07:37 / 03.11.2022
4706

Germaniya energiya tashuvchilar uchun «narx tormozi» bo‘yicha kelishib oldi

Germaniya hukumati qochqinlarni qabul qilish munosabati bilan federal hududlarga ko‘p milliardlik yordam va’da qildi. Avvalroq Bundestag narxlarning keskin oshishiga qarshi kurashish uchun 200 milliard yevro miqdorida kredit ajratishni ma’qullagan edi.

Foto: globeecho.com

Germaniyaning federal va hudud organlari energiya tashuvchilar uchun «narx tormozi» va 49 yevrolik chiptani joriy etishga kelishib oldi. Bu masalalar 2 noyabr, chorshanba kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilindi.

Ekspert komissiyasi taklifiga ko‘ra, 2023 yilning mart oyidan gazga «narx tormozi» joriy etilishi kerak. Taxminlarga ko‘ra, u 2024 yil apreligacha amal qiladi, ammo 1 fevralgacha uni bekor qilish imkoniyatini ta’minlashga harakat qilinadi, deyiladi yakuniy hujjatda. 2023 yil yanvaridan sanoat tarmog‘i uchun gaz narxini «tormozlash» joriy etilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, aholi va korxonalar uchun elektr energiyasi narxini cheklash kuchga kirishi kerak.

Yakka tartibdagi iste’molchilar va kichik korxonalar uchun gaz narxi bir kVt/soat uchun 12 sent, elektr energiyasi uchun – 40 sent etib belgilandi. Narx to‘sig‘i markaziy isitish tizimi uchun ham o‘rnatiladi: kVt/soat uchun 9,5 sentdan ko‘p emas. Qo‘llab-quvvatlash choralari yillik iste’molning 80 foizini qoplaydi.

Federal va hududiy organlar yaqin kelajakda 49 yevrolik yo‘l chiptasini joriy etishga kelishib oldilar, dedi Germaniya transport vaziri Volker Vissing. U shu yil oxirigacha mamlakat aholisiga taqdim etilishi kutilmoqda.

Germaniya kansleri Olaf Shols ham hududlar va munitsipalitetlarga qochqinlarni qabul qilish munosabati bilan ko‘p milliardlik yordam va’da qildi. Yig‘ilishda Quyi Saksoniya hududi bosh vaziri Stefan Vayl qishda Ukrainadagi urush fonida Germaniyadagi muhojirlar soni sezilarli darajada oshishi haqida fikr bildirdi. Federal hukumat bu yil va keyingi yil qochqinlarga yordam berish uchun qo‘shimcha 1,5 milliard yevro ajratishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, 2023 yildan Germaniya hukumati Ukrainadan tashqaridan kelgan qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash uchun har biriga 1,25 milliard yevro to‘lashga va’da berdi.

Oktyabr oyi oxirida Germaniya Bundestagi energiya narxlarining keskin o‘sishini cheklash va biznesga yordam berish uchun maxsus Iqtisodiy barqarorlik jamg‘armasidan (Wirschafsstabilisierungsfond) 200 milliard yevro miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi.

Hukumat rejalariga ko‘ra, ajratilgan kreditlar 2024 yilgacha yetarli bo‘lishi kerak. Bu taklif Germaniya parlamentida yerlarning manfaatlarini ifodalovchi Bundesrat tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim.

Top