Jahon | 23:20 / 18.11.2022
13931
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden ma’muriyati Saudiya shahzodasi Qoshiqchi qotilligi ishi bo‘yicha daxlsizlikka ega ekanini aytdi 

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning jurnalist Jamol Qoshiqchi qotilligi bo‘yicha sud jarayonidan daxlsizligi haqida qaror chiqardi. 

Jo Bayden va Jamol Qoshiqchi / Foto: Reuters

Qoshiqchi 2018 yil oktabr oyida Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligida Saudiya agentlari tomonidan o‘ldirilgan va jasadi bo‘laklangan edi. 

AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu operatsiya qirollikning amaldagi norasmiy hukmdori bo‘lgan shahzoda Muhammad bin Salmon buyrug‘i asosida tashkil etilgan. Qoshiqchi ko‘p yillar davomida uning siyosatini tanqid qilib kelgan. 

Adliya vazirligi huquqshunoslarining ta’kidlashicha, AQSh hukumati Bayden ma’muriyatiga tayanib, «ayblanuvchi Muhammad bin Salmon chet el hukumati rahbari sifatida AQSh sudi yurisdiksiyasidan immunitetiga ega ekanini aniqlagan». 

Sentyabr oyi oxirida Saudiya Arabistoni qiroli Salmon o‘z farmoni bilan shahzoda Muhammadni bosh vazir etib tayinlagan edi. Shundan so‘ng, shahzodaning advokatlari AQSh sudiga petitsiya bilan murojaat qilishdi. 

«Qirollik farmoni valiahd shahzodaning o‘z maqomiga asoslangan daxlsizlik huquqiga ega ekaniga hech qanday shubha qoldirmaydi», deyiladi petitsiyada. Advokatlar davlat rahbari daxlsizligi bo‘yicha Qo‘shma Shtatlardagi boshqa holatlarga tayanib, suddan ishni yopishni so‘ragan. 

Muhammad bin Salmon dastlab Qoshiqchini o‘ldirishga buyruq berganini rad etib kelgan. Biroq keyinchalik bu «o‘zining nazorati ostida» sodir bo‘lganini tan olgan edi. Operatsiyani amalga oshirgan shaxslar Saudiyada sudlanib, uzoq muddatli qamoq jazosiga yoki o‘limga mahkum qilingan. Biroq, g‘arb davlatlari qotillikni amalga oshirishga buyruq bergan shahzodani javobgarlikka tortish masalasini kun tartibiga qo‘yib kelishayotgan edi. 

Qoshiqchining sobiq qallig‘i Hadija Jyengiz bu xabar chiqqanidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqda: «Jamol bugun yana bir bor o‘ldi» deb yozdi. Keyinchalik: «Biz Qo‘shma Shtatlarda adolat yuzaga chiqadi deb o‘ylagan edik, ammo yana pul birinchi o‘ringa chiqdi», deb yozdi.  

Mavzuga oid