Jahon | 09:56 / 15.11.2022
9550
4 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi va AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llash qoidalariga aniqlik kiritdi

AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya qaysi hollarda rossiyalik benefitsiarlar bilan hamkorlik sanksiyalarga olib kelmasligi kerakligiga aniqlik kiritdi.

Foto: Shutterstock

Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan Rossiya hukumati va u bilan bog‘liq shaxslar hamda kompaniyalarga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar agrosanoat sektori emas, balki Rossiya harbiy sanoatiga aloqador bo‘lishi kerak, shuning uchun global tashkilotlar Rossiya kompaniyalari bilan bu sohada hamkorlik qilishi mumkin. 14 noyabr, dushanba kuni Yevropa Ittifoqi Diplomatik xizmati saytida ittifoqchi davlatlarning sanksiyalar qo‘llash holatlari bo‘yicha tushuntirishlar berilgan qo‘shma bayonoti e’lon qilindi.

Rossiyaning Ukrainaga harbiy harakatlari iqlim o‘zgarishi va COVID-19 pandemiyasi tufayli dunyo duch kelayotgan o‘tkir oziq-ovqat muammolarini yanada kuchaytirdi, deyiladi bayonotda. Buning oqibatlari millionlab odamlar oziq-ovqat ta’minotidan aziyat chekayotgan rivojlanayotgan mamlakatlarda ham, G‘arb davlatlarida ham sezilmoqda.

Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalar fuqarolik sektoriga emas, balki harbiy sohaga ta’sir qilishi kerak, shuning uchun ittifoqchi davlatlar cheklov choralarini qo‘llash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ichki ko‘rsatmalar va tushuntirishlarni nashr etdi. Ular «banklar, sug‘urtachilar, yuk jo‘natuvchilar va boshqa tashkilotlar dunyoni Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlari bilan ta’minlashda davom etishi mumkinligini» tushunishga yordam berishi lozim, deb yozadi bayonot mualliflari - Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel, AQSh Davlat departamenti kotibi Entoni Blinken va Britaniya tashqi ishlar vaziri Jyeyms Kleverli.

Diplomatlar «global hamkorlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar, sub’yektlar va idoralarni» hamma uchun oziq-ovqat mavjudligini oshirishga hamda Ukraina va Rossiyadan agrosanoat sektori tovarlari va resurslarini yetkazib berishni tashkil etishga chaqirmoqda.

Bayonot mualliflari Ukraina portlaridan Qora dengiz orqali g‘alla eksport qilish tashabbusida ishtirok etayotgan barcha davlatlarni «g‘alla bitimi»ni qo‘llab-quvvatlashga va «o‘z faoliyati ko‘lamini kengaytirishga», shuningdek, g‘allani saqlash muddatini uzaytirishga chaqirdi.

Rossiya iyul oyidagi g‘alla bo‘yicha kelishuvning bajarilishini shubha ostiga qo‘ygan yagona ishtirokchi bo‘ldi. Oktabr oyi oxirida Rossiya hukumati kelishuvdan voz kechdi, chunki Rossiya tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Britaniya nazorati ostida amalga oshirilgan «g‘alla koridori» yordamida Rossiya harbiy kemalariga Ukraina tomonidan hujum uyushtirilgan. Biroq, kelishuvdan chiqish to‘g‘risida e’lon qilinganidan bir necha kun o‘tgach, Ukraina va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzmagan bo‘lishiga qaramay, Rossiya Kiyevdan tajovuz qilmaslik kafolatlari olganiga asoslanib, unga qaytdi. 

Qora dengiz g‘alla tashabbusidan qisqa muddatli chiqishdan so‘ng Kreml kelishuvning keyingi taqdiri «alohida» muhokama qilinishini aytdi – kelishuv 19 noyabrda tugaydi, biroq Rossiya tomoni uni uzaytirish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini aniqlashtirmadi. 

15-16 noyabr kunlari Balida (Indoneziya) bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida bu masala muhokama qilinishi kutilmoqda. AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy yetakchisi Si Jinping o‘rtasidagi birinchi uchrashuv tufayli allaqachon muhim voqeaga aylangan konferensiyada Rossiyadan tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirok etmoqda - Rossiya prezidenti Vladimir Putin avvalroq sammitda ishtirok etishdan bosh tortgan edi.

Mavzuga oid