O‘zbekiston | 17:37 / 16.11.2022
8075
2 daqiqa o‘qiladi

Senat raisi Misrda Arab davlatlari parlamentlari ligasi raisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva amaliy tashrif bilan Misr Arab Respublikasiga bordi.

Foto: Senat axborot xizmati

U Qohira shahrida 22 ta arab davlatlarini birlashtirgan Arab davlatlari parlamentlari ligasi raisi Odil as-Asumiy bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston parlamentining arab davlatlari parlamentlari, xususan, arab davlatlari parlamentlari ligasi bilan hamkorlikni yanada faollashtirish masalalalari muhokama qilindi.

Tanzila Norboyeva O‘zbekiston Respublikasi parlamenti va Arab parlamenti o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash taklifini qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston Arab mamlakatlari bilan barcha sohalarda o‘zaro do‘stlik va manfaatli munosabatlarni sifat va mazmun jihatdan rivojlantirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Foto: Senat axborot xizmati

O‘z navbatida Odil as-Asumiy Arab davlatlari uyushmasi, jumladan, Arab parlamenti O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yetakchi o‘rnini e’tirof etgan holda, O‘zbekiston bilan barcha sohalarda, xususan parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyorligini qayd etdi. Xususan, arab ishbilarmonlari doiralari ishtirokida O‘zbekistonda yirik iqtisodiy forum o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning qishloq xo‘jalik mahsulotlarini arab davlatlariga eksport qilish va bunda transport logistika masalalarini samarali hal etish choralari ham muhokama qilindi.

Foto: Senat axborot xizmati

O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan davlat siyosatining yuqori samarasi e’tirof etilgan holda, 2023 yil Samarqand shahrida Arab va musulmon mamlakatlari parlamentlari ayol a’zolarining birinchi forumini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi. 

Mavzuga oid