«Qardosh xalqlar yoxud vatandoshlar himoyasi uchun»: SSSR va Rossiya o‘z bosqinchilik urushlarini qanday targ‘ib qilgan?
SSSR tuzilgandan so‘ng ikkita, ittifoq parchalangach Rossiya ham ikkita jiddiy urush ko‘rdi. Ularning barchasida garchi birlamchi maqsad boshqa davlat hududlarini egallab olish bo‘lsa-da, oddiy xalqqa boshqacha targ‘ibot olib borilgan. Jumladan, SSSRning Polshaga va Finlandiyaga bostirib kirishi «Qardosh xalqlar himoyasi» deb, Rossiyaning Gruziyaga bostirib kirishi esa «Vatandoshlar himoyasi» deb xaspo‘shlangan.
2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshladi. Rossiya armiyasining Ukrainaga bostirib kirganini urush emas, «Ukraina xalqini mamlakatni egallab olgan millatchilardan qutqarish uchun boshlangan maxsus operatsiya» deb atadi. Urush boshlanganiga 8 oy bo‘lgan esa-da, Rossiyada bu urush hanuz maxsus operatsiya deb atalmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, Chor Rossiya imperiyasi vorisi sifatida tashkil etilgan SSSR ham bir necha bosqinchilik urushlarini mohiyatan boshqacha atab, barchani chalg‘itishga uringanini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Rossiya 2008 yil avgustida Gruziyaga bostirib kirganini «Vatandoshlar himoyasi uchun» deb talqin qilgan edi.
1939 yilda SSSRning Polshaga bostirib kirishi (1939 yil 17 sentabr)
1939 yil 23 avgustda Moskva shahrida natsistlar Germaniyasi va sovet ittifoqi o‘rtasida o‘zaro hujum qilmaslik bo‘yicha shartnoma imzolanadi. Bu shartnoma har ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Vyacheslav Molotov va Ioaxim fon Ribbentrop tomonidan imzolangani uchun u «Molotov-Ribbentrop pakti» deb nomlanadi.
Molotov va Ribbentropning shu uchrashuvida fashistlar Germaniyasi va SSSR tomonidan Sharqiy Yevropa davlatlarini birgalikda bosib olib, o‘zaro taqsimlash masalalari ham yashirincha kelishib olinadi.
Kelishuvga ko‘ra, SSSR Boltiq dengizi bo‘yida joylashgan Latviya, Litva, Estoniyani to‘liq, Finlandiya, Polsha, Chexoslovakiya va Ruminiyaning bir qismini olishi, qolgan hududlarga Germaniya egalik qilishi kerak edi.
Sovet ittifoqi fashistlar Germaniyasi bilan tuzilgan bu kelishuv tafsilotlarini uzoq yillar davomida barchadan yashirib keladi. SSSR parchalanib ketgach, kelishuvning asli ommaga oshkor bo‘ladi.
Shartnoma imzolanganidan 1 hafta o‘tib, 1939 yil 1 sentabr kuni Germaniya armiyasi Polshaga bostirib kiradi va bu davlatning asosiy qismini bosib oladi. Oradan 17 kun o‘tib, 1939 yil 17 sentabr kuni Polshaga sharqdan sovet armiyasi hujum boshlaydi.
1939 yil 28 sentabr kuni natsistlar armiyasi Varshavani egallaydi. Shu kuni Moskvada SSSR va Germaniya o‘rtasidagi chegara va do‘stlik shartnomasi imzolanadi. Shartnomada tomonlar Polshani qanday tarzda bo‘lib olishni kelishib olishadi. 6 oktyabr kuni Polsha armiyasi batamom taslim bo‘ladi.
SSSR Polshadan bosib olingan hududning bir qismini Ukrainaga, yana bir qismini Belarusga qo‘shib beradi. Yana bir qismi esa o‘sha paytda hali mustaqil davlat bo‘lgan Litvaga tortiq qilinadi.
SSSRda sovet armiyasining Polshaga bostirib kirishi «Qizil armiyaning qardosh xalqlar himoyasi uchun harbiy harakatlari», deb talqin qilinadi.
Qizig‘i shundaki, sovetlar Polshaning bir qismini bosib olishini qardosh xalqlar himoyasi uchun harbiy harakatlar deb targ‘ibot olib borayotganida Hitler Polsha davlati batamom tugatilganini e’lon qilayotgandi.
Sovet-fin urushi (1939 noyabr-1940 yil)
SSSR fashistlar Germaniyasi bilan birga Polshani bo‘lib olganidan so‘ng sovet rahbariyatining «ishtahasi ochilib ketadi» va endi Finlandiya hududiga ko‘z olaytira boshlaydi.
1939 yil 26 noyabr kuni SSSR chegara hududlaridan birida fin askarlari sovet hududini artilleriya bilan o‘qqa tutgani haqida Finlandiya hukumatiga norozilik notasi yuboradi. Aslida esa chegarada bunday hodisa bo‘lmagan, bu Finlandiyaga bostirib kirish uchun bir bahona edi. Tabiiyki, finlar anglashilmovchilik bo‘lgani va chegara hududlaridan SSSRga o‘q uzilmaganini ma’lum qiladi.
Oradan 7 kun o‘tib, 29 noyabr kuni Finlandiyaning Moskvadagi elchisi tashqi ishlar xalq komissariatiga chaqiriladi va unga so‘nggi nota topshiriladi. Elchiga Helsinkidan sovet elchilari chaqirib olinayotgani va fin elchixonasi xodimlari ham zudlik bilan Moskvani tark etishlari lozimligi aytiladi.
Ertasiga, 30 noyabr kuni tongda sovet armiyasi Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) yaqinida chegarani kesib o‘tib, Finlandiyaga bostirib kiradi. Shu tariqa, sovet-fin urushi boshlanadi. SSSRda sovet qo‘shinlarining Finlandiyaga bostirib kirishini «Fin xalqini kapitalistlardan qutqarish uchun olib borilayotgan harbiy harakatlar», deb targ‘ibot qilishadi.
Jumladan, urush boshlangach Leningrad harbiy okrugi qo‘mondoni Kirill Meretskov va Leningrad oblasti partiya qo‘mitasi birinchi sekretari Andrey Jdanov «Biz Finlandiyaga bosqinchilar sifatida bormayapmiz. Balki fin do‘stlarimizni kapitalistlar va pomeshchiklar zulmidan ozod qilish uchun boryapmiz», deyishgandi.
1939 yil 1 dekabr kuni sovetlar bosib olgan hududlarida Finlandiya demokratik respublikasini tuzishadi. Bu respublika 1940 yil 12 martgacha yashaydi va keyin uning hududi SSSR tarkibiga qo‘shib olinadi.
Urush boshlangach vaziyat Moskvada rejalashtirilganday kechmaydi. Finlandiya armiyasi kichik va yaxshi qurollanmagan bo‘lsa-da, bosqinchilarga qattiq qarshilik ko‘rsatadi. Qolaversa, oddiy aholi ham sovet armiyasiga qarshi partizanlik urushini boshlab yuboradi. Shu tufayli sovet qo‘shinlari tomonidan Finlandiyani bosib olish yoki uning ko‘proq hududlarini qo‘lga kiritishning iloji bo‘lmaydi.
SSSR Finlandiyaga bostirib kirgandan bir necha kun o‘tib bosqinchi davlat sifatida Millatlar ligasi tashkiloti a’zoligidan haydaladi. Jahondagi aksariyat davlatlar SSSRning bu bosqinchilik urushini qoralab chiqishadi.
1940 yil 12 mart kuni ikki davlat o‘rtasida tinchlik sulhi imzolanadi. Unga ko‘ra, Finlandiya o‘zining ozroq hududini SSSRga berib, o‘z mustaqilligini saqlab qoladi.
Afg‘on urushi (1979-1989 yillar)
1979 yilda SSSR mudofaa vaziri Dmitriy Ustinov hamda Yuriy Andropovning tashabbusi bilan SSSR qo‘shni Afg‘onistondagi taloto‘plardan foydalanib, bu davlatga o‘z harbiylarini kiritishga qaror qiladi.
1979 yil 10 dekabr kuni Ustinov Turkiston va Markaziy Osiyo harbiy okruglarini jangovar holatga keltirish haqida buyruq beradi. Shuningdek, 103-Vitebsk harbiy gvardiya havo-desant diviziyasi jangovar trevoga bilan oyoqqa turg‘iziladi.
1979 yil 12 dekabrda SSSR Siyosiy byurosi Afg‘onistonga qo‘shin kiritish haqida qaror qabul qiladi. 14 dekabrda SSSRning Bag‘romdagi harbiy bazasini 1979 yil iyul oyidan beri qo‘riqlayotgan 105-gvardiya havo-desant diviziyasining 111-polkiga yordam tariqasida Afg‘onistonga 345-havo-desant polki kiritiladi.
1979 yil 23 dekabr kuni tunda mudofaa vazirligi Afg‘onistonga qo‘shin kiritishga tayyorligini ma’lum qiladi.
Oradan bir kun o‘tib, Ustinov «Do‘st afg‘on xalqiga yordam berish maqsadida mamlakat janubidagi sovet harbiylarining bir qismini qo‘shni davlat hududiga kiritishga qaror qilindi», deb yozilgan direktivani imzolaydi.
1979 yil 25 dekabrda Turkiston harbiy okrugidagi 40-umumqo‘shin armiyasi Afg‘onistonga kiritish uchun jangovar shay holga keltirildi. O‘sha kuni tushdan so‘ng Afg‘onistonga kirish uchun buyruq beriladi va SSSR harbiy bo‘linmalari quruqlik va havo orqali Afg‘oniston hududiga bostirib kiradi.
10 yil olib borilgan afg‘on urushi SSSR uchun katta noxushliklar olib keldi. Birinchi navbatda, sovetlar bu urush uchun nihoyatda katta mablag‘ sarflaydi. Mamlakat ravnaqi uchun ishlatilishi lozim bo‘lgan mablag‘ havoga sovuriladi. Oqibatda mamlakat iqtisodiyotida turg‘unlik yuzaga keladi.
Shuningdek, bu urushda ko‘plab harbiylar, shu jumladan, Afg‘onistonda turli ishlar yuzasidan xizmatda yurgan fuqarolar halok bo‘lishadi. Brejnev hukmronligi davrida, 1970-yillardan boshlab ancha iliqlashgan SSSR-AQSh munosabatlari eng yomon holatga keladi.
AQSh boshchiligidagi G‘arb davlatlari afg‘on urushi tufayli SSSRga qarshi iqtisodiy sanksiyalar joriy etdi va SSSRdan neft va gaz sotib olmay qo‘yishdi. Natijada mamlakat iqtisodiyoti juda katta zarar ko‘ra boshladi.
Oxir-oqibat bu urush sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilishi bilan yakunlandi.
Sovet armiyasining o‘n yil davomida (1979-1989 yillar) Afg‘onistonda olib borgan bosqinchilik urushi «Do‘st afg‘on xalqiga yordam berish uchun» niqobi bilan xaspo‘shlangan.
O‘n yil davomida OAV orqali sovet fuqarolariga Afg‘onistonni kapitalistik dunyo o‘z ta’sir doirasiga olishga urinayotgani (u paytda hali terrorizim haqida gap bo‘lmagan), sovet armiyasi ularga qarshi kurashda «jafokash afg‘on xalqiga yordam berayotgani» uqtirilgan.
Rossiya-Gruziya urushi (2008 yil 8 avgust-2008 yil 12 avgust)
2008 yil 7 avgust kuni Gruziya armiyasi Janubiy Osetiya poytaxtiga hujum qiladi. Maqsad ayirmachi bu respublikani Gruziya boshqaruviga qaytarish edi.
8 avgust kuni Gruziya armiyasiga Janubiy Osetiyada «tinchlikparvar kuchlar» vazifasini bajarayotgan kam sonli rossiyalik harbiylar qarshilik ko‘rsatadi. Teng bo‘lmagan janglarda ular yengiladi va respublika markazi Tsxinvali gruzinlar qo‘liga o‘tadi.
Shundan so‘ng, 8 avgust kuni Rossiyaning Shimoliy Kavkazda joylashgan 58-armiya bo‘linmalari Gruziya hududiga bostirib kiradi va Tsxinvali tomon harakatlana boshlaydi.
O‘shanda bu armiya tarkibida 1500 nafar harbiy, 14 ta T-72 tanki, 16 ta «Akatsiya» tipidagi harbiy texnika, 9 ta «Grad» artilleriya qurilmasi bo‘lgan. 9 avgust kuni Rossiyaning boshqa hududlaridan harbiy bo‘linmalardan ham harbiy aviatsiya Gruziya tomon jo‘natiladi.
2008 yil 9 avgust kuni Rossiya armiyasi Gruziyaga bostirib kirganidan bir necha soat o‘tib Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev (O‘sha paytda Putin Rossiya «taxti»ni Medvedevga bo‘shatib bergan va u 2008-2012 yillar oralig‘ida Rossiyani boshqargandi) to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda chiqish qiladi.
Medvedev o‘z chiqishida Rossiya har doim Kavkaz xalqlari uchun tinchlikni ta’minlash kafolati bo‘lib kelgani va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolishini aytadi va Rossiya har doim o‘z vatandoshlarini himoya qilishga shayligini ma’lum qiladi.
«Rossiya konstitutsiyasi va federal qonunlariga muvofiq, Rossiya prezidenti sifatida men mamlakat fuqarolarini va o‘z vatandoshlarimni, ular qayerda, qanday holatda bo‘lsa ham, munosib himoya qila olaman», deydi Medvedev.
U «Rossiya fuqarolarini va vatandoshlarimni» deganda Rossiya pasportini olgan janubiy osetiyaliklarni nazarda tutgan edi. O‘shangacha Rossiya nafaqat Janubiy Osetiya aholisiga, balki Abxaziya aholisiga ham muntazam ravishda Rossiya pasportlarini berib kelayotgandi. Ana shu tufayli Medvedev xalqaro normalar bo‘yicha Gruziya fuqarolari hisoblanadigan Janubiy Osetiya aholisini «vatandoshlarim» deb atagan edi.
9 avgust kuni ertalabdan Rossiya harbiy samolyotlari Gruziyaning muhim obektlariga havodan zarba bera boshlaydi. 58-armiya bo‘linmasi esa Tsxinvalini gruzinlardan qaytarib olish uchun harbiy harakatlarni boshlaydi.
O‘sha kuni soat 11:30da Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili mamlakat bo‘ylab jangovar shaylik holati e’lon qiladi. Kunning ikkinchi yarmida Rossiya Gruziyaning bir qancha muhim hududlariga harbiy desant tashlay boshlaydi. Gori, Vaziani va Marneulida joylashgan harbiy aerodromlarga havodan zarba beriladi.
9 avgust kuni Saakashvili G‘arb nashrlariga bergan qisqa intervyusida «Rossiya Gruziyaga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Mamlakatning katta qismida uning armiyasiga qarshi jang qilyapmiz», deydi. O‘sha kuni kechga borib Rossiya mudofaa vazirligi Tsxinvalidan Gruziya harbiylari chiqarilgani va bu davlatga yana qo‘shimcha kuchlar jo‘natilganini ma’lum qiladi.
9 avgust kuni Gruziya prezidenti mamlakatda 15 kunlik harbiy holat e’lon qiladi. 10-12 avgust kunlari Rossiya va Gruziya harbiylari o‘rtasida janglar davom etadi. 12 avgust kuni Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi ikki o‘rtada shu urushni to‘xtatish masalasida vositachilik qilish uchun Moskvaga tashrif buyuradi. U Moskvadagi muzokaralarni tugatib, 12 avgustda Tbilisiga ham keladi va Saakashvili bilan uchrashadi.
12 avgust kuni Gruziya urushda yengilganini tan olib, harbiy harakatlarni to‘xtatadi. Urush tugaydi. Ammo Rossiya harbiylari egallangan pozitsiyalarida 16 avgustgacha qoladi.
O‘shanda Rossiya harbiylari poytaxt Tbilisiga juda yaqin kelib qolgandi. Agar Saakashvili Gruziyaning yengilganini tan olishni biroz ortga surganda, rossiyalik harbiylar poytaxtni ham bosib olishi mumkin edi.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi (2022 yil 24 fevral)
Joriy yil 24 fevral kuni Rossiya harbiylari Ukrainaga bostirib kirdi va bu davlat yaqin tarixida ikkinchi bosqinchilik urushini boshladi. Rossiya armiyasi Ukraina hududida keng qamrovli urush boshlagan bo‘lsa-da, bu bosqinchilik urushini «Ukraina xalqini mamlakatni egallab olgan millatchilardan qutqarish uchun boshlangan maxsus operatsiya» deb ataydi.
Urush boshlangandan bir yarim soat o‘tib, 24 fevral tongida, Moskva vaqti bilan soat 5:30da Rossiya prezidenti Vladimir Putin davlat telekanallari orqali murojaatida Ukrainada «maxsus harbiy amaliyot boshlangani»ni e’lon qildi.
U Donetsk va Luhansk xalq respublikalari yordam so‘ragani, «Kiyev rejimi tomonidan tahqirlash va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish» uchun harbiy harakatlar boshlaganini ma’lum qildi.
«Men maxsus harbiy operatsiya o‘tkazishga qaror qildim. Uning maqsadi sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlash va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilishdir. Va buning uchun biz Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilishga intilamiz. Shuningdek, tinch aholiga, jumladan, Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga qarshi ko‘plab qonli jinoyatlarni sodir etganlarni ham sudga tortish maqsad qilingan», deydi u murojaati davomida.
Oradan biroz o‘tib, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov uning 24 fevral kuni tongda qilgan murojaatiga izoh berdi.
«Hech kim Ukrainani bosib olish haqida o‘ylamayapti. Operatsiyadan maqsad – Ukrainani demilitarizatsiya qilish. Eng ideal holatda esa Ukrainani ozod qilib, millatchilardan tozalash. Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, rossiyaliklar operatsiyani «LXR» va «DXR»ni tan olishni qo‘llagani kabi qo‘llab-quvvatlaydi. Operatsiya muddati voqealar rivojiga bog‘liq. Qarorni prezident qabul qiladi. Ukraina taqdirini esa ukrain xalqi hal qiladi», degandi Peskov matbuot anjumanida.
O‘sha murojaatida Putin Rossiyaning rejasi Ukraina hududini bosib olish emasligini aytgandi. Ammo keyinchalik Rossiya harbiylari tomonidan bosib olingan Zaporojjya va Xerson viloyatlarida soxta referendum o‘tkazilib, bu hududlar Rossiyaga qo‘shib olindi.
Rossiya bugun ham Ukrainaga qarshi urush olib borayotganini tan olmaydi va uni «Ukrainada millatchilarga qarshi olib borilayotgan maxsus harbiy operatsiya» deb atashda davom etmoqda.
Mavzuga oid
21:53
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
16:21
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
11:00