Sport | 15:27 / 21.11.2022
26241
12 daqiqa o‘qiladi

JCh-2022. Mundialda porlashi kutilayotgan 10 nafar yosh futbolchi

Ular hali 20 yoshga kirmagan, ammo har biri jahon darajasidagi futbolchiga aylanishi mumkin.

Foto: Sport-Ekspress

Zeno Debast, Belgiya

  • Yoshi: 19 yosh
  • Klubi: «Anderleht»
  • Ampluasi: markaziy himoyachi

Roberto Martines boshqaruvidagi Belgiya terma jamoasida an’anaga ko‘ra uch markaziy himoyachi o‘ynaydi. Bunday sxemada Tobi Alderveyreld va Yan Vertongenga joy kafolatlangan, Vensan Kompani futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin esa ularning sherigi muntazam ravishda o‘zgarib turadi. Katta ehtimol bilan bu safargi jahon chempionatida mudofaadagi uchinchi futbolchi 19 yoshli Zeno Debast bo‘ladi. Sentyabr oyidagi o‘yinlarda Martines uni ikki bor boshlang‘ich tarkibda tushirdi.

Debast — «Anderleht» tarbiyalanuvchisi va klubning joriy mavsumdagi kam sonli almashtirib bo‘lmas futbolchilaridan biri. E’tiborli tomoni, Debastning katta futboldagi debyuti bir yarim yil muqaddam aynan Kompani klub bosh murabbiyi ekanida ro‘y bergandi. Endi esa ushbu yosh futbolchini Vensan bilan taqqoslay boshlashdi: Goal yaqinda uni o‘z maqolalaridan birida «yangi Kompani» deb atadi.

Zeno Debast. Foto: Global Look Press

Antoniu Silva, Portugaliya

  • Yoshi: 19 yosh
  • Klubi: «Benfika»
  • Ampluasi: markaziy himoyachi

Bahorda ushbu kelishgan futbolchi haqida faqatgina «Benfika»ning ashaddiy muxlislari bilishardi, endi esa Silva jahon chempionatiga kelmoqda. Antoniu lissabonliklar klubi asosiy tarkibida faqat avgust oyi oxiriga kelib debyut qildi, ammo u tezda boshlang‘ich tarkibdan mustahkam joy egalladi va Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi barcha o‘yinlarda 90 daqiqadan o‘ynadi, «Benfika» «PSJ» va «Yuventus»ni (Silva turinliklar darvozasiga gol ham urdi) ortda qoldirib, guruhda birinchi o‘rinni egalladi.

Portugaliya termasida Silva debyutini faqat 17 noyabr kuniga kelib amalga oshirdi, shu kuni Nigeriyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida (4:0) to‘liq harakat qildi, ammo Yevro-2016 arafasida Renatu Sanshesh ham shu kabi holatda edi, u o‘shanda turnir davomida milliy jamoa asosiy tarkibiga kirgan va chempionatning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lib, Portugaliyaga oltin medallarni qo‘lga kiritishda yordam bergandi. Silvadagi o‘sish sur’atlariga qarab, u ham shu turnirda jamoaning asosiy futbolchisiga aylanishini kutish mumkin.

Antoniu Silva. Foto: AFP

Yussufa Mukoko, Germaniya

  • Yoshi: 18 yosh
  • Klubi: «Borussiya» Dortmund
  • Ampluasi: hujumchi

Jahon chempionatining eng yosh futbolchisi — Mukoko turnir starti kuni 18 yoshga kirdi. «Borussiya» forvardi ham Silva kabi shu kunlarda Germaniya kattalar jamoasida birinchi o‘yinini o‘tkazdi - Ummonga qarshi o‘yinda (1:0) bir bo‘lim o‘ynadi, u Qatarga shunchaki olib ketilmayapti. Nemislar jamoasida hujum chizig‘ida jiddiy muammolar yuzaga kelgan, qolaversa Timo Verner jarohat oldi. Murabbiyda shunchaki tanlov yo‘q.

Mukoko — tezkor futbolchi. U Dortmundda ikki yil oldin, endigina 16 yoshga kirayotganida debyut qilgan, o‘shanda birdaniga ikki rekordni yangilagan — avvaliga bundesliga tarixidagi, keyin Chempionlar ligasi tarixidagi eng yosh futbolchiga aylangan. Hozirda Mukoko «Borussiya» safida muntazam ravishda o‘ynamoqda va bu mavsumda olti gol urib ulgurdi.

Yussuf Mukoko. Foto: Global Look Press

Jamal Musiala, Germaniya

  • Yoshi: 19 yosh
  • Klubi: «Bavariya»
  • Ampluasi: hujumkor yarimhimoyachi

Germaniyalik yana bir iste’dodli futbolchi, ammo u allaqachon terma jamoaning asosiy futbolchisi. Yevro-2020 turnirida Musiala ikki bor zaxiradan maydonga tushgandi, ammo bir yarim yil o‘tib, sezilarli o‘sishga erishdi va endilikda «Bavariya»ning ham, bundestimning ham hujumlari uning ishtirokisiz kechmayapti. Germaniya gegemoni tarkibida Jamal almashtirib bo‘lmas futbolchiga aylangan — u hali 20 yoshga kirmagan bo‘lishiga qaramay, mundial arafasida myunxenliklar klubidagi 100-o‘yinini o‘tkazdi.

Musialaning otasi — kelib chiqishiga ko‘ra nigeriyalik bo‘lgan Britaniya fuqarosi, uning o‘zi ham «Chelsi» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan va Angliyaning kichik yoshdagi jamoalarida o‘ynagan. Ammo 16 yoshida «Bavariya»ga o‘tgach, Jamal Germaniya sharafini himoya qila boshladi, bunda uning germaniyalik onasi muhim rol o‘ynadi.

Jamal Musiala. Foto: Global Look Press

Yunus Musa, AQSh

  • Yoshi: 19 yosh
  • Klubi: «Valensiya»
  • Ampluasi: markaziy yarimhimoyachi

Musiala kabi Musa ham Angliyaning o‘smirlar jamoasida o‘ynagan va Britaniya top-klubida («Arsenal») tarbiyalangan, ammo katta yoshlilar darajasida o‘z vatani uchun o‘ynashga qaror qildi. AQSh termasidagilar bundan faqat mamnun bo‘lishdi — Musa allaqachon yulduz-yo‘lli futbolkada o‘nlab o‘yinlarda maydonga tushgan va Qatarga asosiy tarkib futbolchisi sifatida tashrif buyurgan.

Yunusning klub darajasidagi faoliyati ham yomon kechmayapti — u «Valensiya» safida doimiy o‘yin amaliyotiga ega, lekin hozircha samaradorlik ko‘rsatkichlari bilan maqtana olmaydi.

Yunus Musa. Foto: Global Look Press

Gavi, Ispaniya

  • Yoshi: 18 yosh
  • Klubi: «Barselona»
  • Ampluasi: markaziy yarimhimoyachi

«Barselona» havbeki Gavi hozircha jamoaviy sovrin qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, 18 yoshigacha ko‘plab shaxsiy mukofotlar va e’tiroflarga sazovor bo‘lgan. U ikkita individual sovrini bilan maqtanishi mumkin — Golden Boy mukofoti va Raymon Kopa sovrini (ikkisi ham Yevropa va dunyoning eng yaxshi yosh futbolchilariga beriladi).

Gavining ismi «Barselona»ning hozirgi bosh murabbiyi bo‘lgan klub afsonasiniki bilan o‘xshash. Pozitsiyasi ham, maydonda bajaradigan funksiyalari ham, tanasining shakliy ko‘rinishi (antropometriya) ham — barchasi ko‘k-anorranglilar safida yangi Xavi o‘sib kelayotganini ko‘rsatadi.

Gavi. Foto Global Look Press

Pedri, Ispaniya

  • Yoshi: 19 yosh
  • Klubi: «Barselona»
  • Ampluasi: markaziy/hujumkor yarimhimoyachi

Agar Gavi — yangi Xavi bo‘lsa, Pedri — yangi Inestadir. O‘rinlarni almashtirish ham mumkin, bu uncha muhim emas. Muhimi shuki, «Barselona» va Ispaniya termasida chindan ham sayyora miqyosidagi yulduzga aylanishi mumkin bo‘lgan iste’dodli futbolchilar paydo bo‘lgan.

Pedri ham Gavi kabi Golden Boy va Raymon Kopa sovrinlariga ega. U Yevro-2020 chempionatining eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida ham taqdirlangandi, o‘shanda u Ispaniya termasi bilan olti o‘yinda to‘liq harakat qilgan. Jarohatlar Pedrining o‘tgan mavsumdagi o‘sishini sekinlashtirib qo‘ydi, ammo u hozirda soppa-sog‘ va Gavi bilan birga jamoasini jahon chempionati finaliga olib chiqishga bel bog‘lagan.

Pedri. Foto: Reuters

Chavi Simons, Niderlandiya

  • Yoshi: 19 yosh
  • Klubi: PSV
  • Ampluasi: hujumkor yarimhimoyachi

Simons — allaqachon jahon yulduziga aylangan deyish mumkin. Ammo hozircha futbolda emas, balki ijtimoiy tarmoqlarda. Niderlandiyalik yarimhimoyachining instagram sahifasiga 4,2 million kishi obuna bo‘lgan.

Chavi fanatlar bazasini to‘plashni boshlaganiga ancha vaqt bo‘ldi. 14 yoshida, ya’ni to‘rt yarim yil muqaddam unga milliondan ortiq kishi obuna bo‘lgandi. O‘shanda Simons «Barselona» akademiyasida o‘ynardi va shunchaki turli tryuklari, gollari va chellenjlardagi videolarini ijtimoiy tarmoqqa joylardi, uning tashqi ko‘rinishi esa effektni kuchaytirardi. 2019 yilda Simons «Barselona»dan «PSJ»ga ko‘chib o‘tdi — bu fransuzlar klubining yangi auditoriyani jalb etishga qaratilgan harakati bo‘lgandi.

Ammo Simons o‘ynashni istardi, shu tufayli yozda PSV a’zosiga aylandi. Bu yerda esa darhol yorqin o‘yin namoyish eta boshladi — u mavsumning birinchi qismida jamoasi uchun o‘n gol urib, uch golga uzatma berdi. Lui van Gaal bunday statistikani e’tiborsiz qoldira olmasdi va u Chavini terma jamoaga u bilan selfi tushish uchun chaqirmagani aniq.

Chavi Simons. Foto: Twitter / xavisimons

Annibal Mejbri, Tunis

  • Yoshi: 19 yosh
  • Klubi: «Birmingem Siti» («Manchester Yunayted»dan ijaraga olingan)
  • Ampluasi: hujumkor yarimhimoyachi

Ekzotik soch turmagi va ulkan talantga ega bo‘lgan yana futbolchi. Mejbrida hozircha Chavi Simonsdagi kabi ko‘p muxlislar yo‘q, lekin u allaqachon milliy jamoa safida yigirmaga yaqin o‘yin o‘tkazib ulgurgan. Tunis uchun Mejbri — haqiqiy yulduz, u «Manchester Yunayted» a’zosi, garchi bu mavsumda «Birmingem» safida chempionshipda o‘ynayotgan bo‘lsa-da.

Annibal (yoki arabcha aytilsa, Hannibal) Fransiyada tug‘ilgan va ushbu mamlakat yoshlar jamoalarida o‘ynagan. 16 yoshida u «Monako» akademiyasidan «Manchester Yunayted»ga ko‘chib o‘tgan, keyin esa tarixiy vatani sharafini himoya qilishga qaror qilgan.

Annibal Mejbri. Foto: Global Look Press

Jud Bellingem, Angliya

  • Yoshi: 19 yosh
  • Klubi: «Borussiya» Dortmund
  • Ampluasi: markaziy yarimhimoyachi

Bellingem — allaqachon professional futbolchi sifatida shakllangan. Dortmundda 19 yoshli yarimhimoyachining ahamiyati shu darajadaki, oktyabr oyida unga sardorlik bog‘ichini ishonib topshirishdi. Judning harakatlanish spektri chegara bilmaydi — u maydon markazida o‘ynaydi va ulkan hajmdagi qora ishlarni bajaradi, shu bilan birga, Chempionlar ligasining joriy mavsumida guruh bosqichining dastlabki to‘rt turida qatorasiga gol urdi.

Yevro-2020 kumush medal sovrindori bo‘lgan Bellingem o‘shanda faqat uch o‘yinda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgandi, ammo Qatarda ushbu havbek asosiy tarkibda o‘ynashi aniq — hozir uning Angliya milliy jamoasi o‘yiniga ta’siri juda katta. Yosh havbek keyingi yozda top-klub safiga o‘tishi oydinlashgan — Bellingem uchun «Liverpul», «MYu», «Real», «Chelsi» va «Manchester Siti» kabi grandlar kurash boshlagan.

Jud Bellingem. Foto Global Look Press

Mavzuga oid