Ko‘pchilik bor-yo‘g‘i 105 kun davom etgan Sovet-fin urushi haqida batafsil ma’lumotlarga ega emas. SSSR davrida, u parchalanib ketgach Rossiya tarix kitoblarida ham asosiy urg‘u fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qaratiladi. Sovet-fin urushida maqtanadigan narsaning o‘zi yo‘qligi uchun bu haqida uzuq-yuluq ma’lumotlar berish bilan cheklanishadi.

Sovet-fin urushining eng ahamiyatli tomoni shundaki, SSSRning juda katta armiyasi finlarning son jihatdan bir necha barobar kam bo‘lgan qo‘shini ustidan batamom g‘alaba qozona olmaydi. Ayrim tarixchilar sovet armiyasining Fin urushida muvaffaqiyatsizlikka uchraganini va g‘alaba qozona olmaganini ko‘rib, Hitler SSSRga hujum qilishga qaror qilgan, degan farazni ilgari surishadi. Nima bo‘lganda ham, bu urushda fin xalqi bosqinchilarga mardonavor qarshilik ko‘rsatadi va ayrim chegaradosh hududlarini SSSRga berib bo‘lsa-da, o‘z mustaqilligini saqlab qoladi.

Bugun sobiq ittifoq hududida yashayotgan ko‘pchilik Ikkinchi jahon urushi 1941 yil 22 iyunda boshlangan deb biladi. Aslida u 1939 yil 1 sentabr kuni boshlangan. O‘shanda SSSR va Germaniya armiyasi Polshaga bostirib kirgan edi. Undan keyin ikkita ittifoqdosh davlat Chexoslovakiya va Ruminiyani birgalikda bosib olib o‘zaro taqsimlashadi. So‘ng SSSR Finlandiyaga hujum qiladi.

Molotov-Ribbentrop pakti va Sharqiy Yevropaning bosib olinishi

1939 yil 23 avgustda Moskva shahrida natsistlar Germaniyasi va sovet ittifoqi o‘rtasida o‘zaro hujum qilmaslik bo‘yicha shartnoma imzolanadi. Bu shartnoma har ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Vyacheslav Molotov va Ioaxim fon Ribbentrop tomonidan imzolangani uchun u «Molotov-Ribbentrop pakti» deb nomlanadi.

Molotov va Ribbentropning ana shu uchrashuvida fashistlar Germaniyasi va SSSR tomonidan Sharqiy Yevropa davlatlarini birgalikda bosib olib, o‘zaro taqsimlash masalalari ham yashirincha kelishib olinadi