Jahon | 08:24 / 08.11.2022
11181
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kongress saylovlaridan keyin Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga yordam berish masalasida partiyalararo hamkorlikka sodiq, dedi Oq uy matbuot kotibi.

Foto: AP

Vashington Kongressga oraliq saylovlar natijalaridan qat’i nazar, Rossiya bilan urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi. AQSh prezidenti Jo Baydenning matbuot kotibi Karin Jan-Per 7 noyabr, dushanba kuni jurnalistlar bilan suhbatda «AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi barqaror va mustahkam bo‘lishiga ishonchimiz komil», dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bayden Ukrainaga yordam berish masalasida partiyalararo hamkorlikka intiladi.

Avvalroq, hozirda Vakillar palatasida muxolifat kursisida o‘tirgan respublikachilar yetakchisi Kevin Makkarti, agar uning partiyasi oraliq saylovlarda muvaffaqiyat qozonsa, Kiyev Shtatlardan «istalgan miqdorni ko‘rsatib, imzolangan cheklarni» olmasligini aytgan edi. Bu so‘zlar AQShning Ukrainaga harbiy va iqtisodiy yordamini qisqartirishi mumkinligi haqida munozaraga sabab bo‘ldi.

CNN telekanaliga bergan intervyusida Makkarti Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini, biroq «mablag‘lar kerakli joyga ketishiga» ishonch hosil qilish zarurligini ta’kidladi. Kongress bu mavzuda erkin bahs yuritishi kerak, dedi siyosatchi.

Respublikachilar partiyasi vakillari AQShning Ukrainaga yordami hajmini bir necha bor tanqid qilgan. Aksariyat respublikachilar Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etish zarur, deb hisoblaydi.

Vashington Kiyevga ham harbiy, ham moliyaviy yordam yubormoqda. Boshqa narsalar qatorida, Qo‘shma Shtatlar Ukraina Qurolli kuchlarini raketalar, uchuvchisiz samolyotlar, artilleriya o‘q-dorilari va transport vositalari bilan ta’minlayapti. 2022 yilning may oyida Kongress 40 milliard dollarlik qutqaruv paketini ham kelishib oldi.

Taxminlarga ko‘ra, respublikachilar Kongressga o‘tkaziladigan oraliq saylovlarda g‘alaba qozonsa, Makkarti Vakillar palatasi raisi bo‘lishi mumkin.

AQSh prezidenti – demokrat Jo Bayden bo‘yicha esa, Reuters agentligi 8 noyabrga o‘tar kechasi e’lon qilgan ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, uning davlat rahbari sifatidagi faoliyatini Amerika aholisi tomonidan ma’qullash darajasi 39 foizgacha pasaygan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid