Ta’lim | 17:10 / 30.11.2025
7525
7 daqiqa o‘qiladi

“Doktorantura uchun magistr diplomi shart emas”: Kremniy vodiysidagi o‘zbek tadqiqotchisi Abdumalik Abduqayumov bilan suhbat

Silikon vodiysi – texnologiya, innovatsiya va katta ilmiy raqobat markazi. Har yili minglab tadqiqotchilar mazkur hududdagi universitetlarga kirish uchun kurashadi, ammo ulardan atigi bir nechtasi nufuzli ilmiy dasturlarga munosib topiladi. Shunday imkoniyatni qo‘lga kiritganlar safida bu yil o‘zbekistonlik yosh izlanuvchi Abdumalik Abduqayumov ham bor. U Stendford biznes maktabi (GSB) doktoranturasiga qabul qilingan birinchi o‘zbek. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Abdumalik hujjat topshirish va saralov jarayonlari, tadqiqot dasturi, Kremniy vodiysidagi ilmiy muhit haqida gapirib berdi.

Abdumalik Abduqayumov Buxoro viloyati Olot tumanida tug‘ilgan. Matematiklar oilasida ulg‘aygan. Shu bois bolalikdan aynan shu fanga qiziqishi kuchli bo‘lgan. Qorako‘l xalqaro matematika maktabi va akademik litseyni tamomlagan. 2017 yilda Toshkent davlat Iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kirgan. Keyinchalik AQShga yo‘l olib, Shimoliy Karolinadagi Duke universitetida iqtisodiyot va kompyuter fanlari bo‘yicha magistratura bosqichini tamomlagan.

“Doktorantura uchun Stenford biznes maktabini tanlashimning birinchi va eng muhim sababi oliygohning tadqiqot madaniyati va fikrlash erkinligiga bog‘liq. Bu yerda sizdan faqat mavjud nazariyalarni o‘rganish talab qilinmaydi, aksincha, ularga shubha bilan qarash, yangi yondashuv taklif qilish rag‘batlantiriladi. Bundan tashqari, ilmiy yo‘nalishdagi qiziqishlarim bilan fakultet tadqiqot yo‘nalishlarining mos tushgani ham muhim omil. Stenford BMdagi professorlar bozorlardagi raqobat, sun’iy intellektning iqtisodiyotga ta’siri, innovatsion muhitda yuzaga keladigan iqtisodiy modellar bo‘yicha dunyoda yetakchi tadqiqotlar olib boradi. Men o‘rganmoqchi bo‘lgan mavzular ham aynan shu kesishmada joylashgan”, – deydi u.

Abdumalikning aytishicha, har yili Stenford biznes maktabi PhD dasturiga qabul qilinish jarayonida raqobat juda kuchli bo‘ladi. Yo‘nalishlarga mingga yaqin nomzod hujjat topshiradi, ulardan o‘rtacha 25-30 tagacha odam qabul qilinishi mumkin.

PhD dasturiga kirishda eng muhim narsa universitet mas’ullari sizning mustaqil tadqiqotchi ekaningizga ishonch hosil qilishidir. Stenford biznes maktabiga ariza topshirayotganda bir necha asosiy hujjatlarni tayyorladim. Birinchisi, tadqiqot rejasi (statement of purpose). Bu hujjatda o‘rganmoqchi bo‘lgan tadqiqot mavzum, ilmiy qiziqishlarim va ularning Stenford professorlari yo‘nalishi bilan mosligini isbotlab berdim. Stenfordda sizdan faqat mavjud nazariyalarni o‘rganish talab qilinmaydi; ularga shubha bilan qarash va yangi yondashuvlar taklif qilish rag‘batlantiriladi. Shu bois, o‘zimning ilmiy yo‘nalishim bilan fakultetning tadqiqot yo‘nalishlari mos kelishini ko‘rsatish muhim edi.

Keyingi muhim hujjat – tavsiyanomalar. PhD dasturiga kamida uchta tavsiyanoma talab qilinadi. Men kompyuter fanlari professori, iqtisodiyot sohasi mutaxassisi va Stendford BM professoridan olganman. Bu tavsiyanomalar bilimimdan tashqari ilmiy yondashuvim va mustaqil izlanishlarimni baholashga yordam bergan. Shuningdek, standart test natijalari ham talab qilinadi. GRE yokiGMAT orqali sizning matematik-analitik tayyorgarligingiz baholanadi. GRE’da 335–340 ball oralig‘idagi ko‘rsatkichlar eng yuqori nomzod qayd etgan ko‘rsatkich sifatida qaraladi, men esa 336 ball to‘pladim. Til sertifikati, masalan, IELTS yoki TOEFL AQShda magistraturani tamomlaganlar uchun talab qilinmaydi.

PhD dasturiga kirishda ilmiy maqolalar, tadqiqot loyihalari va xalqaro olimpiadalar yutuqlari ham katta ustunlik beradi. Men IMO-2017’dagi kumush medalim va boshqa matematika olimpiadalaridagi natijalarimni taqdim etganman. CV ham muhim, u orqali ta’limingiz, ilmiy ishlanmalaringiz, grantlar va stipendiyalar tarixingiz bir qarashda ko‘rinadi. Shuningdek, barcha o‘qigan universitetlardan rasmiy transkript va diplomlar topshirish lozim. Bu hujjatlar sizning akademik tayyorgarligingizni rasmiy tasdiqlaydi. Ochig‘ini aytsam, o‘zi Stenford biznes maktabiga kirish oson emas, ammo eng qiyin jihati kirgandan keyingi 5 yil davomida talab qilinadigan intizom va izlanish”, – deydi yosh tadqiqotchi.

Abdumalik Abduqayumovning ma’lum qilishicha, Stendford biznes maktabida PhD dasturi O‘zbekistondagi an’anaviy PhD’dan tubdan farq qiladi. O‘qish muddati besh yil davom etadi. PhD’ga kirish uchun magistratura diplomi talab etilmaydi.

Dastlabki va ikkinchi yil davomida tadqiqot hamda amaliy ishlanmaga yo‘naltirilgan kurslar, seminarlarni olamiz. Har bir kurs aniq nazariy bilim bilan bir qatorda amaliy ishlanmalarni ham talab qiladi. Masalan, ehtimollar nazariyasi, optimizatsiya, real analitika, o‘yinlar nazariyasi asosida murakkab modellashtirishlar qilinadi. Kurslar oxirida esa keng qamrovli imtihonlar topshiriladi, ikkinchi bosqichda mustaqil tadqiqot maqolasini yozish topshirig‘i qo‘yiladi. Bu kurs oxiriga to‘liq tayyor holda bo‘lishi kerak. Maqola mavzusi fakultetdagi professorlar bilan kelishiladi, ular sizga mentorlik qiladi, yo‘nalish va metodologiya bo‘yicha maslahat beradi. O‘zim ayni vaqtda sun’iy intellekt va iqtisodiyotning kesishmasi, innovatsion muhitdagi iqtisodiy modellar yo‘nalishida izlanishlar olib boryapman”, – deydi Abdumalik.

Uning ta’kidlashicha, 3-4-kurslarda dissertatsiyaning birinchi boblari yoziladi, konferensiyalarda ishtirok etiladi. Har yili talabalar o‘z ishini professorlar va hamkasblari oldida taqdimot qiladi, tanqid va maslahatlar oladi. 5-kursda esa dissertatsiya to‘liq tayyor bo‘lishi kerak.

 “Stenford biznes maktabining Silikon vodiysi bilan bevosita integratsiyasi ham ilmiy tadqiqotlarni amaliy jarayonlar asosida o‘rganishga katta yordam beryapti. Bu yerda Google, Nvidia, Athropic, Uber kabi yirik kompaniyalar bir-biriga yaqin joylashgan. Har hafta texnologik kompaniya vakillari bilan uchrashuvlar, investorlar bilan seminarlar, startap ekotizimidagi innovatsion jarayonlarni joyida kuzatish imkoniyati beriladi. Bu iqtisodiy tadqiqotlar uchun qulay laboratoriya vazifasini bajaradi”, – deydi u.

Abdumalik suhbat davomida Stenford biznes maktabi tomonidan doktorantlarga taqdim etiladigan grant va stipendiyalar, startap loyihalarni moliyalashtirish uchun moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimi, Kremniy vodiysidagi hayot tarzi haqida gapirib bergan.

Suhbatni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator Abduqodir To‘lqinov,
montaj ustasi Shohruzbek Abduraimov.

Диёрахон Набижонова
Muallif Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid