OAV: Ukrainalik mahbuslar Rossiyaning 10 ta koloniyasiga olib ketildi
Xerson viloyatidan chekinish vaqtida Rossiya qurolli kuchlari 2500 ga yaqin ukrainalik asirni Rossiyaga olib ketdi, deb yozadi Navalniyning «Sirena» jamoasi nashri. Mahbuslar Rossiyaning turli mintaqalaridagi 10 ta koloniyaga joylashtirildi.
Xerson viloyatidan chekinish paytida rus qo‘shinlari 2500 ga yaqin ukrainalik asirlarni Rossiya Federatsiyasiga olib ketishdi. Bu haqda Aleksey Navalniy jamoasining «Sirena» nashri o‘z ma’lumotlariga, shuningdek, «Rus sidyashchaya» va Gulagu.net loyihalari ma’lumotlariga asoslanib yozadi.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainadan kelgan mahbuslar Krasnodar o‘lkasi, Volgograd va Vladimir viloyatlari hududidagi 10 ta koloniyaga joylashtirilgan. Huquq himoyachilari bir oydan keyin ukrainaliklar boshqa koloniyalarga tarqatila boshlashlari haqida bir nechta xabarlar oldi - bu ularni birga saqlamaslik uchun yoki jinoiy moddalarning og‘irligiga qarab hal qilinadi.
Ukrainalik mahbuslar bilan muloqot qilish ularning yaqinlari uchun ko‘p sabablarga ko‘ra qiyin - Rossiyaning chet eldagi davlat veb-saytlarini hatto VPN orqali ham ochib bo‘lmaydi, ukrainaliklar Federal jazoni ijro etish xizmatiga xat yubora olmaydi yoki "Zonatelekom" tizimiga qo‘ng‘iroq qila olmaydi - chunki bu xizmatlar Ukraina kartalaridan to‘lovni qabul qilmaydi. «Rus sidyashchaya» xodimlari murojaatlar bo‘yicha turli hududlarga yo‘l olgan. Noyabr oyi o‘rtalarida mahbuslarning qarindoshlari rossiyalik va ukrainalik huquq himoyachilari bilan chat tashkil qilishdi, hozirda unda 30 ga yaqin odam bor.
Huquq himoyachisi Olga Romanovaning so‘zlariga ko‘ra, Volgograd viloyatidagi IK-19'ga tushgan ukrainalik mahbuslar qattiq kaltaklangan va bo‘sh baraklarga qamab qo‘yilgan. Gulagu.net loyihasi Krasnodardagi IK-14'da 253 nafar yangi kelganlar ham qattiq kaltaklangani va bunga koloniya rahbari ham aralashganini aniqladi. Gulagu.net sayti rahbari Vladimir Osechkinning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatlarda elektroshokerlardan foydalaniladi.
Shuningdek, manbalar huquq faollariga koloniyalardagi ukrainaliklar rossiyaliklardan ajratib qo‘yilgani, yangi kelganlar bilan Federal jazoni ijro etish xizmatining maxsus bo‘limi ishlayotgani haqida ma’lum qilgan. Osechkinning fikricha, bu ukrainalik mahbuslar ularga qanday munosabatda bo‘linganligi haqida ma’lumot bermasligi uchun qilingan.
«Ularning ko‘pchiligi inson huquqlari qo‘pol poymol etilishining tirik guvohlari, bir qator zo‘ravon jinoyatlar, qotilliklarning dalilidir. Ularning barchasi guvoh yoki jabrlanuvchi», deb ta’kidlaydi Gulagu.net rahbari.
Gulagu.net sodir bo‘layotgan voqeani ommaviy o‘g‘irlash deb atadi. «Ukraina tomonidan qamoq jazosiga hukm qilingan bu odamlarning barchasini Ukraina hududidan Rossiyaga olib kelish uchun qanday asoslar bo‘lgan? Qanday qilib boshqa davlatdan jazoga hukm qilingan odamlarni olib o‘tish va Federal jazoni ijro etish xizmati muassasasida saqlash mumkin? Ular koloniyalarda bo‘lmagan. Rossiya hududida ular jinoyat sodir etmagan, bu haqiqiy qonunsizlik», - deya Osechkinning so‘zlarini keltirgan "Sirena".
Huquq himoyachilariga Rostov viloyatidagi koloniyalar «maxsus harbiy operatsiya ehtiyojlari uchun ozod qilinayotgani» haqida ham xabarlar keldi: qamoqdagi rossiyaliklarni qarindoshlariga bildirmasdan olib ketishyapti. Koloniyalar rahbariyati chegara yaqinida bo‘lish «xavfsiz» ekanini da’vo qilmoqda, lekin yuristlar bu koloniyalarda Ukrainadan kelgan mahbuslar saqlanyapti deb o‘ylayapti.
«Agar ular u yerga jazo muddatini o‘tash uchun yuborilgan bo‘lsa, unda ulardan «inson qalqoni» sifatida foydalanish rejasi bormi?» - deyiladi «Rus sidyashchaya» bayonotida.
Mavzuga oid
21:03 / 19.11.2024
Rossiyada dollar yil boshidan beri birinchi marta 100 rubldan oshdi
18:44 / 19.11.2024
Ukraina ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga birinchi zarbani berdi
16:48 / 19.11.2024
Rossiyada yadroviy portlashdan himoyalovchi mobil boshpanalarni seriyali ishlab chiqarish boshlandi
13:31 / 19.11.2024