Jahon | 19:36 / 22.11.2022
6116
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask Twitter platformasidagi yangiliklarni e’lon qildi

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask Twitter ijtimoiy tarmog‘ida shaxsiy xabarlarni shifrlash hamda shifrlangan video va audio qo‘ng‘iroqlar joriy etilishini e’lon qildi.

Foto: AP

Mask kompaniyaning San-Fransiskodagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda xodimlarga «Twitter 2.0» konsepsiyasi doirasidagi o‘zgarishlar haqida xabar bergan.

Mask Twitter foydalanuvchilari «o‘z shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlarning oshkor bo‘lishini qayg‘urmasdan» va «Twitter tarmog‘ida kimdir ularning shaxsiy yozishmalari bo‘yicha josuslik qilishi mumkinligi haqida o‘ylamasdan» muloqot qilishini xohlashini aytgan.

Kompaniya avvalroq shifrlangan xabar almashish texnologiyasini yaratishga harakat qilgan edi. Endi Mask buni platforma uchun ustuvor vazifa sifatida amalga oshirish niyatida. Shifrlangan yozishmalarni taklif qilishda yetakchi hisoblanadigan Signal messenjeri yaratuvchisi Moksi Marlinspayk bu borada kompaniyaga yordam berishga tayyorligini bildirgan.

Avvalroq, Ilon Mask yangilangan Twitter Blue obunasini taqdim etgan edi. Shundan so‘ng, har bir kishi oyiga $8 evaziga verifikatsiyani anglatuvchi «ko‘k belgi»ni sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu qaror tufayli platformada ko‘plab mashhurlarning soxta akkauntlari paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng, Twitter pullik verifikatsiyani vaqtinchalik to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

 

Mavzuga oid