Jahon | 07:13 / 01.12.2022
8298
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy - Maskka: Keling va hamma narsani o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring

Volodimir Zelenskiy Nyu-Yorkdagi DealBook konferensiyasida video-aloqa orqali so‘zga chiqib, Ilon Maskni Ukrainaga tashrif buyurishga taklif qildi. 

Foto: president.gov.ua

"Agar siz, - dedi u Maskka murojaat qilib, - Rossiya bu yerda nima qilganini tushunmoqchi bo‘lsangiz, Ukrainaga keling va buni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring. Shundan so‘ng, siz bizga bu urushni qanday tugatish kerakligini, uni kim boshlaganini va buni qachon biz bajarishimiz mumkinligini aytib berasiz".

Shunday qilib, Zelenskiy SpaceX va Twitter kompaniyalari rahbari Ilon Maskning Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralari istiqboli haqidagi rezonansli bayonotlariga izoh berdi.

Bundan oldin Ilon Mask Rossiya Ukrainadagi Starlink sun’iy yo‘ldosh internetini «o‘ldirishga» faol harakat qilayotganini aytgandi. Uning ta’kidlashicha, Starlink hozirda ukrainalik harbiylar frontda foydalanayotgan yagona aloqa tizimidir. 

«Rossiya Starlink tizimini o‘ldirishga faol harakat qilmoqda. Tizimni himoya qilish uchun SpaceX katta mablag‘ ajratdi. Shunday bo‘lsa-da, Starlink baribir ishdan chiqishi mumkin», dedi Mask. Milliarder Starlink tizimini boshqaradigan SpaceX kompaniyasiga rahbarlik qiladi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh interneti hozirda frontda ishlayotgan yagona aloqa tizimidir. 

«Optik tolali kabellar, telefon liniyalari, uyali aloqa minoralari va jangovar hududlardagi boshqa kosmik aktivlar vayron qilingan. Endi Starlink Ukraina armiyasi uchun frontda yagona aloqa vositasidir», deb qo‘shimcha qildi Mask. 

Oktyabr oyi boshida milliarder Ukrainada Starlink tizimi ishini ta’minlash uchun SpaceX 80 million dollar sarflaganini, 2022 yil oxiriga kelib xarajatlar 100 million dollardan oshib ketishini aytdi. Shuningdek, Pentagonga Starlink xarajatlarini o‘z zimmasiga olishni taklif qilgan edi. 2023 yilda bu xarajatlar 400 million dollarga baholangan. 

Keyinchalik Mask Ukrainani yana bir necha ming internet terminallari bilan ta’minlay olmasligini, ular uy xo‘jaliklariga qaraganda 100 baravar ko‘p ma’lumotlardan foydalanishini aytdi. «Bu aqlga sig‘maydi», dedi Mask. 

Pentagon Ukrainadagi Starlink interneti xarajatlarini qoplash haqidagi taklifni olganini tasdiqladi. Biroq, qanday chora-tadbirlarni ko‘rmoqchi ekani haqida xabar bermadi. 

Mavzuga oid