O‘zbekiston | 23:44 / 09.11.2022
8567
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestri tuziladi – Prezident farmoni 

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. 

Unda tadbirkorlikka oid barcha majburiy talablarni Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestriga (keyingi o‘rinlarda – Yagona reyestr) kiritish, takrorlanuvchi va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan majburiy talablarni qayta ko‘rib chiqish tartibini joriy etish nazarda tutilgan. 

Yagona reyestr tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish vositalari bo‘yicha o‘rnatilgan barcha talablar, ularning muddatlari, ular bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlar, talablarga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar, nazorat qiluvchi organlar, tekshiruv shakllari hamda javobgarlik choralarini o‘z ichiga oladi. 

Yagona reyestrga ma’lumotlar tegishli sohani tartibga soluvchi vakolatli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kiritiladi. 

  • Yagona reyestr quyidagi bosqichlarda shakllantiriladi: 
  • birinchi bosqichda (2023 yil) – qurilish, savdo, umumiy ovqatlanish, ta’lim va transport sohalaridagi majburiy talablar ro‘yxati shakllantiriladi; 
  • ikkinchi bosqichda (2024-2025 yillar) – barcha sohalardagi majburiy talablar ro‘yxati shakllantiriladi; 
  • Yagona reyestrni shakllantirish jarayonida majburiy talablarning dolzarbligi tanqidiy tahlil qilinadi, tartibga solish ta’siri baholanadi va ularning soni qisqartiriladi. 

Yagona reyestr 2025 yil 1 iyuldan boshlab to‘liq ishga tushiriladi. Bunda, Yagona reyestrga kiritilmagan majburiy talablarni bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmaydi, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Yagona reyestrga kiritilmagan majburiy talablarning bajarilishini tekshirish taqiqlanadi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid