Jahon | 07:19 / 23.11.2022
4485
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga makromoliyaviy yordamning navbatdagi qismini o‘tkazdi

Ukraina YeIdan 2,5 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordamning navbatdagi transhini oldi. Bu haqda Volodimir Zelenskiy an’anaviy kechki videomurojaatida ma’lum qildi. 

Foto: AP

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev kelasi yil uchun Yevropa «makrofin dasturi»ning 18 milliard yevro miqdorida tasdiqlanishini kutmoqda, bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar yaqin orada bevosita Ukraina budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun 4,5 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha mablag‘ yuboradi

«Do‘stlarimizning bunday qarorlari tufayli biz ijtimoiy barqarorlikni saqlab qolamiz va Rossiyaning barcha zarbalariga qaramay, biz o‘z ijtimoiy majburiyatlarimizni bajaramiz», — dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti, shuningdek, butun mamlakat bo‘ylab to‘rt mingga yaqin «Yengilmas nuqtalar» joylashtirilganini aytdi - bu Rossiyaning o‘qqa tutilishi natijasida elektr ta’minotidagi uzilishlar fonida odamlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi loyiha. 

Bu punktlar bepul va kecha-yu kunduz ishlaydi, «barcha asosiy xizmatlar» – elektr energiyasi, mobil aloqa va internet, issiqlik ta’minoti, suv, birinchi tibbiy yordam qutisini taklif etadi. 

«Ishonchim komilki, biz bir-birimizga yordam berib, bu qishni birgalikda yengamiz», — dedi Zelenskiy.

Bundan oldin Ukrainada doimiy elektr o‘chirishlar katta ehtimol bilan mart oyining oxirigacha davom etishi xabar berilgandi. Bu haqda Ukrainaning elektr va gaz yetkazib beruvchi YASNO shirkati rahbari Sergey Kovalenko ma’lum qildi.

U Facebook'dagi sahifasida yozganidek, hozirda Ukraina energetikasi yomon ob-havoga qaramay, Rossiya zarbalaridan jabr ko‘rgan elektr tarmoqlarini tiklashni yanada qattiqroq sovuq havo boshlanishidan oldin yakunlash uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirmoqda. Shunga qaramay, 21 noyabr kuni ham barqarorlashtirish, ham favqulodda o‘chirishga yana murojaat qilish kerak bo‘ldi.

«Hozir o‘chirishlar kamaygan bo‘lsa-da, men hamma ukrainaliklar mart oyi oxirigacha uzilishlar rejimida yashashi kerakligini tushunishini istayman», — dedi Kovalenko. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya o‘qqa tutilishi to‘xtasa, elektr taqchilligi butun mamlakat bo‘ylab taqsimlanishi mumkin bo‘ladi, o‘shanda o‘chirishlar kamroq bo‘ladi yoki hatto butunlay to‘xtaydi.

Ammo agar zarbalar davom etsa va energiya tizimi yana shikastlansa, «nafaqat soatlik barqarorlashtirishni to‘xtatish, balki favqulodda o‘chirishlarni ham qo‘llash kerak bo‘ladi, buning natijasida elektr energiyasi juda uzoq vaqt davomida bo‘lmasligi mumkin», deb ogohlantirdi yetkazib beruvchi kompaniya rahbari.

Mavzuga oid