qurolidan foydalanish to‘g‘risidagi qaror allaqachon qabul qilinganini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar yo‘qligini ta’kidlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid