Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bitta hamkorga o‘ta bog‘liqlik qimmatga tushadi» – Borrel YeI Markaziy Osiyo davlatlari tanlov erkinligini qo‘llashini ta’kidladi
Samarqandda xalqaro konferensiyada chiqish qilgan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Markaziy Osiyo davlatlarining strategik avtonomiyasini mustahkamlash zarurati haqida gapirdi. Shuningdek, u Yevroittifoq mintaqaga Rossiya va Xitoydan ko‘ra ko‘proq investitsiya kiritayotganini ta’kidlab, bu hamkorlik uchun yaxshi asos bo‘lishini bildirdi.
«Biz kuchga asoslangan siyosat o‘sib borayotganini ko‘ryapmiz. Xalqaro huquq normalari buzilmoqda. «Huquq asoslangan xalqaro tartib» deyilganda davlatlarning xavfsizligi, insonlarning erkinligi va kompaniyalarning investitsiya kiritishga tayyorligi tushuniladi.
Bu tartibdan ayrilish bilan beqarorlik va hamma narsasini yo‘qotish xavfiga yo‘liqasiz. Shu sababli biz ko‘p tomonlama tizimni himoya qilish, yangi xavflarga qarshi turish uchun uni isloh qilishga urinamiz.
Yevropaliklar va Markaziy Osiyo davlatlari: pandemiyadan keyin iqtisodni tiklash va Rossiyaning urushi keltirib chiqarayotgan krizis oqibatlari xavfi oldida birga turadi. Bu xavflar oldiga global iqlim muammolari ham qo‘shilgan», - deydi 18 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha «Global darvoza» xalqaro konferensiyasida nutq so‘zlagan Jozep Borrel.
Yevropa tashqi siyosat idorasi rahbari muammolar bilan to‘qnashgan ayrim davlatlar o‘zlarini izolyatsiya qilib olishi to‘g‘ri emasligini ta’kidladi.
«Bunday muammo bilan to‘qnashgan ayrimlar xuddi o‘rta asrlardagi kabi baland devorlar bilan to‘silib olishni xohlaydi. Lekin bilish kerakki devorlar hech qachon yetarli darajada baland bo‘lmaydi. Izolyatsiya orqali xavfsizlik qidirish, shunchaki alahsirash. Buning o‘rniga birgalikda hamkorlikni kuchaytirish hamda xalqaro tartibotni tiklash uchun harakat qilishimiz kerak.
Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz kabi biz ham strategik avtonomiyani mustahkamlash zarurligini ko‘rdik. Kim bilan va qanday aloqa o‘rnatishni erkin hal qilish uchun. Aloqalarning borligi yaxshi, lekin o‘ta bog‘liqlik va tanlov imkonining yo‘qligi qimmatga tushadi. Biz buni Yevropada energetika xavfsizligi misolida ko‘rdik.
Biz Markaziy Osiyodagi hamkorlarimizni qaysidir bitta xalqaro hamkorga bog‘lanib qolishni rad qilishini hurmat qilamiz va qo‘llaymiz. Biz Markaziy Osiyodagi do‘stlarimizning tanlov erkinligini qo‘llaymiz hamda tanlovlar istisnoli bo‘lmasligi kerakligini tasdiqlaymiz», - deya Borrelning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Jozep Borrel «Yevropa jamoasi» mintaqa davlatlari uchun turli sohada haqiqiy hamkorlik taklif qilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u Yevroittifoq mintaqaga Xitoy va Rossiyadan ko‘ra ko‘proq hissa qo‘shayotganini bildirdi.
«Oxirgi 10 yilda YeIga a’zo davlatlar Markaziy Osiyo davlatlari uchun 123 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritdi. Bu mintaqaga kiritilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarning 40 foizidan oshadi. Ha, Yevroittifoq mintaqaga Rossiya va Xitoydan ko‘ra ko‘proq hissa qo‘shyapti. Bu kelajakdagi hamkorlik uchun yaxshi asos.
Bugungi kunda bizning vazifamiz bor potensialimizni ishga solish hamda kuchli aloqalarni o‘rnatish. Mintaqalarimiz o‘rtasida ham, Markaziy Osiyo ichida ham», – degan Borrel Samarqanddagi konferensiyada.
Mavzuga oid
18:47 / 18.06.2026
Qozog‘iston Markaziy Osiyoda eng ko‘p ichadigan davlat bo‘lib chiqdi - tadqiqot
10:40 / 18.06.2026
YeI va Kreml o‘rtasida norasmiy aloqalar bo‘lgani xabar qilindi
09:45 / 18.06.2026
Yevropa Ittifoqi noqonuniy migrantlarga qarshi choralarni kuchaytirmoqda
11:05 / 16.06.2026