16 noyabr kuni Kun.uz'da e’lon qilingan “Doktoranturadagi alg‘ov-dalg‘ov: imtihon natijalari bekor qilinishi ortida moddiy manfaat yotibdi(mi?)” nomli maqoladan so‘ng bir guruh ziyolilar, jamoat faollari hamda mutasaddilar bu masala bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi.

“Mantiq qachon ishlaydi?”

Baxtiyor Mengliyev / Foto: Kun.uz

Baxtiyor Mengliyev, professor:

— Ta’lim – mamlakatimizni rivojlantirish siyosatining ustuvor masalasi. Tizimdagi uzviylik va uzluksizlik uning sifatini ta’minlashning asosiy tamoyili. Bu tamoyil ta’limni tashkil etishdan tortib uning mazmunigacha qizil ip bo‘lib o‘tadi. Ammo uzviylık va uzluksizlik quyidan yuqoriga pog‘onali ravishda amalga oshirilishi kutilgan natijani beradi.

Buning tom aksini esa magistratura va doktoranturaga kirish talablarida ko‘rib turibmiz. “Zanjir” mantig‘ining buzilishi qanday natijalarga olib kelganiga guvohmiz. Magistraturaga kirish uchun dabdurustdan xorijiy tilni bilish sertifikati talab qilindi. Natija nima bo‘ldi? Ajratilgan o‘rinlar to‘lmay qoldi.

Birinchi xato natijasizlikka olib keldi. Buni oqlash uchun yana bir xatolikka yo‘l qo‘yildi – bo‘sh o‘rinlarni to‘ldirish uchun yana qabul e’lon qilindi. Bu safar sertifikat talabi bekor bo‘ldi. Ikkinchi xatolik endi beburdlikka olib keldi. Zotan, “prinsip”ga darz ketdi.

Doktoranturaga qabulda ham shunday yo‘l tutildi. Yo‘l qo‘yilgan xatodan xulosa chiqarilmadi. Ayrim OTMlarda doktoranturaga qabul imtihonlari boshlanib ham ketdi. Ammo Innovatsion rivojlanish vazirligi bemahal buyruq chiqarib qoldi: “Xorijiy tilni bilish sertifikati bo‘lmasa, talabgor qabul qilinmaydi”.

Bu bir nechta savol tug‘dirdi:

1. Vazirlik qachon tashkil topdi, 2022 yil 15 noyabrdami?
2. Kechikib buyruq berishning sababi nima?
3. OTMlarda qabul qilingan imtihonlar qaysi asosda bekor qilinadi?
4. DSs doktoranturasi uchun ham sertifikat talab qilinadimi? Axir, bu talabgorlar imtihon topshirmaydi-ku?

Xullas, bu savollarga tegishli javobni kutgan holda jarayondagi mantiqsizliklarga to‘xtalamiz: