Ukraina Qurolli kuchlari tarkibida «Rossiyaga uzoq masofadan ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha maxsus qo‘mondonlik» tashkil etildi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 10 iyul, juma kuni kechqurungi videomurojaatida ma’lum qildi. 

Zelenskiyning bayonotidan anglashilishicha, yangi qo‘mondonlik Rossiya hududining Ukraina chegarasidan ancha uzoqda joylashgan obektlariga dronlar va boshqa uzoq masofali vositalar orqali zarba berish operatsiyalarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, mamlakat harbiylari Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi hujumlar amalga oshirilayotgan hududlardagi nishonlarga zarba berish uchun yanada keng imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak.

«Harbiylarimiz Rossiya bosqinchilarini aynan Ukrainaga qarshi urush olib borilayotgan joylarda — Rossiya hududida yo‘q qilish uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lishi lozim», dedi Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi qo‘mondonlik mavjud barcha resurslarni bir yo‘nalishga jamlab, Rossiyaning urush olib borish salohiyatini yanada sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qilishi kerak.

Shu bilan birga, Zelenskiy yangi tuzilmaning tarkibi, vakolatlari, texnik imkoniyatlari yoki unga kim rahbarlik qilishi haqida batafsil ma’lumot bermadi. U faqat mazkur yo‘nalishga kuchli va katta tajribaga ega qo‘mondon tayinlanishini aytdi.

Zelenskiy Rossiyadagi yonilg‘i muammosiga ham to‘xtaldi

Ukraina rahbari o‘z videomurojaatida Rossiyadagi neftni qayta ishlash korxonalariga berilgan dron zarbalari mamlakatda benzin taqchilligini kuchaytirayotganini ham bildirdi.

Zelenskiyning iddao qilishicha, Rossiyadagi yonilg‘i bilan bog‘liq muammolar prezident Vladimir Putinning yaqin atrofidagi shaxslarning kayfiyatiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Uning fikricha, Putin Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushni yakunlashni istamasa-da, Rossiya siyosiy doiralarida tinchlikka erishish zaruratini tushunayotganlar bor.

«Biz tinchlikni qanday yaqinlashtirish mumkinligi bo‘yicha takliflarimizni taqdim etdik. Bu takliflar nafaqat xalqaro hamkorlarimiz, balki Putin atrofidagi ayrim shaxslar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ular vaziyatni va tinchlikka muqobil yo‘l yo‘qligini tushunmoqda», dedi Zelenskiy.