Jahon | 07:54 / 11.11.2022
9996
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Rossiya armiyasining yo‘qotishlari Ukrainadan 10 baravar ko‘p

Rossiya armiyasining Ukrainaga qarshi urushdagi yo‘qotishlari Ukraina Qurolli kuchlarining yo‘qotishlaridan qariyb o‘n baravar ko‘p. Bu haqda Volodimir Zelenskiy Amerikaning CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

Foto: president.gov.ua

«Ha, o‘n marta. Men shunday deb o‘ylayman. Taxminan. Aniq raqamlarni ayta olmayman, lekin farq juda katta. Chunki bizning harbiy taktikamiz - odamlarni yo‘qotmaslik, chunki odamlar muhimroq», - deya ta’kidladi Ukraina prezidenti. 

Uning qayd etishicha, g‘arblik hamkorlarning yordami Ukraina Qurolli kuchlariga Rossiya hujumini sindirish va tashabbusni qo‘lga olish imkonini berdi.

Bundan oldin AQSh armiyasi shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, general Mark Milli Ukrainaga qarshi sakkiz yarim oylik urush davomida Rossiya «sezilarli darajada ko‘proq» 100 000 askarini yo‘qotganini aytgandi. 

Ehtimol, xuddi shunday holat Ukraina tomonida ham kuzatilmoqda, dedi Milli. Bundan tashqari, qo‘shni davlatga Rossiya harbiylari bostirib kirishi boshlanganidan beri 40 minggacha tinch aholi halok bo‘ldi, deya qo‘shimcha qildi amerikalik general.

Milli rus qo‘shinlarining Xersondan chekinishini ham chetlab o‘tmadi. Generalning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya shaharga 20 mingdan 30 minggacha qo‘shin kiritgan va qo‘shinlarni to‘liq olib chiqish bir necha hafta davom etishi mumkin. Rossiya armiyasi shu tariqa Dnipro janubidagi mudofaa chizig‘ini tiklash uchun kuchlarni tejashga harakat qilmoqda, deb hisoblaydi Milli. Xerson urush boshlanganidan keyin qo‘lga kiritilgan yagona Ukraina mintaqaviy markazi edi.

Shu bilan birga, Rossiya bahorgi hujumga tayyorgarlik ko‘rish uchun chekinishdan foydalanishi mumkin, dedi AQSh armiyasi shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi. Biroq, «muzokaralar uchun imkoniyatlar oynasi ham mavjud», deya qo‘shimcha qildi u.

Rossiya hukumati shaxsiy tarkib orasidagi yo‘qotishlar haqida so‘nggi marta mamlakatda safarbarlik e’lon qilingan 21 sentabr kuni ommaviy ravishda xabar bergan edi. O‘shanda mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, urushda 5937 kishi halok bo‘lgan. Noyabr oyining boshiga kelib «Mediazona» jurnalistlari va BBC rus xizmati ko‘ngillilar bilan birgalikda Ukrainada halok bo‘lgan 8294 nafar rossiyalik harbiylar haqida ma’lumot to‘pladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid