Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Saudiya yetakchisi Trampni Erondagi urushni davom ettirishga undamoqda – New York Times
Aslida urushdan chetlanishni afzal ko‘rgan Muhammad bin Salmon AQSh yarim yo‘lda to‘xtasa, Saudiya Arabistoni va arablar darg‘azab Eron bilan yolg‘iz qolishidan xavotirlanmoqda. Bundan tashqari, valiahd shahzoda mintaqani qayta shakllantirish uchun urushni «tarixiy imkoniyat» sifatida ko‘rmoqda, deydi NYT manbalari.
Saudiya Arabistonining de-fakto rahbari, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon AQSh prezidenti Donald Trampni Eronga qarshi urushni davom ettirishga undab kelmoqda. New York Times'ning suhbatlar mazmuni bilan tanishtirilgan manbalariga ko‘ra, o‘tgan haftada o‘tkazilgan qator muloqotlarda bin Salmon Trampga Eronning murosasiz hukumatini yo‘q qilish sari intilish zarurligini yetkazgan.
Muloqotdan xabardor shaxslarga ko‘ra, Tramp ba’zida urushni to‘xtatishga moyil bo‘lib ko‘ringan. Biroq valiahd shahzoda bu xato bo‘lishini ta’kidlab, Tehron hukumatini zaiflashtirish uchun Eronning energetika infratuzilmasiga zarba berishni so‘rab kelmoqda.
Times nashri Muhammad bin Salmonning Donald Trampga maslahat berishdagi roli haqida turlicha qarashlarga ega bo‘lgan odamlar bilan anonimlik asosida suhbatlashgan. Avtoritar qirollik vakili bo‘lgan valiahd shahzoda Tramp tomonidan hurmat qilinadi va u ilgari ham prezidentning qarorlariga ta’sir ko‘rsatgan.
So‘nggi kunlarda Donald Tramp Eron neft infratuzilmasining o‘zagi bo‘lgan Xarg orolini egallash bo‘yicha harbiy operatsiyani jiddiyroq ko‘rib chiqmoqda. Armiya havo-desant kuchlari yoki dengiz piyodalarining desant hujumi bilan o‘tkaziladigan bunday operatsiya o‘ta xavfli bo‘lishi mumkin. Biroq, MBS Qo‘shma Shtatlar Eron energetika infratuzilmasini egallash va rejimni hokimiyatdan chetlatish uchun qo‘shin kiritishni yoqlab chiqqan.
Saudiyani qo‘rqitayotgan iqtisodiy oqibatlar
Saudiya va AQSh hukumatidagi mulozimlar, agar nizo cho‘zilib ketsa, Eron neft inshootlariga yanada og‘irroq zarbalar berishidan va AQSh cheksiz urushga botib qolishidan xavotirda.
Urushning Saudiya Arabistoni iqtisodiyoti va milliy xavfsizligi uchun oqibatlari esa juda katta. Urush boshlanganidan beri Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini deyarli to‘sib qo‘ydi va mintaqaning energetika sanoatini falaj qildi.
Saudiya, BAA va Kuvayt neftining katta qismi xalqaro bozorlarga chiqish uchun ushbu bo‘g‘ozdan o‘tishi kerak. Saudiya Arabistoni va BAA bo‘g‘ozni chetlab o‘tish uchun quvurlar qurgan bo‘lsa-da, bu muqobil yo‘nalishlar ham hujumga uchradi.
Saudiya hukumati fikrlashidan xabardor tahlilchilarning aytishicha, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon urushdan chetlanishni afzal ko‘rgan. Ammo, u hozirda Donald Tramp ortga chekinsa, Saudiya Arabistoni va Yaqin Sharqning qolgan qismi kuchaygan va darg‘azab Eron bilan yakkama-yakka qolishidan xavotirlanmoqda. Qirollik rasmiylarining fikricha, yarim yo‘lda to‘xtatilgan hujum – Saudiya Arabistonini Eronning muntazam hujumlari ostida qoldiradi. Bunday ssenariy, shuningdek, Eronga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini vaqti-vaqti bilan yopish imkoniyatini ham berishi mumkin.
Nashrning yozishicha, valiahd shahzoda bilan suhbatlarda Tramp neft narxi va uning iqtisodiyotga yetkazayotgan zarari bo‘yicha xavotir bildirgan. Saudiya yetakchisi esa bu holat vaqtinchalik ekaniga uni ishontirgan.
Biroq, Amerika va mintaqadagi rasmiylar neft bozorlari urushdan keyin tezda tiklanishiga shubha bilan qarashmoqda. Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, Saudiya Arabistoni urush keltirib chiqargan taqchillikni qoplay olmaydi. Chunki uning quruqlikdagi quvuri Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neftning faqat bir qismini tashishga qodir.
Saudiya Arabistoni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishiga bardosh berish borasida Ko‘rfazning boshqa mamlakatlariga qaraganda yaxshiroq holatda. Ammo, agar suv yo‘li tez orada qayta ochilmasa, qirollik ham dahshatli oqibatlarga duch kelishi mumkin.
Tramp arablarga quloq solmadi
Donald Tramp Ko‘rfazdagi bir necha hukumatlar maslahatiga qarshi o‘laroq urush boshladi. Shundan so‘ng Eron mintaqa davlatlariga minglab raketa va dronlar otish bilan javob qaytarmoqda. Bu esa arablarning Eronni o‘z tomoniga og‘dirish borasidagi sa’y-harakatlarini chippakka chiqardi.
«Ilgari mavjud bo‘lgan arzimas ishonch ham butunlay yo‘qoldi», dedi Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon o‘tgan hafta jurnalistlarga.
Saudiya Arabistoni o‘zining neft konlari va shaharlariga yog‘ilayotgan Eron zarbalaridan himoyalanish uchun Patriot raketalarining katta zaxirasiga ega. Biroq, bunday tutib qoluvchi raketalar butun dunyo bo‘ylab tanqis bo‘lib qolgan.
Saudiyaga urilayotgan dron va raketalar esa allaqachon neftni qayta ishlash zavodi va AQSh elchixonasiga zarba berdi. Tutib qolingan snaryadlar parchalari esa ikki bangladeshlik migrantning hayotiga zomin bo‘ldi, o‘ndan ortiq tinch aholi jarohatlandi.
Maqsadlar va kelajakdagi xavotirlar
Aslida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham Eronni uzoq muddatli tahdid deb biladi. Biroq tahlilchilarning ta’kidlashicha, isroillik rasmiylar ichki tartibsizliklar girdobida qolib, Isroilga xavf sola olmaydigan «inqirozli Eron davlati»ni g‘alaba deb hisoblashi mumkin.
Saudiya Arabistoni esa Erondagi davlat tizimi qulashini jiddiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavfsizlik tahdidi deb biladi. Saudiya rasmiylari Eron hukumati ag‘darilgan taqdirda ham, harbiylar yoki qurolli guruhlar podshohlikka hujum qilishni davom ettirishidan, asosan neft obektlarini nishonga olishidan qo‘rqishadi.
Shu bois, valiahd shahzoda Eron – Fors ko‘rfazi uchun uzoq muddatli xavf tug‘dirishini va buni faqat hukumatni almashtirish orqali bartaraf etish mumkinligini uqtirgan.
Boshqa bir razvedka tahlilchilari esa valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon – ushbu urushni butun Yaqin Sharqda Saudiyaning ta’sirini oshirish uchun imkoniyat sifatida ko‘rayotganini aytgan. Shahzoda urush davom etgan taqdirda ham qirollik o‘zini himoya qila olishiga ishonmoqda.
Urush boshlanishidan oldin bin Salmon Saudiya Arabistonini global biznes markaziga aylantirish uchun o‘z oldiga qo‘ygan Vision-2030 borasida moliyaviy muammolarga duch kelayotgan edi. Uning hukumati kelgusi bir necha yil uchun budjet taqchilligini prognoz qilmoqda. Chunki megaloyihalar va sun’iy intellektga tikilayotgan ulkan sarmoyalar davlatning cheklangan imkoniyatlarini zo‘riqtirib qo‘ymoqda.
Eron bilan uzoq davom etgan urush esa bularning barchasini xavf ostiga qo‘yadi. Valiahd shahzodaning muvaffaqiyati – investorlar va turistlar uchun xavfsiz muhit yaratishga bog‘liq.
Saudiyaning o‘zi urushni to‘xtatishga urinayotganini aytdi
NYT’ning keltirishicha, Saudiya Arabistoni rasmiylari «Valiahd shahzoda urushni uzaytirishga harakat qilmoqda» degan fikrni rad etgan.
«Saudiya Arabistoni podshohligi har doim, hatto bu nizo boshlanishidan oldin ham uni tinch yo‘l bilan hal qilishni qo‘llab-quvvatlagan», deyiladi Saudiya hukumati bayonotida. Shuningdek, rasmiylar «Qirollik Tramp ma’muriyati bilan yaqin aloqada qolayotgani va majburiyatlar o‘zgarishsiz ekani»ni qayd etgan.
«Bugungi asosiy vazifamiz — xalqimiz va fuqarolik infratuzilmamizga qilinayotgan kundalik hujumlardan o‘zimizni himoya qilishdir. Eron jiddiy diplomatik yechimlar o‘rniga xavfli provokatsiyalarni tanladi. Bu barcha manfaatdor tomonlarga, ayniqsa Eronning o‘ziga zarar yetkazmoqda», deya qo‘shimcha qildi qirollik rasmiysi.
Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt esa ma’muriyat «AQSh prezidentining shaxsiy suhbatlariga izoh bermasligini» aytdi.
O‘tgan hafta ham Saudiya hukumati rasmiysi urushning zudlik bilan tugashini yoki Eronning imkoniyatlari yo‘q qilinadigan uzoq mojaroni afzal ko‘radimi, degan savolga duch kelgandi.
O‘shanda qirollik tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon jurnalistlarga «rasmiylarni o‘ylantirayotgan yagona narsa — Eronning Saudiya Arabistoni va qo‘shni davlatlarga hujumlarini to‘xtatish» ekanini aytgan.
«Biz ushbu hujumlarni to‘xtatish uchun barcha vositalarimizdan — siyosiy, iqtisodiy, diplomatik va boshqalardan foydalanamiz», degan shahzoda Faysal.