Millionlar nolasi: Afg‘on urushi qanday boshlanib qanday tugagan?
Afg‘oniston. Bu so‘z bugun jahon afkor ommasi uchun «notinchlik», «jang-u jadal» so‘zlari bilan sinonim tarzda qo‘llanadi. Biroq bir paytlar bu yurt ham tinch rivojlanish jarayonida bo‘lgan. Odamlar ertalab xotirjam uyg‘ongan, notinchlik va urushni xayoliga keltirmasdan yashagan. Ammo, o‘tgan asrning 70-yillariga kelib vaziyat o‘zgardi...
O‘sha paytda Afg‘onistonda Muhammad Zohirshoh podshoh edi.
1973 yilda Zohirshoh Italiyaga rasmiy tashrif bilan ketganidan foydalanib, uning yaqin qarindoshi, Afg‘oniston bosh vaziri Muhammad Dovud davlat to‘ntarishini amalga oshiradi va Afg‘onistonda hokimiyatni o‘z qo‘liga oladi. Zohirshoh esa Italiyada qoladi.
Muhammad Dovudning hukmronligi besh yil davom etadi. 1978 yil 27 aprelda Afg‘onistonda yana notinchlik boshlanadi — o‘zlarini Afg‘oniston Xalq Demokratik partiyasi a’zolari deb atagan guruh Muhammad Dovudga qarshi isyon boshlaydi. Bu isyon «Savr inqilobi» nomi bilan tarixga kiradi.
Isyonchilar prezident saroyini o‘rab olib, Muhammad Dovudga taslim bo‘lish talabini qo‘yadi. U ko‘nmaydi. O‘rtada otishma boshlandi. Natijada, Muhammad Dovud, uning oila a’zolari bo‘lgan yigirmaga yaqin kishi, jumladan, besh nafar farzandi va akasi Muhammad Naim halok bo‘lishadi.
Isyonchilar hokimiyatni egallashadi. Ularga Nurmuhammad Tarakiy va Hafizulloh Amin boshchilik qilishadi.
Muhammad Dovuddan hokimiyatni tortib olgan AXDP Afg‘oniston Demokratik Respublikasi tuzilganini va mamlakat sotsializm yo‘lidan ketishini e’lon qiladi. Mamlakat rahbari Muhammad Tarakiy, inqilobiy kengash raisi Hafizulloh Amin bo‘ladi.
O‘shanda Afg‘onistonda kechayotgan voqealarni dunyoning bir-biriga qarshi bo‘lgan ikki kuchli davlati, AQSh va SSSR diqqat bilan kuzatayotgan va yangi hukumat bilan yaqin munosabat o‘rnatishga urinayotgan edi.
Nurmuhammad Tarakiy SSSR bilan, Hafizulloh Amin esa AQSh bilan yaqin aloqalar o‘rnatish tarafdori edi.
Ammo, mamlakatda Tarakiy va Aminning qarashlariga qo‘shilmaydigan, AQSh va SSSR bilan birday oraliq masofa saqlagan holda munosabat o‘rnatish tarafdorlari bo‘lgan odamlar ham ko‘p edi. Ana o‘shalar Tarakiy va Amin boshqarayotgan hukumatga qarshi qurol ko‘tarib chiqishadi.
Shu tariqa, mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketdi.
SSSRdan yordam so‘rash
1978 yil 8 may kuni Afg‘oniston hukumati SSSR rahbariyatiga murojat qilib zudlik bilan Afg‘onistonga partiya, xavfsizlik (KGB), harbiy va xo‘jalik xodimlardan iborat maslahatchilar yuborishni so‘raydi.
Afg‘onistonga eng dastlab KGB xodimlari, so‘ng boshqa soha vakillari jo‘natiladi. Keyinchalik oshkor bo‘ldiki, o‘shanda SSSR hukumati Afg‘onistonga oshpaz yoki injyener sifatida ham asosan KGB xodimlarini jo‘natgan.
1979 yilning bahorida Afg‘oniston hukumati SSSRdan harbiy yordam so‘raydi. Ammo SSSR buni rad etadi.
Jumladan, 1979 yil 19 martda KPSS Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosining navbatdan tashqari yig‘ilishida SSSR rahbari Brejnev shunday degandi: «Kun tartibida Afg‘onistonga harbiy yordam berish masalasi turibdi. Afg‘on do‘stlarimiz bizdan harbiy yordam ko‘rsatishimizni so‘rashyapti. Biz hozirgi holatda, bu mamlakatga harbiylarimizni kirita olmaymiz. Bu hammamizning zararimizga ishlashi mumkin».
Ikkinchi tomondan, SSSR mudofaa vaziri Dmitriy Ustinov buyrug‘i bilan Afg‘oniston bilan chegara hududlar, Turkmaniston va O‘zbekistonga harbiy havo-desant qo‘shinlari joylashtirila boshlangan.
1979 yil sentabr oyida Afg‘oniston hukumati va AXDP ichidagi kelishmovchiliklar tufayli partiya rahbari Nurmuhammad Tarakiy qamoqqa olinadi va keyinchalik hukumatni qo‘lga olgan Hafizulloh Amin tomonidan qatl etiladi.
Hafizulloh Amin hukumatni qo‘lga olar ekan, SSSR rahbariyati bilan do‘stona aloqada bo‘lishini bildiradi. 1979 yil sentabr oyidan dekabr oyigacha Amin SSSR hukumatidan bir necha bor harbiy yordam so‘ragan. Ikkinchi tarafdan, u AQSh bilan hamkorlik qilish haqida yashirincha muzokara o‘tkaza boshlagan.
Bu hol tabiiyki, SSSR hukumatiga yoqmaydi. Moskva Aminni taxtdan ag‘darish va uning o‘rniga Afg‘oniston hukumati rahbarligiga Babrak Kormalni tayinlash rejasini tuza boshlaydi.
Afg‘onistonga qo‘shin kiritilishi
1979 yil dekabr oyida Afg‘onistonning Bagrom shahriga KGBning «Musulmon bataloni» nomini olgan va asosan Markaziy Osiyo respublikalari va Kavkazdan chaqirilgan xodimlardan iborat bo‘lgan maxsus bo‘linmasi jo‘natiladi.
1979 yil 10 dekabr kuni SSSR Mudofaa vaziri D.Ustinov Turkiston va Markaziy Osiyo harbiy okruglarini jangovar holatga keltirish haqida buyruq beradi. Shuningdek, 103-Vitebsk harbiy gvardiya havo-desant diviziyasi jangovar trevoga bilan oyoqqa turg‘iziladi.
Nihoyat, 1979 yil 12 dekabrda SSSR Siyosiy byurosi Afg‘onistonga qo‘shin kiritish haqida qaror qabul qiladi. 14 dekabrda SSSRning Bagromdagi harbiy bazasini 1979 yil iyul oyidan beri qo‘riqlayotgan 105-gvardiya havo-desant diviziyasining 111-polkiga yordam tariqasida Afg‘onistonga 345-havo-desant polki kiritiladi.
1979 yil 23 dekabr kuni tunda mudofaa vazirligi Afg‘onistonga qo‘shin kiritishga tayyorligini ma’lum qiladi.
Oradan bir kun o‘tib SSSR Mudofaa vaziri D.Ustinov «Do‘st afg‘on xalqiga yordam berish maqsadida mamlakat janubidagi Sovet harbiylarining bir qismini qo‘shni davlat hududiga kiritishga qaror qilindi», deb yozilgan direktivani imzoladi.
1979 yil 25 dekabrda Turkiston harbiy okrugidagi 40-umumqo‘shin armiyasi Afg‘onistonga kiritish uchun jangovar tayyor holga keltirildi. O‘sha kuni tushdan so‘ng Afg‘onistonga kirish uchun buyruq beriladi va SSSR harbiy bo‘linmalari quruqlik va havo orqali Afg‘oniston hududiga bostirib kiradi.
Harakatdagi armiyaga yordam berish uchun 27 dekabr kuni O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikistondan umumiy hisobda 32 ming zaxiradagi harbiy xizmatchilar chaqirilib harbiy harakatlarga tayyorlanadi. Aholi vakillaridan va turli tashkilotlardan 9 mingta «UAZ» avtomobili harbiy harakatlarda foydalanish uchun olib qo‘yiladi.
1979 yil 25-27 dekabr kunlarida Afg‘onistonga yana qo‘plab harbiy bo‘linmalar olib kirildi.
Aminning o‘ldirilishi yoxud salla o‘ragan KGB xodimlari
1979 yil 16 dekabrda Aminga suiqasd uyushtiriladi. U tirik qoladi. Babrak Kormal zudlik bilan Moskvaga chaqirib olinadi.
20 dekabr kuni «Musulmon bataloni» Bagromdan Kobulga o‘tkazildi. Ushbu batalon Amin yashayotgan saroyni egallashi shart edi. Amin saroyini egallash uchun Moskvadan KGBning yana ikkita maxsus bo‘linmasi chaqiriladi.
1979 yil 27 dekabr kuni, KGB maxsus bo‘linmalari va harbiylar yordamida Amin saroyi egallanadi va Aminning o‘zi o‘ldiriladi.
O‘sha paytda Amin saroyiga KGB maxsus bo‘linmasi bostirib kirgani haqida hech qayerda gapirilmagan. Ommaga «Afg‘on xalqi Amin saroyini zabt etib o‘zini o‘ldirdi», deya ma’lumot berilgan.
«Pravda» gazetasi esa «Xalq isyon ko‘tarib, Aminning saroyiga bostirib kirdi va Amin va uning tarafdorlarini o‘ldirdi», deb yozib chiqqan. Keyinchalik, SSSR tarqab ketganidan so‘ng, o‘shanda Amin saroyiga bostirib kirib uni va tarafdorlarini o‘ldirgan «afg‘on xalqi» afg‘onlar kiyimini kiyib olgan KGBning maxsus bo‘linmasi xodimlari bo‘lgani oshkor bo‘ldi.
Amin o‘ldirilganidan so‘ng Babrak Kormal Bagromdagi SSSR harbiy bazasidan chiqib, Kobulga keladi va uni Afg‘oniston rahbari deb e’lon qilishadi. U SSSR rahbariyatidan Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish uchun o‘z mamlakatiga harbiylarni kiritishni «iltimos qiladi».
Bunga javoban sovetlar rahbariyati Afg‘onistonga qo‘shin kiritish haqida qaror chiqaradi. Ammo, bungacha SSSR harbiylarining katta qismi Afg‘onistonga kirib bo‘lgan edi.
Shu tariqa Afg‘onistonda urush boshlandi.
Urushni bir necha oyda tugatmoqchi bo‘lgan Ustinov va Andropov
Afg‘onistonga harbiylarni kiritishga o‘sha payda SSSR Mudofaa vaziri bo‘lgan D.Ustinov va KGB rahbari Yu.Andropovning hissasi katta bo‘lgan.
Ular Brejnevni «Afg‘onistonda bir hovuch dushman bor. Ikki-uch oyda ularni yengib, urushni tugatamiz», deya ishontirishgandi.
Ularning maqsadi urush oqibatlarini o‘ylab tashvishlangan Brejnevni o‘shanda tinchlantirish bo‘lganmi yoki o‘z kuchlariga haddan oshiq ishonishmi — bu masala mavhumligicha qolib kelmoqda.
Keyinchalik, Brejnevning jiyani Lyubov Brejneva o‘z esdaliklarida Afg‘on urushi boshlanganidan biroz vaqt o‘tib tog‘asining har kuni kechki payt Dmitriy Ustinovga qo‘ng‘iroq qilib «Dima, bu urush qachon tugaydi? Sen urush uzoq davom etmaydi, degan eding. Ammo, jin ursin bu urushingni, oxiri ko‘rinmayapti-ku?! Axir, u yerda bolalarimiz halok bo‘lishyapti?!» deb gapirganlari haqida eslab o‘tgan.
Afg‘onistondagi urushda SSSR harbiylariga qarshi kurashayotgan tomonlarni G‘arb davlatlari, xususan AQSh har taraflama qo‘llab-quvvatladi. Natijada urush cho‘zilib ketadi.
D.Ustinov va Yu.Andropovga ishonib, Afg‘onistonga qo‘shin kiritishga rozi bo‘lgan L.Brejnev 1982 yilda vafot etdi.
«Bir necha oyda bu urushda yengib chiqamiz» degan D.Ustinov, hamda avval KGB, so‘ngra SSSR rahbari bo‘lgan Yu.Andropov 1984 yilda vafot etishdi.
Ammo, Afg‘on urushi tugamadi va millionlab insonlarga ofat olib kelishda davom etaverdi. Hukumat OAV va televideniye orqali «Afg‘onistondagi janglarda sovet qo‘shinlarining qo‘li ustun kelayotgani, g‘alaba onlari yaqinligi» haqida tinimsiz yolg‘on ma’lumotlar beraverdi.
Afg‘on urushi SSSR uchun haqiqiy halokat bo‘ldi
Afg‘on urushi SSSR uchun katta noxushliklarni olib keldi.
Birinchi navbatda, SSSR bu urush uchun nihoyatda katta mablag‘ sarfladi. Mamlakat rivoji uchun ishlatilishi lozim bo‘lgan mablag‘ havoga sovurildi. Oqibatda mamlakat iqtisodiyotida turg‘unlik yuzaga keldi.
Shuningdek, bu urushda ko‘plab harbiylar, shu jumladan, Afg‘onistonda turli ishlar yuzasidan xizmatda yurgan fuqarolar halok bo‘lishdi.
Brejnev hukmronligi davrida, 1970-yillardan boshlab ancha iliqlashgan SSSR-AQSh munosabatlari eng yomon holatga keldi.
AQSh boshchiligidagi G‘arb davlatlari, Afg‘on urushi tufayli SSSRga qarshi iqtisodiy sanksiyalar joriy etdi va SSSRdan neft va gaz sotib olmay qo‘ydi. Buning natijasida mamlakat iqtisodiyoti juda katta zarar ko‘ra boshladi.
Harbiy xizmatga sog‘lom ketgan bolasining nogiron bo‘lib yoki tobutda jasadi kelishi odamlarga aks ta’sir ko‘rsata boshladi va SSSRning o‘zida ham bu urushga qarshi norozilik kuchayib boraverdi.
Afg‘on urushida AQShning roli
SSSRning Afg‘onistonga qo‘shin kiritishiga AQSh boshliq G‘arb davlatlari boshdanoq qarshi edi.
Afg‘onistonda urush boshlanganidan so‘ng AQSh va yana bir qator G‘arb davlatlari SSSRga qarshi kurashayotgan guruhlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Ularga qurol-yaroq, oziq-ovqat, kiyim-kechaklar yetkazib beriladi. AQSh tomonidan berilgan yordam miqdori yil sayin oshib boravergan. 1984 yilda 125 million dollar, 1987 yilda 630 million dollar miqdorida yordam berilgan.
Afg‘on muxolif guruhlarining vakillari o‘sha paytlarda bir necha bor AQShga tashrif buyuradi. AQSh prezidenti Ronald Reygan ularni Oq uyda ham qabul qilgan.
Afg‘on urushi AQSh uchun yangi qurollarni sinab ko‘radigan poligon vazifasini ham bajarib beradi. Bu yerda ular turli kimyoviy va boshqa qurollar sinovdan o‘tkazib ko‘riladi.
Odamni bepusht qiladigan kimyoviy moddalar qo‘shib tayyorlangan piyodaga qarshi minalar va snaryadlar ilk bor Afg‘on urushida sinab ko‘rilgan. Bu haqda sobiq «afg‘onchi»lar o‘z esdaliklarida yozishgan.
Afg‘onistondan qo‘shinlarni chiqarish
1985 yil 11 mart kuni K.Chernenkoning vafotidan so‘ng SSSR rahbarligi M.Gorbachyovga o‘tdi.
Brejnev va uning vorislaridan farqli o‘laroq, Gorbachyov vaziyatni munosib baholadi va Afg‘on urushida g‘alaba qozonib bo‘lmasligini yaxshi anglab yetdi. U 1986 yil fevral oyida, KPSSning XXVII s’yezdida Afg‘onistondan qo‘shinlarni bosqichma-bosqich olib chiqish haqida bayonot berdi.
Oradan yana ikki yil o‘tib, 1988 yil 15 maydan boshlab Afg‘onistondan qo‘shinlar chiqarila boshlandi. 1989 yil 15 fevralda oxirgi qismlar Termizdagi Hayraton ko‘prigidan o‘tdi.
Dunyoda, tinchlik o‘rnatilishiga qo‘shgan munosib hissasi uchun Gorbachyov 1990 yilda Tinchlik yo‘lidagi xizmatlari uchun xalqaro Nobel mukofotini oladi.
O‘zbekiston Afg‘on urushida
SSSRda Afg‘on urushidan eng ko‘p jabr chekkan hududlar Markaziy Osiyo respublikalari bo‘ldi. Eng ko‘p askar shu hududdagi ittifoqdosh respublikalaridan olindi.
Jumladan, O‘zbekistondan 64 500 nafar yigit Afg‘on urushida ishtirok etgan va ulardan 1522 nafari halok bo‘lgan. 2500 nafardan oshiqroq o‘zbekistonlik nogiron bo‘lgan.
Albatta, yuqoridagi raqamlar SSSR tarqab ketgunicha berilgan rasmiy ma’lumot hisoblanadi va u ancha kamaytirib ko‘rsatilgan bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas.
Afg‘on urushi fojialari va oqibatlari O‘zbekistondagi aksariyat oilalariga kirib bordi. Kimningdir bolasi halok bo‘ldi, kimningdir bolasi nogiron bo‘ldi.
O‘shanda O‘zbekistonga «200-yuk» temir tobut har kun kelib turgan.
Afg‘on urushidagi yo‘qotishlar
Afg‘onistondagi 10 yillik urushda SSSR harbiylari juda ko‘p yo‘qotishlarga uchradi. O‘sha paytda SSSR qurolli kuchlari harbiy texnikalari ko‘pligi va qudratliligi bilan maqtanishi mumkin edi.
Ammo, harbiy askarlar sifati haqida bunday deb bo‘lmas edi. Mamlakat armiyasida shartnoma asosida xizmat qilish tizimi yo‘q va unda asosan «hali go‘dak suti og‘zidan ketmagan» yosh yigitlar xizmat qilardi.
18 yoshda harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlar ikki yil xizmat qilib, tajribasi biroz oshganida zaxiraga bo‘shatilar va o‘rniga yana yosh yigitlar olinar edi. Afg‘on urushida ana shu no‘noq tizim pand berdi.
Mutlaqo jangovar tajribasi bo‘lmagan yosh yigitlarning jang maydoniga tashlanishi ularning «tutday to‘kilishi»ga va janglarda yutqazishiga sabab bo‘ladi.
SSSR harbiylariga qarshi jang qilgan afg‘onlar esa Pokistondagi lagerlarda tayyorgarlik ko‘rgan va bir necha yillik jang tajribasiga ega edi.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘on urushida umumiy hisobda 2 million Afg‘oniston harbiylari va fuqarolari halok bo‘lgan. Ayrim tadqiqotchilar ma’lumotlarida halok bo‘lganlar qariyb 3 million nafar bo‘lgani qayd etilgan, 5 million nafar afg‘onistonlik esa qochqinga aylangan.
SSSR tomonidan bu urushda jami 820 ming nafar harbiy qatnashgan. 1989 yilda ulardan 14 453 nafari halok bo‘lgani haqida,rasmiy ma’lumot berilgan. SSSRning jami yo‘qotishi 15 031 nafar bo‘lgan. Ammo, tahlilchilar SSSR harbiylarining Afg‘on urushidagi yo‘qotishlari bundan bir necha barobar ko‘p bo‘lganini bildirishadi.
SSSRning harbiy texnikalar yo‘qotilishi haqidagi rasmiy ma’lumotlari ham kamaytirib ko‘rsatilgani aytiladi.
SSSR Afg‘on urushi uchun har yili 800 million dollar mablag‘ ajratgan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra esa SSSR bu urush uchun har yili 3 milliarddan 8,2 milliard dollargacha mablag‘ sarflagan.
Sovet qo‘shinlari chiqarilganidan so‘ng
SSSR qo‘shinlarining Afg‘onistonda olib borgan o‘n yillik urushi bu mamlakat uchun og‘ir asorat qoldirdi. SSSR harbiylari chiqarilganidan keyin ham Afg‘oniston tinchimadi. Turli guruhlar hokimiyat talashib, fuqarolar urushi boshlanib ketdi.
Afg‘oniston hanuz notinch bo‘lib qolmoqda. Bu yurtda urush boshlanganiga ayni kunlarda 40 yil bo‘ldi.
Bugun barcha — Afg‘on xalqining o‘zi ham, unga chegaradosh davlatlar, jahon ahli — Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishini xohlayapti. Ammo, hozircha bu xohishlarning amalga oshishi qiyin bo‘lmoqda. Ammo, umid so‘ngani yo‘q va bu yurtda tinchlik o‘rnatilishiga ishonuvchilar ham ko‘p.
G‘ayrat YO‘LDOSh tayyorladi.
Mavzuga oid
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
14:37 / 08.12.2024
KGB boshlig‘idan davlat rahbariga aylangan shaxs – qattiqqo‘l Andropov suiqasd qurboni bo‘lganmi?
12:13 / 07.12.2024
9 marta qamoqdan qochgan ashaddiy jinoyatchi: “Ayyor Vanka” kim edi?
15:18 / 24.11.2024