O‘zbekiston | 18:50 / 01.12.2022
53710
10 daqiqa o‘qiladi

Uch tomonlama ittifoq, tashqi kuchlar qo‘lidagi o‘zbek gazi va Volodinning hurmatsizligi - siyosatshunoslar bilan suhbat 

So‘nggi bir necha kun O‘zbekiston va Rossiya munosabatlariga oid voqeliklarga boy bo‘ldi. Dastlab, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tilidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Qozog‘iston-O‘zbekiston-Rossiya o‘rtasida uch tomonlama ittifoq tuzmoqchiligi haqida eshitgan bo‘lsak, 29 noyabr kuni Rossiya davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin Toshkentga keldi va O‘zbekistonni Amerika bilan hamkorlikning go‘yoki “xunuk” oqibatlaridan ogohlantirib ketdi.

Kun.uz muxbiri so‘nggi kunlarning shu va boshqa voqealari atrofida siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov, Kamoliddin Robbimov va iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov bilan intervyu o‘tkazdi.

— Intervyumiz avvalida shu yil 21 noyabr kuni Qozog‘istonda o‘tgan prezidentlik saylovlari va uning natijalari haqida bir necha savol bermoqchiman. Saylov o‘tdi va unda To‘qayev juda kuchsiz va ko‘pchilik tanimagan nomzodlar orasida 81 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘ldi. Kuzatib bordik, ushbu saylov jarayoni va natijalariga nisbatan ham qozoq jamiyati va uni kuzatishga kelgan xalqaro kuzatuvchilar tomonidan turli tanqidlar bildirildi.

Yodingizda bo‘lsa, qator ekspertlar Qozog‘istondagi saylovlar oldidan Qozog‘istonda yangi davr, islohotlarning yangi bosqichi boshlanayotgani haqida gapirgandi. Xo‘sh, muxolifatsiz, arzirli nomzodlarsiz o‘tgan saylovdan keyin ham Qozog‘istonni islohotlar yo‘liga kirdi deya olamizmi?

Farhod Tolipov, tahlilchi

— Qaysidir ma’noda Qozog‘istonni demokratik yo‘ldan ketyapti deb ayta olamiz. Umuman olganda, sovet ittifoqidan ajralib chiqqan davlatlardan katta natijalarni kutib ham bo‘lmaydi. Ular jadal islohotlar bilan demokratiyani bunyod etadi deyishga biroz erta. Hattoki, demokratik davlat hisoblangan AQSh saylovlarini olsangiz ham, o‘tgan saylov demokratik tamoyillarga zid o‘tgani borasida qator dalillar ko‘rsatishdi. Shu ma’noda olib qaraganda Qozog‘istonda olib borilayotgan siyosatda jiddiy o‘zgarishlar bor, albatta. Masalan, prezidentlikka yetti yilda bir marotaba saylov o‘tkazilishining o‘zi ham katta bir siyosiy islohot. Bu saylovlar muxolifatlarsiz o‘tgan bo‘lsa ham, kamchiliklar mavjud bo‘lsa ham, inkor qilib bo‘lmaydigan o‘zgarishlar amalga oshirilyapti. Albatta, Qozog‘iston uchun bu oson bo‘lmayapti. Kengroq qaraydigan bo‘lsak, geosiyosiy, tarixiy omillar ham yo‘q emas. Tashqi bosim ham mavjud.

Umuman olganda, To‘qayevni yangi islohotchi deb olmaylik, baribir uning siyosiy tizimida ham, shaxsiyatida ham eski tuzum asoratlari yo‘q emas. Uning ayrim xatti-harakatlari va tashabbuslari shaxsan menga g‘alati tuyuladi. Shunda uning o‘zi ham tashqi ta’sir va bosimlardan mustaqil emasdir, degan fikrni ham shakllantirishi mumkin. Chunki uning o‘zi ham eski tuzum siyosiy elitasidan chiqqan amaldordir.

Kamoliddin Robbimov, tahlilchi

— Qozog‘istonning oldida yirik vazifa turibdi. Birinchidan, To‘qayev Nazarboyevning o‘rinbosari sifatida uning qozoq jamiyatida legitimligi juda ham yuqori emas. Ayniqsa, yil boshidagi yanvar voqealaridan keyin unga nisbatan muxoliflar orasida norozi kayfiyat kuchayib ketdi. Shuning uchun ham unda hali qozoq jamiyatida to‘la shakllanmagan plyuralizmni olib kirish orqali hokimiyatni ushlab qola olmaslik xavfi ham bor. Agar to‘laqonli siyosiy saylovlar o‘tkazilsa, vaziyatni ushlab tura olmasligim mumkin, degan xavotir bor unda. Ammo shunga qaramasdan, birinchi va oxirgi yetti yillikka saylanishi ortidan yirik islohotlarni amalga oshirishiga ishonaman. Chunki o‘zining siyosiy faoliyatini ijobiy nom bilan tarixga olib kiradi deb o‘ylayman. Umuman olganda, nafaqat Qozog‘istonda, balki Markaziy Osiyo davlatlarida ham tom ma’noda siyosiy plyuralizm va demokratik davlatlar an’anasi hali mavjud emas.

Umuman olganda Qozog‘iston avtoritarizmning ichkarisiga emas, balki tashqarisiga qarab ketmoqda. Shunga ko‘ra, demokratiya tomonga ba’zan sekinroq, ba’zan tezroq qadam tashlayapti. Qozog‘iston vakillarining rasmiy bayonotlaridagi raqamlardan ham buni ko‘rish mumkin. Masalan, Nazarboyev davrida 5-6 ta namoyishlar kuzatilgan bo‘lsa, To‘qayev davriga kelib, ro‘yxatdan o‘tib tashkillashtirilgan namoyishlar soni 500 dan ziyodni tashkil qiladi. Uning hozirgi xatti-harakatlaridan hokimiyatni avtoritar yo‘l bilan mustahkamlab, demokratik jamiyat qurishga tomon harakatlanyapti deb o‘ylayman.

Abdulla Abduqodirov, iqtisodiy tahlilchi

– To‘qayevning shaxsiyatiga e’tibor beradigan bo‘lsak, u Nazarboyev jamiyatidan chiqqan va u yaratgan siyosiy elitaga tayanadigan shaxs. Undan qandaydir demokratik energiya va katta-katta islohotlarni kutishning o‘zi noto‘g‘ri. Ikkinchidan, bu kabi katta loyihalarni amalga oshiradigan jamoasi ham yo‘q. Siyosatning sub’yekti shakllanmay turib, kuchli o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Xalqning o‘zi shu islohotlarni amalga oshirishni talab qilsagina biror o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Qaysi rejim amalda bo‘lishidan qat’i nazar xalqning irodasi hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

— Alohida tahlil qilinishi kerak bo‘lgan yana bir masala – To‘qayev prezidentlikka qasamyod qilgan kundagi nutqida bundan keyin ham Qozog‘iston tashqi siyosatida avval Rossiya, keyin Xitoy va undan keyin Markaziy Osiyo ustuvor bo‘lishini ma’lum qildi.

Sizningcha, LXR va DNRni tan olmaslik haqidagi bayonot, bir necha dadil chiqishlar saylov va unda g‘oliblik uchungina gapirilganmidi? Ya’ni To‘qayevning Rossiya bo‘yicha pozitsiyasi qanday o‘zi? Nazarimda, unda ham baribir Markaziy Osiyoda Qozog‘iston yetakchi bo‘lishi kerak, degan tafakkur bor. Markaziy Osiyo hamkorligini rivojlantirishda unga qanchalik ishonish, suyanish mumkin o‘zi? 

Farhod Tolipov:

— Albatta, bu yerda tarixiy taqozo ham bor. To‘qayevning o‘zi ham, Tashqi siyosiy konsepsiyada belgilangan fikrlarga ko‘ra ham, Markaziy Osiyo manfaati birinchi o‘ringa qo‘yilgan. Shaxsga oid sub’yektiv burilishlar o‘zgargan bo‘lsa ham, obektiv o‘zgarishlar ham yo‘q emas. Buni hech bir lider inkor eta olmagan. Hattoki, Nazarboyevning o‘zi 2007 yilda Markaziy Osiyo ittifoqini tuzishni taklif qilgan. Lekin Qozog‘istonga xos bo‘lgan ziddiyatli yo‘nalishlar ham bor. Ular bu kabi siyosatni ko‘p vektorli siyosat degan atama bilan ataydilar. Aslida bu ko‘p vektorli bo‘lmay, ko‘proq bir tomonga og‘ishga o‘xshash siyosat bo‘lib chiqqan edi. Umuman olganda, Rossiya bilan eng uzun chegarada joylashganligi ham bu davlatga qandaydir ta’sir ko‘rsatishini to‘g‘ri tushunish kerak. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham Markaziy Osiyoni hech bir prezident ham, elita ham inkor eta olmaydi.

Yetakchilikka intilish degan gapni men soxta tushuncha deb bilaman. Vaqtning o‘zi bu borada hech qanday    kurash bo‘lmaganligini ham ko‘rsatdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston uchun To‘qayev qanday ahamiyat kasb etishi borasida aytadigan bo‘lsak, kecha imzolangan bitimni eslashning o‘zi kifoya. Kuni kecha O‘zbekiston va Qozog‘iston ittifoqdoshlik to‘g‘risida bitim imzolashdi. O‘tgan yili bu deklaratsiya edi. Deklaratsiya esa bitimga aylantirildi. Endi bu ikki davlat ittifoqdoshlik maqomiga ega va ijobiy signal deb bilaman.

Kamoliddin Robbimov:

— To‘qayev boshqarayotgan Qozog‘istonning Xitoy, Rossiya va O‘zbekiston bilan har xil vazifalari bor. Bir tomondan olib qaraganda Rossiya Qozog‘iston uchun juda katta tahdid. Rossiya telekanallarida Ukrainadan keyin navbat Qozog‘istonga degan fikrlar ham yangrab o‘tdi. Qozog‘iston hukumati esa bu borada Rossiya yuqori organlaridan izoh ham talab qildi.

Bir tomondan qaraganda, bu ikki davlatning iqtisodiy aloqalari nihoyatda yuqori. Bundan tashqari, ikki davlat ham juda yirik ikki tashkilotning a’zosi hisoblanadi. Qozog‘iston tahdid sifatida Rossiyaning keyingi davrdagi agressiv siyosatini ko‘radi. Xitoy esa iqtisodiy jihatdan juda rivojlangan va shuning uchun ham Qozog‘iston uchun muhim bir davlat.

Avval Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida qandaydir raqobat bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo hozir ikki davlat rahbari ham tashqi bosimlarni his qilgani holda bu vaziyat ancha yumshagan. To‘qayevning bayonoti esa Rossiya va Qozog‘istonni tinchlantirish uchun aytilgan bo‘lishi ham mumkin. Shu bilan birga To‘qayevning birinchi davlat tashrifi ham aynan Rossiyaga uyushtirildi. Chunki agar ziddiyatli vaziyatlarning ortishi ortidan Ukrainadagi vaziyat silliqqina Qozog‘istonga ko‘chishini qozoq elitasi istamaydi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid