Jamiyat | 08:50
747
1 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda ko‘p qavatli uyda yong‘in chiqdi

Navoiy shahridagi ko‘p qavatli turar joy binosida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida sakkizta xonadon zararlandi. Favqulodda vaziyatlar xizmati yong‘inni bir soatdan ortiq vaqt ichida bartaraf etdi.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2 iyun kuni soat 04:19 da Navoiy shahrining Kimyogar mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uyning tom qismi yonayotgani haqida xabar kelib tushgan.

Hodisa joyiga yettita yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi va ikkita avtonarvon jalb qilinib, qutqaruvchilar soat 04:23 da yetib borgan. Yong‘in soat 04:35 da qurshab olingan va soat 05:35 da to‘liq o‘chirilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qqiz qavatli uyning to‘qqizinchi qavatida joylashgan sakkizta xonadonning tom qismi, shiftlari va ichki hududi jami 300 kvadrat metr maydonda yongan.

Yong‘in oqibatida jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan. Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid