O‘zbekiston | 21:25 / 07.11.2022
12797
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metropolitenida nosozlik ro‘y berdi (video)

Toshkent metrosida bir tomon yo‘nalishi to‘xtab qoldi. Internetda metro vagonlari to‘xtab turgani va yo‘lovchilar ulardan chiqarilgani aks etgan videolar tarqaldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

7 noyabr kuni Toshkent metropoliteni «Chilonzor» yo‘nalishi Sergeli yo‘lining 5-bekatida nosozlik yuzaga kelishi oqibatida poyezdlar bir tomonlama harakatni amalga oshirdi. Bu holat yuzasidan metropoliten axborot xizmati izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, soat 19:10 da poyezd harakat yo‘lida texnik nosozlik holati kuzatilgan, buning oqibatida bekatda bo‘lgan 17-sonli harakat tarkibi harakatlana olmagan hamda ushbu yo‘lda yo‘lovchilar va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida harakat vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Ushbu vaqt oralig‘ida «Buyuk Ipak yo‘li» hamda «Olmazor» bekatlari oralig‘ida poyezdlar jadval asosida harakatlangan.

«Olmazor» hamda Sergeli yo‘li 5-bekat oralig‘ida ushbu nosozlik holati tuzatilgunga qadar bir tomonlama harakat amalga oshirilgan. Soat 19:37 da kuzatilgan nosozlik mutaxassislar tomonidan bartaraf etilgan va poyezdlar harakatlana boshlagan. Hozirda barcha poyezdlar belgilangan jadval asosida harakatlanmoqda.