Iqtisodiyot | 17:01
1234
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekiston blogerlarni soliqqa tortish masalasida boshlang‘ich bosqichda turibdi” – Jahongir Abdiyev

Blogerlar va ijtimoiy tarmoqlarda faol shaxslar daromadlarini soliqqa tortish masalasi hali muhokama bosqichida turibdi, dedi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari. Fevral oyida qo‘mita delegatsiyasi bu borada Rossiya tajribasini o‘rganish uchun Moskvaga borib kelgandi. Abdiyevning aytishicha, hali boshqa davlatlarning ham tajribasi o‘rganilib, eng maquli tanlab olinadi.

Foto: Kun.uz

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev blogerlar daromadlarini soliqqa tortish yuzasidan izoh berdi.

2026 yil fevral oyida qo‘mita delegatsiyasi Moskvada RF soliq xizmatidagi hamkasblari bilan uchrashuv o‘tkazib, blogerlar daromadlari ustidan soliq nazorati mexanizmlarini muhokama qilgan edi.

Kun.uz 27 mart kungi matbuot anjumanidan keyin Abdiyevdan bu masala qanday bosqichda ekani haqida so‘radi.

Bunda hozir hech qanaqa vahima qiladigan masala yo‘q. Biror yangi tartibni bitta davlat tajribasi bilan amaliyotga kiritib bo‘lmaydi. Biz hali bu yo‘lda dastlabki bosqichdamiz, hali birinchi qadamni qo‘yish uchun oyoqni endi ko‘tarish jarayonida bo‘lsak kerak. Hali boshqa davlatlarni ko‘ramiz. Rossiyada qanaqa yo‘lga qo‘yilgan, nechog‘li darajada yaxshi, o‘rganamiz. Ammo bu yetarli emas”, – dedi u.

Abdiyevga ko‘ra, Rossiya tajribasi o‘rganilgan bo‘lsa-da, bu yakuniy model sifatida ko‘rilmayapti. Uning qo‘shimcha qilishicha, Soliq qo‘mitasi boshqa davlatlar, xususan, Yevropa mamlakatlaridagi amaliyotni ham tahlil qilmoqda. Ayrim davlatlarda bu tizim muvaffaqiyatli joriy qilingan, deydi u.

Gollandiyada yoki Yevropaning ayrim davlatlarida yaxshi joriy qilingan va amaliyotga kirib ketgan. Jamoatchilik ham juda oson qabul qilgan. Shu bilan birga, barcha tajribalar ham ijobiy natija bermagan. Ayrim mamlakatlarda bunday tartiblar salbiy oqibatlarga olib kelgani uchun bekor qilingan. Qaysidir davlatlarda bu tajriba kiritilganidan keyin bekor bo‘lgan. Negativ munosabatlarga olib kelgani uchun undan voz kechilgan”, – dedi qo‘mita rasmiysi.

Jahongir Abdiyevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston turli tajribalarni solishtirib, ijobiy jihatlarni olish va xatolardan qochish yo‘lini tanlamoqchi.

Demak, biz ham qilganimizda kimningdir yaxshi tomonini olishimiz kerak, yomon tomonini esa takrorlamasligimiz kerak”, – dedi u.

Suhbat davomida bu yo‘nalishda aniq reja bor-yo‘qligi haqida ham savol berildi. Rasmiy bu borada “yo‘q, bu hali o‘rganish jarayonidagi narsa”, deya, hozircha aniq dastur ishlab chiqilmaganini bildirdi.

  • 2022 yilda YouTube'dagi o‘zbekistonlik vlogerlarga soliq idoralari tomonidan xabarnoma yuborilgani OAV e’tiborini tortgandi.
  • Rossiyada ham blogerlar daromadlari ustidan soliq nazorati bir necha yil avval kuchaytirilgan. 2021 yildan boshlab soliq xizmati yirik blogerlarning tushumlarini faol tekshira boshlagan, 2023 yilda esa ayrim inflyuenserlarga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.
Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid