O‘zbekiston | 09:41 / 15.11.2022
8533
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyadagi vatandoshlar tashabbusi bilan o‘tkazilgan loyiha doirasida Buxoroda bir necha ming tup daraxt ekildi

Joriy yil 12-13 noyabr kunlari O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi ko‘magida Buyuk Britaniyada istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlar va faollar tomonidan ilgari surilgan “Buxoro - yashil makon" xayriya loyihasi so‘nggi bosqichi doirasida Buxoroda daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Foto: Dunyo

Umumiy hisobda Buxoroni ko‘kalamzorlashtirish va shahar havosi sifatini yaxshilash hamda suv toshqinlari oldini olish kampaniyasi doirasida 6,5 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. O‘zbekiston landshaft san’ati assotsiatsiyasi va bir qator ko‘ngillilar loyiha asosiy tashabbuskori, Buxoro shahri hokimligi esa qabul qiluvchi tomon sifatida qatnashdi.

Loyiha umumiy qiymati 100 ming yevroni tashkil etadi. Bu  Britaniyadagi o‘zbek diasporasi va tadbirkorlar orasida o‘tkazilgan keng targ‘ibot va tashviqot ishlari natijasi hamda YeTTB maxsus jamg‘armasi tomonidan yashil rivojlanish sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mablag‘larni jalb qilish orqali to‘plangan.

Loyiha tashabbuskori va menejyeri, hozirgi paytda YeTTB Ozarboyjondagi vakolatxonasi rahbari sifatida faoliyat yuritayotgan Kamola Mahmudova va uning loyiha hamkori - Kembrij universiteti doktori Timur Yunusovning fikr bildirishicha, loyiha ilg‘or ilmiy tadqiqotlar, Buxoro iqlim sharoitlari inobatga olingan holda amalga oshirilgan.

Kelgusida YeTTB ko‘magida ushbu dasturni O‘zbekiston boshqa shaharlarida ham amalga oshirish rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid