Jahon | 07:24 / 19.11.2022
7582
2 daqiqa o‘qiladi

BMT iqlim konferensiyasi yana bir kunga uzaytirildi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Berbok Sharm al-Shayxdagi konferensiya muvaffaqiyatsiz bo‘lishining oldini olishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha bahsli nuqtalarning barini hal qilib bo‘ladi.

Foto: AP

Sharm al-Shayxdagi BMT xalqaro iqlim konferensiyasidagi muzokaralar rasman shanba kuniga qadar uzaytirildi, dedi forum raisi Sameh Shukri 18 noyabr, juma kuni. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu to‘xtab qolgan masalalarga yechim topish uchun zarur.

«Bugun biz bundan ham yuqori tezlikka o‘tishimiz kerak, chunki vaqt biz tomonda emas», dedi Shukri. Shu bilan birga, u muzokaralarni yanada uzaytirishga qarshi chiqdi. «Bu konferensiyani ertaga tartibli yakunlash menga topshirildi», dedi u. Avvalroq, konferensiyaning ayrim ishtirokchilari yakshanba kuniga ham muzokaralar uzaytirilishini istisno etmagan edi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok muzokaralarda regressiyaga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi. «Hech qanday natijadan ham yomoni, Glazgo va Parijda erishilgan konsensusni yumshatish, susaytirish yoki bekor qilish qarori bo‘ladi. Biz Yevropa Ittifoqi sifatida bunga rozi bo‘la olmaymiz», dedi u.

Berbok kelgusi kun uchun muzokaralar juda qizg‘in bo‘ladi, degan fikrni bildirdi. «Hali borishimiz kerak bo‘lgan yo‘l bor, ammo agar biz barchamiz uchun taraqqiyotga erishishda birgalikda ishlashga chin dildan tayyor bo‘lsak, ochiq savollarning bari hal etiladi», dedi u.

Berbokning aytishicha, global isishni sanoatdan oldingi darajadan 1,5 daraja pastgacha cheklash bo‘yicha harakatlar hali ham yetarli emas. «Ushbu konferensiya muvaffaqiyatsizlikka aylanmasligi kerak», dedi Germaniya TIV rahbari.

Mavzuga oid