1 noyabr kuni O‘zbekistondagi bir qator to‘lov tizimlari – Click, Payme kabilar QR-kod to‘lovlar va boshqa bir nechta xizmatlarini vaqtincha to‘xtatib turishga majbur bo‘ldi.
Soliq qo‘mitasining barcha cheklarni fiskallashtirish talabi va sanksiyalar tahdidi ortidan, to‘lov tizimlari texnik ishlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri kelyapti.
Oddiy tushuntirsak, xaridor do‘konlar va turli muassasalarda elektron to‘lov tizimlarining QR-to‘lov imkoniyatidan foydalanib to‘laganda xarid cheki onlayn shakllanishi kerak. Bir qator elektron to‘lov tizimlari ularda bunday imkoniyat hali yo‘qligini aytib, bir nechta funksiyani o‘chirib qo‘ydi.
Natijada onlayn to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar yuzaga keldi. Jamoatchilik faollari yangilikni keskin norozilik bilan qabul qildi. 1 noyabr kuni tushdan keyin Soliq qo‘mitasi to‘lov tizimlari va marketpleyslar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazgach, elektron to‘lov tizimlarining QR-to‘lov tizimi qayta ishga tushdi.
Kun.uz mavzu yuzasidan savollar bilan soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov va Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevga yuzlandi.

Murod Muhammadjonovning ta’kidlashicha, hozirgi qo‘yilgan talablar amaliyot va texnik imkoniyatlarga to‘g‘ri kelmaydi.
“Birgina onlayn to‘lovlarni olaylik. Click, Payme, Apelsin kabi dasturlar haqiqatan ham inson uchun foydali qilib yaratilgan. Soliq qo‘mitasi aytyaptiki, har bir onlayn to‘lov qilinganda ham onlayn kassa apparatidan chek urilishi kerak. Shunga moslashtirilgan deyilyapti. Televideniyega oid xizmat ko‘rsatayotgan bir tadbirkorning aytishicha, 40 ming obunachisi bor. Ularning 99 foizi klikdan to‘lovni amalga oshiradi. Tadbirkor ularning to‘laganiga qarab, 40 mingta chek urib berishi kerakmi? Hozir chek urmagani uchun ularni jazolashmoqda. Agar texnik jarayonlarga qonun to‘g‘ri kelmayotgan bo‘lsa, demak, qonunni to‘g‘rilashimiz kerak”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, onlayn to‘lovni hech qanaqasiga yashirish imkoni yo‘q bo‘lgan bir paytda soliq organi tadbirkorning to‘lovini kassa apparatiga moslashtirishi emas, balki o‘zining tizimini ularga moslashi kerak.
















