O‘zbekiston | 18:41 / 16.11.2022
9171
4 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva: «O‘zbekistonning asosiy maqsadi – «yashil» iqtisodiyot tamoyillari orqali taraqqiyotga erishish»

Misrning Sharm ash-Shayx shahrida BMT iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (SOR-27) konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: Senat axborot xizmati

Tadbir iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga oid mavjud ilmiy dalillar va vositalarni baholash bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Konferensiya 1995 yildan beri o‘tkazilmoqda. Joriy yilda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va ularga moslashish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilyapti.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Senat raisi konferensiyada nutq so‘zlab, Markaziy Osiyoda ham yaqqol kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishi muammosiga birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan qarshi turish mumkinligini ta’kidladi.

Foto: Senat axborot xizmati

«O‘zbekistonning asosiy maqsadi – amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarga «yashil» iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish orqali iqtisodiy taraqqiyotga erishish. Bu yo‘nalishda iqtisodiyotning barcha sektorlarida ugleroddan kamroq foydalanishga o‘tish va resurslarni tejash, samarali va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish ustuvor yo‘nalish hisoblanadi», – dedi Norboyeva.

Parij bitimi doirasida O‘zbekiston 2030 yilgacha YaIM birligiga issiqxona gazlari chiqarishni 35 foizga kamaytirish majburiyatini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu maqsadga erishish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni amalga oshirish boshlandi.

2026 yilga kelib «yashil» energetika ulushini 8 ming MVt.ga yetkazish rejalashtirilyapti, bu esa karbonat angidrid gazi chiqarishni 5 mln tonnaga kamaytirish imkonini beradi. 2030 yilga kelib iqtisodiyotning energiya samaradorligini ikki baravar oshirish, qayta tiklanadigan energiya ulushini esa kamida 25 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Har yili 200 mln tup daraxt va buta ekishni nazarda tutuvchi «Yashil makon» umummilliy loyihasi ko‘p jihatdan respublikada iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga va ularga moslashishga xizmat qiladi. Loyiha yiliga 200 mln tup daraxt va butalarni ekishni nazarda tutadi. Natijada besh yildan so‘ng shaharlardagi ko‘kalamzor maydonlar hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshadi.

Mamlakatda suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etgan holda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Foto: Senat axborot xizmati

O‘zbekiston Orol dengizi inqirozi bilan bog‘liq muammolarni hal etish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rmoqda. So‘nggi besh yilda Orol dengizining qurigan tubida 1,7 mln gektardan ortiq o‘rmon plantatsiyalari barpo etilgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2,5 mln gektargacha yoki hududning qariyb 80 foizini tashkil etadi. BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi bilan Orolbo‘yi mintaqasi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilindi.

Senati raisi Tanzila Norboyeva o‘z nutqida mamlakatimiz xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlik qilishga tayyor ekanligini hamda Mintaqaviy iqlim kengashini tashkil etishni taklif qilayotganini ta’kidladi. Bu iqlimga moslashish bo‘yicha loyihalarni targ‘ib qilishda, cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashishda, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishda hamkorlik samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Keyingi yilda O‘zbekistonda cho‘llanishga qarshi kurashish va yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha BMT ikkita yirik tadbirini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid