Millatlar ligasi guruh bosqichi 5-turi doirasida Niderlandiya va Vengriya o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida qo‘rqinchli epizod yuzaga keldi. «Yohan Kroyf Arena» stadionidagi o‘yinning birinchi bo‘limi mehmonlar murabbiylar shtabi vakili Adam Salai o‘zini yomon his qilishi tufayli to‘xtatildi.

O‘yinning sakkizinchi daqiqasida Vengriya futboli yaqin o‘tmishi afsonasi, jamoa safida 86 o‘yinda maydonga tushib, 26 gol urgan yulduz futbolchi, ko‘p yillar davomida «Mayns», «Shalke» va «Hoffenhaym» klublarida sermahsul o‘yin namoyish etgan 36 yoshli Adam Salai hushidan ketdi.

Avvaliga Adamning oldiga hamkasblari yugurib bordi, keyin shifokorlar yordamga keldi va bu joyda tibbiyot palatkasi tiklandi. Futbolchilar esa uning atrofida halqa hosil qilib, uni tribuna hamda kameralardan yashirishdi.

Tribunalar jimlikka cho‘mdi, bosh hakam Xesus Xil Mansano futbolchilar bilan gaplashdi, shundan keyin o‘yin taxminan 15 daqiqaga to‘xtadi — Salaiga tibbiy yordam ko‘rsatildi, keyin zambilda tribunalar ostiga olib ketishdi. Keyinroq murabbiy Amsterdam shifoxonasiga yotqizilgan.

Hozircha Salaiga aynan nima bo‘lgani ma’lum emas. «Uning holati barqaror va u o‘ziga kelgan. Bir necha daqiqa oldin tekshiruv o‘tkazish uchun tez yordam mashinasida Amsterdamdagi shifoxonaga olib borishdi», — deyilgan vengrlar milliy jamoasining ijtimoiy tarmoqlarida.

O‘yin tiklanganidan bir necha daqiqa o‘tib hali o‘ziga kelmagan vengrlar penalti tufayli gol o‘tkazib yuborishdi, o‘yin yakunigacha hisob 0:4 ko‘rinishini oldi.

Vengrlar bilan bog‘liq boshqa xavotirli holatlar

Yevro-2024 vaqtida vengrlar hujumchisi Barnabash Varga Shotlandiya bilan o‘yinda og‘ir jarohat olgandi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida britanlar darvozaboni Angus Gann bilan to‘qnashuv ro‘y bergandi — kuchli zarba Varganing boshiga kelgan, shundan keyin bir necha daqiqa davomida unga tibbiy yordam ko‘rsatilgandi. Uni ham shifoxonaga olib ketishgan — unda miya chayqalishi hamda suyaklari bir necha joyda singani aniqlangan va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgandi. Varga 2024/25 yillar mavsumi boshini o‘tkazib yubordi, ammo hozirga kelib tiklanib safga qaytgan va «Ferensvarosh» safida barcha turnirlar doirasida olti gol urishga ulgurdi. Forvard shanba kuni Niderlandiyaga qarshi kechgan o‘yinda ham maydonga tushdi.

Vengriyalik boshqa bir futbolchi Miklosh Fexer bilan ro‘y bergan hodisa ancha ayanchli. 2004 yilda 24 yoshda bo‘lgan forvard «Benfika»ning «Vitoriya» Gimaraynshga qarshi o‘yini vaqtida klinik o‘limni boshdan kechirgan. Feher zaxiradan maydonga tushib, golli uzatma ham bergan, o‘yin oxirida raqib aut amalga oshirishga to‘sqinlik qilgani uchun sariq kartochka bilan jazolangan, biroz o‘tib hushsiz holda gazonga yiqilgan. Mikloshning yuragi to‘xtab qolgandi — shifoxonada uni ikki bor o‘ziga keltirishgan, ammo yakunda futbolchi baribir hayotdan ko‘z yumgan.