Sport | 18:13 / 28.11.2022
25525
5 daqiqa o‘qiladi

Germaniya oxirgi turda Ispaniyaga muxlislik qiladi. Pley-offga chiqish uchun kimda imkoniyat qanday?

Yaponiya sobiq jahon chempionlarini yakshanba kuniyoq turnirdan chiqarib yuborishi mumkin edi.

Foto: Getty Images

Ye guruhi

1-tur: Germaniya — Yaponiya — 1:2, Ispaniya — Kosta-Rika — 7:0
2-tur: Yaponiya — Kosta-Rika — 0:1, Ispaniya — Germaniya — 1:1

3-tur o‘yinlari 1 dekabr kuni Yaponiya — Ispaniya (00.00) va Kosta-Rika — Germaniya (00.00) o‘rtasida o‘tkaziladi.

1. Yaponiya Kosta-Rikaga yutqazib, ikki top-jamoa bor bo‘lgan guruhdan chiqish uchun tarixiy imkoniyatini yo‘qqa chiqardi. Osiyoliklar shu kuni ochkolari sonini 6 taga yetkazib olganida, 1/8 final yo‘llanmasini kafolatlar, nemislar esa bir ochko bilan qolib, amalda Ispaniyani quvib yetish imkoniyatiga ega bo‘lmasdi.

2. Ispaniya uchinchi turda Yaponiyani mag‘lub etsa, birinchi o‘rinni egallaydi, durang qayd etsa ham pley-offga chiqishi aniq (bu holatda ham birinchi o‘rinda qolishi mumkin, agar Germaniya kutilmaganda Kosta-Rikaga yutqazmasa). Agar Luis Enrike jamoasi uchinchi turda mag‘lub bo‘lsa ham, ikkinchi o‘rinda qolishi ehtimoli yuqori — buning uchun nemislar mag‘lub bo‘lmasligi talab etiladi. To‘plar nisbatidagi ustunlik evaziga (8-1) Ispaniya ochkolar teng kelgan holatda istalgan raqibdan oldinda joylashadi — Germaniya ham Kosta-Rikaga 7 gol urishi dargumon.

3. Yaponiyaga endi 1/8 finalga chiqish uchun g‘alaba kerak, chunki Ispaniya bilan o‘yinda durang qayd etilsa (mag‘lubiyatga uchralgan taqdirda hech qanday imkoniyat qolmaydi) va nemislar o‘z o‘yinida 2 to‘p farqi bilan g‘alaba qozonsa, aynan yevropaliklar guruhda oldinroqda joylashadi — jahon chempionatida gollar nisbati o‘zaro uchrashuv natijasidan muhimroq mezon.

4. Kosta-Rika pley-offga o‘tishi uchun nemislarga mag‘lub bo‘lmasligi talab etiladi — yaponlar ispanlarga mag‘lub bo‘lsa, KONKAKAF vakillari ikkinchi o‘rinda joylashadi.

5. Eng qizig‘i — Germaniya termasi taqdiri. Bundestimni faqat g‘alaba qoniqtiradi, shu bilan birga g‘alaba ham 1/8 finalni kafolatlamasligi mumkin. Agar ispanlar ham oxirgi turda g‘alaba qozonsa, nemislar 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallashi mumkin, parallel uchrashuvda durang qayd etilgan taqdirda, Kosta-Rikani kamida «+2» to‘p farqi bilan mag‘lub etish shart bo‘ladi. Nemislar uchun eng qo‘rqinchlisi — yaponlarning muvaffaqiyati, bunday holatda nemislar to‘plar nisbati bo‘yicha ispanlardan o‘zib ketishi kerak, bu esa deyarli imkonsiz.

F guruhi

1-tur: Xorvatiya — Marokash — 0:0, Belgiya — Kanada — 1:0
2-tur: Belgiya — Marokash — 0:2, Xorvatiya — Kanada — 4:1

3-tur uchrashuvlari 1 dekabr kuni Xorvatiya — Belgiya (20.00), Kanada — Marokash (20.00) ishtirokida bo‘lib o‘tadi.

1. Belgiya so‘nggi turda mag‘lub bo‘lsa, turnirni tark etadi, Xorvatiya esa katta ehtimol bilan guruhda birinchi o‘rinni egallaydi. Marokashda ham birinchi o‘rin uchun imkon bo‘ladi — buning uchun shimoliy afrikaliklar Kanadani mag‘lub etishi, shunda ham to‘plar nisbati bo‘yicha bolqonliklardan o‘zib ketishi kerak bo‘ladi (hozircha jamoalarda bu ko‘rsatkich 4-1 va 2-0 ko‘rinishida).

2. Xorvatiya — Belgiya o‘yinida durang qayd etilgan taqdirda, «shashkachilar» pley-offga chiqadi, agar Marokash o‘z o‘yinida g‘alaba qozona olmasa — birinchi o‘rin bilan. Belgiyaliklarga afrikaliklarning mag‘lubiyati kerak, shunda ham bu yirik hisobda bo‘lishi — yoki 0:3 (bu holatda Yevropa jamoalarini golli durang qoniqtiradi, 2:2 bo‘lsa yana ham yaxshi), yoki 0:4 va undan yirikroq.

3. Yuqoridagi variant ro‘y berishi ehtimoli juda kam, shuning uchun, Belgiyani faqat g‘alaba qoniqtirishi mumkin. Belgiyaliklar xorvatlarni yenggan taqdirda, Marokash ishtirokini davom ettirishi uchun oxirgi turda hech bo‘lmaganda bir ochko olishi kerak, agar Kanadadan mag‘lub bo‘linsa, arablar va xorvatlarda 4 tadan ochko bo‘ladi — hozircha yevropaliklarda to‘plar nisbati yaxshiroq.

Mavzuga oid