Jahon | 20:47 / 22.11.2022
8256
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa komissiyasi gaz narxini cheklash mexanizmini taklif qildi

Yevropa Komissiyasi (YeK) tabiiy gaz narxini TTF hab indeksiga ko‘ra, 1 MVt/soat uchun 275 yevro miqdori bilan cheklashni taklif qiluvchi reglament chiqardi. 

Foto: Krisztian Bocsi/Bloomberg

Bloomberg ta’kidlaganidek, bu hozirgi 120 yevro miqdoridan ancha yuqori, ammo yozda Yevropada kuzatilgan narxdan ancha past. 

«Narx ushbu chegaradan ko‘tarilsa, bitimlar tuzilmaydi. Agar ikkita shart bajarilsa, bozorni tartibga solish mexanizmi ishga tushadi. Birinchidan, gaz narxi ikki hafta davomida ma’lum darajadan, ya’ni 275 yevrodan oshsa. Ikkinchidan, 10 kun davomida TTF narxi va suyultirilgan tabiiy gaz o‘rtasidagi spred 58 yevrodan oshsa», dedi Yevropa energetika bo‘yicha komissari Kadri Simson. 

1 MVt/soat uchun 275 yevro miqdori tabiiy gazning 1 ming kub metri uchun taxminan 2900 dollarni tashkil qiladi. Hozirgi vaqtda bu qiymat 1120 dollarga teng. 

YeK taklifi energiya xarajatlarini kamaytirishga intilayotgan qator Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ammo yakunda milliy hukumatlar tomonidan ma’qullanishi kerak. 

So‘nggi haftalarda gaz narxi tushib ketdi, biroq 22 noyabr kuni «Gazprom» Yevropaga gaz yetkazib berish hajmini yanada qisqartirish bilan tahdid qildi. Bu esa narxning oshishi ehtimolini yuzaga keltirdi. 

YeK taklifi Yevropa Ittifoqi energetika vazirlari tomonidan 24 noyabr kuni Bryusselda o‘tkaziladigan favqulodda yig‘ilishda muhokama qilinadi. 

Mavzuga oid