Jahon | 21:07 / 24.11.2022
6395
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada o‘qituvchilarning tarixdagi eng katta ish tashlash jarayoni boshlandi 

24 noyabr kuni Buyuk Britaniya universitetlarining 70 mingdan ortiq o‘qituvchisi, kutubxonachisi va tadqiqotchilari uch kunlik ish tashlash jarayonini e’lon qildi.

Foto: PACEMAKER

Shuningdek, ish tashlashda Britaniyaning 19 ta universiteti ma’murlari, texnik xodimlari, umumiy ovqatlanish va xavfsizlik xodimlari ham ishtirok etmoqda. 

Britaniya universitetlaridagi professor-o‘qituvchilarning o‘rtacha maoshi yiliga taxminan 31 ming funtni tashkil qiladi (oyiga taxminan 2,6 ming funt). Avgust oyida hukumat ish haqini 3 foizga oshirishni va’da qilgan edi. Biroq, o‘rtacha oylik inflatsiya taxminan 8,5 foiz bo‘lgan sharoitda, o‘qituvchilarning fikriga ko‘ra, ish haqining 3 foizga oshirilishi yetarli emas. 

Bundan tashqari, o‘qituvchilar pensiya shartlarining o‘zgarishidan norozi bo‘lmoqda. Yangi shartlarga ko‘ra, pedagoglar kelajakda kafolatlangan pensiya daromadlarining taxminan 35 foizini yo‘qotishi mumkin.  

University and College Union (UCU) kasaba uyushmasi xabariga ko‘ra, universitet xodimlari 24, 25 va 30 noyabr kunlari ishga chiqmaydi. Amalda shu kunlari mamlakat oliy ta’lim sohasidagi barcha ishlar to‘xtaydi. 

Norozilik namoyishlari Britaniyadagi 150 ta universitet binolari oldida tashkil etilgan piketlar shaklida o‘tkazilmoqda. 

Shuningdek, 24 noyabr kuni Shotlandiyadagi deyarli barcha boshlang‘ich va o‘rta maktablar yopilgan. O‘qituvchilar maoshni oshirishni talab qilib, qariyb 40 yil ichida birinchi marta umumiy tarzda ish tashlagan.  

Buyuk Britaniyadagi maktab o‘qituvchisining o‘rtacha maoshi (Londondan tashqari) yiliga 28 ming funtdan 38 ming funtgacha (oyiga taxminan 2,3-3,2 ming funt) o‘zgarib turadi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid