G‘azo sektoridagi yong‘inda 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi
Qochqinlar lageridagi yong‘inda halok bo‘lganlar orasida yetti nafar bola bor. Isroil yaradorlarni evakuatsiya qilishga yordam berishni taklif qildi. Falastin milliy muxtoriyati rahbari Abbos 18 noyabrni motam kuni deb e’lon qildi.
G‘azo sektoridagi qochqinlar lagerida joylashgan turar joy binosida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 21 kishi, jumladan 7 nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda 17 noyabr, payshanba kuni kechqurun mahalliy shifoxona direktoriga tayanib, dpa agentligi xabar berdi.
G‘azo ma’muriyatiga ko‘ra, yong‘in Jabaliya qochqinlar lageridagi uyning yuqori qavatida sodir bo‘lgan. Keyinchalik yong‘in binoning qolgan qismiga o‘tgan. Ichkaridagi barcha odamlar halok bo‘ldi. Favqulodda xizmatlarning ta’kidlashicha, uyda G‘azo sektori aholisi qish uchun jamg‘arib qo‘ygan katta miqdordagi yonilg‘i saqlangan.
Hodisaning aniq sababini maxsus tuzilgan komissiya aniqlashi kerak. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, uyda yashovchi oila xorijdagi qarindoshining qaytishini nishonlagan.
Ayni paytda, Isroil mudofaa vaziri Beni Gans Twitter sahifasida voqea yuzasidan hamdardlik bildirdi. Isroil hodisa bilan bog‘liq holda yaradorlarni evakuatsiya qilishda yordam taklif qildi. Iordaniya va Misrdan ham hamdardlik va yordam takliflari keldi.
G‘azo sektorida hukmronlik qilayotgan HAMAS harakati halok bo‘lganlar uchun motam tutayotganini aytdi va aholini dafn marosimida ishtirok etishga chaqirdi. Falastin milliy muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos 18 noyabrni motam kuni deb e’lon qildi.
Jabaliya ushbu hududning shimolida joylashgan G‘azo sektoridagi sakkizta qochqinlar lagerining eng yirigi hisoblanadi. 1949 yildagi arab-isroil urushidan keyin 35 mingga yaqin falastinlik u yerdan boshpana topdi. Hududi bir yarim kvadrat kilometrga yaqin bo‘lgan lagerda bugungi kunda 110 mingdan ortiq ro‘yxatga olingan qochqinlar yashaydi.
2020 yil mart oyida G‘azo sektoridagi Nuseyrat qochqinlar lageridagi novvoyxonada katta yong‘in sodir bo‘ldi. O‘shanda gaz ballonlarining portlashi oqibatida 15 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Mavzuga oid
09:46 / 12.11.2024
ADL va IHT Isroilni G‘azodan chiqib ketishga chaqirdi
09:20 / 12.11.2024
Navoiy ko‘chasida Lacetti yonib ketdi
19:17 / 11.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi mojaroga tez fursatda yechim topilishi muhimligini ta’kidladi
14:13 / 08.11.2024