O‘zbekiston | 21:41 / 23.11.2022
15553
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda onalar va bolalar statistikasi: har ayolga 3,3 farzand tug‘ilishi to‘g‘ri keladi

Uy xo‘jaliklarida bolalarning 3 foizi biologik ota-onalari bilan yashamaydi. 5 yoshgacha bolalarning 2 foizi to‘yib ovqatlanmaydi, 5 foizida esa ortiqcha vazn bor. Uy xo‘jaliklarining 23 foizini ayollar boshqaradi. Tug‘uruqlarning 21 foizida kesarcha kesish qo‘llanmoqda. 6 oygacha faqat ona suti bilan oziqlanadigan chaqaloqlarning ulushi – 25 foiz.

Foto: Kun.uz

Davlat statistika qo‘mitasi 23 noyabr kungi matbuot anjumanida bolalar va onalar holati haqidagi kuzatuv natijalarini e’lon qildi.

Ushbu multiindikator klaster kuzatuvlari (MICS ) bolalar va ayollar holatini xalqaro darajada baholash maqsadida 2021-22 yillar davomida Statqo‘m va YUNISEF tomonidan o‘tkazildi.

Kuzatuv jarayoni O‘zbekiston bo‘yicha tanlab olingan 556 ta mahallada joylashgan 15 mingdan ortiq uy xo‘jaliklarida respondentlar bilan suhbatlashish orqali o‘tkazilgan.

Kuzatuv natijalarining ko‘rsatishicha, uy xo‘jaliklarida bolalarning 3 foizi biologik ota-onalari bilan yashamaydi, uy xo‘jaliklarining 23 foizi ayollar tomonidan boshqariladi.

Bolalar o‘limi bo‘yicha tahlillar

5 yoshga to‘lmasdan vafot etish ko‘rsatkichi har 1000 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan 25 nafarni tashkil etmoqda. Ushbu ko‘rsatkich 2006 yilda o‘tkazilgan kuzatuvlarda 57 nafarni tashkil etgan.

So‘nggi 15 yilda go‘daklar va 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida o‘lim ko‘rsatkichining pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Tug‘ilish

Tug‘ilishning umumiy koeffitsiyenti har bir ayolga 3,3 nafar farzand tug‘ilishini tashkil etmoqda. Tug‘ishgacha bo‘lgan parvarish vaqtida ayollarning 90 foizi kamida to‘rt marta, 98 foizi esa kamida ikki marta malakali tibbiyot xodimi tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan. Tug‘uruqlarning 99 foizi davlat tibbiyot muassasalarida, malakali tibbiyot xodimlari ishtirokida amalga oshirilgan.

21 foiz tug‘uruqlar kesarcha kesish jarrohlik amaliyoti yordamida amalga oshirilgan. Yuqori ko‘rsatkichlar, ya’ni 24 foizi nisbatan boy qatlamlarda kuzatilmoqda, nisbatan kambag‘alroq qatlamlarda bu ko‘rsatkich 19 foizni tashkil etadi.

40 foiz ayollarda tug‘uruqdan so‘ng farzandlari bir soat ichida ko‘krakka qo‘yilgani kuzatildi. Kuzatuv natijalari har to‘rt chaqaloqdan faqat bittasi (25 foizi) 6 oygacha faqat ona suti bilan oziqlanganini ko‘rsatmoqda.

Bolalar holati

Kuzatuvlar 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 7 foizi bo‘yi o‘sishdan ortda qolayotganini ko‘rsatmoqda. Mazkur ko‘rsatkich 2006 yil natijalariga (14,6 foiz) nisbatan ikki barobarga pasaygan.

5 yoshgacha bo‘lgan 2 foiz bolalarda to‘yib ovqatlanmaslik kuzatilmoqda. 2006 yil natijalariga (5,1 foiz) nisbatan pasayish qayd etildi.

Ortiqcha vazn 5 yoshgacha bolalarning 5 foizida (o‘g‘il bolalar 5 foiz, qiz bolalar 4 foiz) kuzatilmoqda. 2006 yilda o‘tkazilgan MICS kuzatuvida bu ko‘rsatkich 7 foizni tashkil etgan.

3-4 yoshdagi bolalar (46 foizi) erta ta’lim dasturlarida ishtirok etgan. Bu ko‘rsatkich, aynan kuzatuv vaqtidagi natijani ifodalaydi. Shu o‘rinda, 2006 yil natijalariga nisbatan 2,3 barobarga yaxshilanganini kuzatish mumkin.

2-4 yoshli bolalarning 96 foizida sog‘liq, ta’lim olish va psixologik nuqtayi nazardan normal rivojlanish qayd etildi. Bu MDH mintaqasidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.

Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid