O‘zbekiston | 07:25 / 04.11.2022
6081
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat moliyaviy nazorati sohasida qoidabuzarlik to‘g‘risida xabar berganlar rag‘batlantiriladi

Davlat moliyaviy nazorati sohasida qoidabuzarliklar holatlari to‘g‘risida xabar bergan jismoniy shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi hujjat loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Shutterstock

Quyidagilar qoidabuzarliklar haqida xabar bergan jismoniy shaxslarni rag‘batlantirish asosiy maqsadlari hisoblanadi:

  • jamiyatda budjet mablag‘lari maqsadli va samarali sarflanishida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
  • jamoatchilik davlat moliyaviy nazorati sohasida qoidabuzarliklarga qarshi kurashishdagi faolligini yanada oshirish hamda ularni ushbu sohaga qo‘shayotgan hissasi uchun rag‘batlantirish.

Qoidabuzarliklar haqida xabar bergan jismoniy shaxslarga ular xabarlari asosida belgilangan tartibda davlat moliyaviy nazorati tadbirlari o‘tkaziladi.

Rag‘batlantirish davlat foydasiga undirilgan mablag‘lar hisobidan bir martalik pul mukofoti shaklida belgilanadi.

Qoidabuzarliklar haqida xabar bergan jismoniy shaxslar tomonidan beriladigan bir martalik pul mukofotidan ushbu xabarlarni yuborgan jismoniy shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda voz kechilishi mumkin.

Rag‘batlantirish faqatgina jismoniy shaxslar tomonidan dasturiy kompleks orqali yuborilgan xabardagi qoidabuzarliklar aniq yo‘nalishi va turi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Qoidabuzarlik haqidagi xabar jismoniy shaxslar tomonidan yagona identifikatsiya tizimida (One ID) ro‘yxatdan o‘tgan holda dasturiy kompleks orqali yuboriladi.

Qoidabuzarliklar haqidagi xabarda qoidabuzarliklar batafsil bayon etilishi, qoidabuzarlik yo‘nalishi yoki turi, qoidabuzarliklar sodir etilgan nazorat obekti joylashgan aniq manzili hamda qoidabuzarliklarga taalluqli boshqa tegishli ma’lumotlar kiritilishi lozim.

Qoidabuzarliklar haqida xabar bergan jismoniy shaxslar quyidagi miqdordagi bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:

  • qoidabuzarliklar summasi bazaviy hisoblash miqdori o‘ttiz baravaridan yuz baravarigacha bo‘lganda – bazaviy hisoblash miqdori bir baravari miqdorida;
  • qoidabuzarliklar summasi bazaviy hisoblash miqdori yuz baravaridan uch yuz baravarigacha bo‘lganda – bazaviy hisoblash miqdori ikki baravari miqdorida;
  • qoidabuzarliklar summasi bazaviy hisoblash miqdori uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha bo‘lganda – bazaviy hisoblash miqdori uch baravari miqdorida;
  • qoidabuzarliklar summasi bazaviy hisoblash miqdori besh yuz baravari va undan ortiq bo‘lganda – bazaviy hisoblash miqdori to‘rt baravari miqdorida.

Qoidabuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar bir nafardan ortiq bo‘lgan holatlarda rag‘batlantirish (pul mukofoti) summasi ular o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Mavzuga oid